Saudiya Arabistoni oʻzgarishlar boʻsagʻasidami?

Saudiya kelajagiga doir loyihada ayollarga oʻrin bormi? Image copyright Getty Images
Image caption Saudiya kelajagiga doir loyihada ayollarga oʻrin bormi?

Saudiya Arabistonida oʻzgarishlar haqida savol berilganda odatda, u oʻz vaqtida va oʻziga xos ravishda boʻladi kabi javoblar berilardi.

Boshqa tomondan bu jarayon koʻp vaqtga choʻzilishi yoki hech qachon boʻlmasligi mumkin, degan fikrlar ham yangrardi.

Biroq ayni damda Qirollikda oʻzgarishlar muddati oylar bilan oʻlchanmoqda.

Saudiyadagi muvafaqqiyatli tadbirkor ayollaridan biri poytaxt Ar Riyodda men bilan tushlik qilarkan, oʻzgarishlar yaqin oylarda boshlanishini aytadi.

"Erkak hamkasbim bilan ayollarning mashina boshqarishga qoʻyilgan taqiqi shu yilning birinchi olti oyligida tugatilishi haqida garov oʻynadim. U bu narsa yilning yarmidan soʻng amalga oshishini aytmoqda. Biroq endi men bu narsa shu yil boshida roʻy berishini va 40 yoshdan yuqori ayollarga qoʻllanishini mumkin deb oʻylayapman".

Bu kabi taxminlarni Ar-Riyoddagi Qirollik doirasida ham eshitish mumkin. Ayrimlar hatto yosh ayollarning mashina haydashiga qoʻyilgan taqiq ham koʻpga choʻzilmasligini aytmoqda.

Katta taʼsirga ega boʻlgan, oʻta-anaʼanador nufuzli dindorlar va koʻplab saudiyaliklar eskicha yashash tarzini saqlab qolishni istaydi. Shu sababdan ham har bir sohada oʻzgarishlar oldingidek juda sekinlik va ehtiyotkorlik bilan amalga oshmoqda.

Dunyoning eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi boʻlmish Saudiya davlati rahbarlari va jamiyatini sharoitdagi keskin oʻzgarishlar ushbu jarayonni tezlatishga majburlamoqda.

Bir necha yil odin neft narxining jahon bozorida tushib ketishi Saudiya daromadlarini ikki barobar kamayishiga olib keldi. Endilikda davlat juda koʻplab sohalarda murakkab tanlovlar va oʻzgarishlar qilish qarshisida qoldi.

Fors koʻrfazi tadqiqot markazidan Jon Sfakianakis mamlakatning 90 foiz daromadi neft va gazga qaram boʻlib qolganini aytadi.

"Davlat iqtisodi oʻnlab yillar davomida bitta motorga qarab qolgandi, endi esa motorlarni koʻpaytirishi kerak".

Nigoh-2030 deya nomlangan yangi yirik reja oʻtgan yil dabdaba bilan eʼlon qilindi.

Ushbu loyiha valiahd shahzoda 31 yoshli Muhammad Bin Salmonning muhri bilan tasdiqlandi. U loyihani ishlab chiqishga katta haq oluvchi xorijlik maslahatchilarni yolladi.

Image copyright Getty Images
Image caption Saudiya neftga qaramlikdan qutilishga harakat qilmoqda

Valiahd shahzoda va uning atrofidagilar bir kun kelib, hatto koʻpchilik elektr mashinaga oʻtib ketishidan oldinroq, neft quduqlari qurib qolishini bilishadi.

"Nigoh - 2030 va maqsadlarimizga erishish oʻta muhim", - deydi mamlakatdagi qudratli mulozimlardan Neft vaziri Holid al-Falih.

Dunyodagi eng yirik va Saudiya davlatiga qarashli Aramco shirkati sobiq bosh direktori al-Falih ham yangi lavozimdagi vazirlik nomini oʻzgartirishiga toʻgʻri keldi. Endi u Energetika, sanoat va tabiiy zahiralar vaziri.

U barcha talablarga javob beruvchi yirik loyihani har bir vazirga uqtirishga harakat qiladi.

"Balki biz qoʻyilgan rejalarga 2030 yilda erisharmiz, ayrimlari 2025 yilda, baʼzilari esa 2030 va hatto 2035 yilda amalga oshar, koʻramiz", - deydi u.

Saudiyalik muharrir va yozuvchi Holid Maina favqulotda boshlangan yangi masʼuliyatlarga eʼtibor qaratadi.

"Byurokrat vazirlardan tortib barcha xato qilib qoʻymaslik uchun ehiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Tepadagilar boshqalarga oʻrnak boʻlishi kerak". - deydi u.

Davlat xizmatchilarining maosh va imtiyozlari qisqartirildi. Xususiy sektor rivojlanishning muhim vositasi boʻlishi kutilmoqda. U hozircha tezlashgani yoʻq.

Shirkatlarning birlashayotganini kuzatayotgan saudiyalik tadbirkor oʻzgarishlarni kutib turganini aytadi.

"Biz hozircha ishchi yollamayapmiz. Tovarlarimiz haqqini olishga amin boʻlgunga qadar ularni hukumatga sotmayapmiz", - deydi u.

Nomini oshkor qilishni istamagan saudiyalik mutaxassis hukumat tomonidan eʼlon qilingan loyihaga shubha bilan qaraydi.

"Nigoh - 2030 oʻsha yilga borib oʻz maqsadiga erishadigan koʻrinmaydi. Lekin kamida kelajak uchun reja bor va bu safar unga yetishi uchun amallar ham qilinyapti".

Boshqa bir tahlilchining taxminlari bundan ham salbiy. Uning aytishicha, mamlakatdagi buyruqbozlik tizimi va hayotini oʻzgartirishni istamaydigan yuqoridagilar oʻzgarishlar boʻlishiga toʻsiq boʻladi.

Ushbu rejani amalga oshirayotgan, 81 yoshli qirol Salmonning suyukli oʻgʻli valiahd shahzoda oʻzgarishlar boʻlishiga boshqa bosimlar ham borligini biladi.

Mamlakatdagi uchdan ikki foiz aholisi 31 yoshli Muhammad Bin Salmon bilan teng yoki undan kichik.

Ularning ichidagi yuz minglab yigit-qizlar sobiq qirol Abdulloh taʼsis etgan grant dasturi asosida Gʻarbning nufuzli oliygohlarida taʼlim olib olgan.

Hozir ular mamlakatga qaytishgan va ish izlashmoqda. Shu bilan birga hattoki kinoteatrlar ham taqiqlangan madaniy muhitda dam olish kunlari vaqtini qanday oʻtkazishish yoʻllarini ham axtarmoqda.

Image copyright Getty Images
Image caption Restoranda ayollar faqat mahramlari bilan oʻtirishadi

Qonun boʻyicha, ayollar jamoat joylarda ovqatlanish mahali faqat oʻz mahramlari bilan birga oʻtirishi mumkin.

Biroq bir yil oldingi safarim bilan solishtirganda bu borada kichik, lekin sezilarli oʻzgarishlar bor.

Poytaxt koʻchalaridan yomonlikni oldini oluvchi va yaxshilikni targʻib qiluvchi Mutava deb nomlangan diniy mirshablar olindi. Ularning ustidan oʻz vakolatini oshirib yuborish boʻyicha koʻplab shikoyatlar tushgach, valiahd shahzoda shunday qarorga kelgan.

Ar-Riyodning boy qatlami oʻrindiqlari qulay va musiqasi baland ovozda chiqadigan restoranlar haqida toʻlqinlanib gapirmoqda.

"Bu yerda ayol haydovchilar va kinoteatrlarni koʻrishni istaymiz", - deydi Valid al-Saidan.

"Dune bashing" tashkiloti saudiyaliklarga toʻrt gʻildiragi ham tortadigan mashinalarda sahrodagi qumlarda mashina haydashni taklif qiladi. Ushbu koʻngil ochar dastur Saudiyada qonunan ruhsat berilgan oz sonli sport turlaridan biridir.

Bu sarguzashtda ham boshqa sohalarda boʻlgani kabi faqat erkaklar ishtirok etadi.

Biroq mamlakatda yangi Bosh koʻngilochar davlat tashkiloti ish boshladi. Ushbu tashkilot mutasaddilari mamlakatga ayrim koʻngilochar narsalarni olib keldi. Albatta, bunda ham ayrim taqiqlar bor, spirtli ichimliklar va raqsga tushish mumkin emas.

"Maqsadim odamlarni hursand qilish", - deydi tashkilot rahbari Ahmad al-Hatib.

80 tadbirdan iborat taqvim ichidagi nurlar shousi va jonli ijroli kontsertlar kabi sanʼat festivallari salbiy munosabatga uchrab butun loyihani xavf ostiga qoʻymaslik uchun ehtiyotkorlik bilan tayorlangan va amalga oshiriladi

"Biz fikri ochiqroq boʻlgan va shu bilan birga koʻprok anʼanador boʻlgan qatlam uchun ham mos narsalar taqdim qilamiz", - deya soʻzlarini ehtiyotkorlik bilan tanlaydi al-Hatib.

Ijtimoiy erkinliklarning berilishi koʻproq koʻngilochar tadbirlar boʻlishini anglatmaydi.

Saudiyadagi sayyohlik operatorining aytishicha, mamlakat fuqarolari tomonidan xorijdagi dam olishlar uchun 70 milliard riyol sarflanadi. U saudiyaliklar Dubay, Londonda uchgandan koʻra, oʻz vaqti va pulini mamlakat ichida sarflashini istaydi.

Siyosiy islohotlar, inson huquqlari yoki ayollar hayotidagi taqiqlar toʻrini kamaytirish kabi masalalar kun tartibida turgani yoʻq.

Shu bilan birga mamlakatda baxtli hayot ham nihoyasiga yetib bormoqda.

Saudiya Arabistonida odamlar har doim arzon yoqilgʻi, soliq toʻlamasdan va tekin suv va elektr ishlatib yashab kelgan.

Endi esa davlat yordamlari kesilyapti, yangi savdo soligʻi joriy qilinmoqda.

Eʼlon qilinayotgan "Fuqaro hisobi" dasturi kambagʻal odamlarga yordam berishi mumkin, biroq saudiyaliklar hozirdanoq belni mahkam bogʻlashlariga toʻgʻri kelayapti.

Neft va gaz sohasida ishlagan muhandis Nadia al-Hazza hozir Nigoh - 2030 loyihasida ayollarning ishtiroki borasida yordam bermoqda.

"Saudiyaliklar koʻp vaqt davomida, juda katta yordam olib keldi", - deydi u.

U oʻz taqdimotlarini AQSh sobiq prezidenti Jon Kennadining mashhur soʻzlari bilan boshlaydi: "Davlat menga nima qilib berdi deb emas, men davlatga nima qildim, deb soʻrang".

Oddiy saudiyaliklardan yanada koʻproq narsa va tezroq qilish haqida soʻrashmoqda.

"Biz gʻildiraklar ustidagi toshbaqaga oʻxshaymiz. 21 asr majburiyatlari va mahalliy talablarga javob berish uchun tezyurar yoʻldan ketmoqdamiz", - deydi siyosiyotshunos Hasan Yassin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring