Oʻzbekiston-Tojikiston: Chorak asr deganda ilk parvoz

Uchoq

Havo yoʻli orqali ikki davlat poytaxtini qayta bir-biriga bogʻlagan ilk parvozni Tojikistonning "Somon Eyr" havo shirkati amalga oshirgan.

Tojikiston uchogʻi bugun tushga yaqin Toshkentga borib qoʻngan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, bu - texnik reys boʻlgan.

Bu ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi muntazam parvozlar esa, 20 fevraldan boshlanadi.

Ammo hozircha haftasida bir marta - har dushanba kunlari amalga oshiriladi.

Shu yil mart oyi oxiridan boshlab esa, "Somon Eyr" Dushanbedan Toshkentga amalga oshirayotgan reyslar soni yana bittaga koʻpayadi.

Oʻzbekiston poytaxtiga borish istagida boʻlgan yoʻlovchilar payshanba kunlari ham bu havo shirkati xizmatidan foydalanishlari mumkin boʻladi.

Ayon boʻlishicha, keyinchalik Tojikistondan Oʻzbekistonning boshqa shaharlariga ham parvozlar uyushtirish rejasi yoʻq emas.

"Tarixiy parvoz"

"Tarixiy parvoz"ni amalga oshirgan uchoqning dastlabki yoʻlovchilari asosan havo shirkati masʼullarining oʻzlari boʻlishgan.

Ular bilan birga Toshkenga bir guruh jurnalistlar va 14 nafar oddiy tojikistonliklar ham uchishgan.

Jaʼmi yoʻlovchilarning soni 50 dan ortiq boʻlgan.

Xabarlarga koʻra, ular poytaxt Toshkentda toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzaro parvozlarni toʻliq qayta yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq qolgan rasmiyatchiliklarni hal etib olishadi.

Uchoq ortga - Tojikiston poytaxtiga mahalliy vaqt bilan kechki soat 18:00 dan qaytadi.

Dushanbedan Toshkentga parvozlar mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 10:00 da amalga oshiriladi.

Parvoz vaqti esa, 45 daqiqani tashkil etadi.

Avvalroq bir tomonlama chipta narxining 1164 somoniy ($140 dollar) boʻlishi aytilgan.

Toʻgʻridan-toʻgʻri havo parvozlarining qayta yoʻlga qoʻyilishi va haftasiga ikki marta amalga oshirilishi har ikki davlat fuqarolari uchun safar mashaqqatlarini ancha yengillashtirishi kutilmoqda.

Ammo uchoq chiptasi qiymati allaqachon oddiy tojikistonliklar orasida yaxshigina noroziliklarga ham sabab boʻlib ulgurgan.

Ular turli internet nashrlari va ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida qoldirgan fikrlarida bu kabi qiymatdan oʻz tushunmovchiliklarini izhor etishgan.

Qanday qilib bu ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi bor-yoʻgʻi 45 daqiqalik parvoz uchun chipta qiymati "bu qadar qimmat" boʻlishi mumkinligini aqllariga sigʻdira olmayotganliklarini aytishgan.

Oʻzaro aloqalar

Taʼkidlash joiz, qariyb chorak asrlik vaqt davomida bu ikki qoʻshni davlat oʻrtasida havo va avtobus qatnovi boʻlmagan.

Tojikistondagi soʻnggi fuqarolar urushi va ikki davlat oʻrtasida vujudga kelgan siyosiy tangliklar bois, toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar 1993 yilda toʻxtatib qoʻyilgan.

Tomonlar havo parvozlarini oʻtgan yil noyabr oyida, Oʻzbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning oʻlimidan ikki oycha oʻtib, kelishib olishgan.

Hali muvaqqat prezident ekan, Oʻzbekistonning amaldagi yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash istagida ekanliklarini aytgan.

Oʻz tashqi siyosatlarida eng birlamchi eʼtiborlarini mintaqa mamlakatlariga qaratishlarini bayon qilgan.

Rasmiy Toshkent tomonidan oʻtgan bir necha oyning oʻzida bu yoʻlda qator ijobiy qadamlar qoʻyilgan, ammo Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida amalda boʻlgan viza tizimi halicha bekor qilinmagan.

Oʻtgan oy oʻrtalarida "Oʻzbekiston havo yoʻllari" aviashirkati Bosh direktori Valeriy Tyan oʻzlari ham tez orada Tojikistonga parvozlarni yoʻlga qoʻyish istagida ekanliklarini maʼlum qilgan.

"Somon Eyr" joriy paytda poytaxt Dushanbedan dunyoning qator davlatlari: Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Xitoy, Rossiya va Qozogʻistonga oʻz parvozlarini muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirib keladi.

Tojikistonning bu havo shirkati oʻz ixtiyorida "Boing 737-300, -800 va -900" kabi yoʻlovchi tashuvchi qator zamonaviy uchoqlarga ega.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring