Yangi banknot chiqishi bilan dollar qimmatladi

Oʻzbekistonda muomalaga chiqarilgan 10000 soʻmlik banknot

Oʻzbekistonda 10 ming soʻmlik yangi banknot muomalaga chiqishi oʻzbek soʻmining qora bozordagi dollarga nisbatan kursiga salbiy tasir qilgan. Dollar bir kunda 500 soʻmga qimmatlagan.

Oʻzbekiston qora bozorlaridagi dollar kursini kuzatib boruvchi dollaruz.com saytidan maʼlum boʻlishicha, 10 mart kuni bir dollar 7450 soʻmgacha sotilgan.

Bir kun oldin dollarning bahosi 7380 boʻlganini koʻrish mumkin. Shu bilan oʻzbek soʻmi bir kunning ichida 170 soʻmga qadrsizlangan.

Kuzatuvchilar oʻzbek soʻmining bir kunda qariyb 200 soʻmga qadrsizlanishini Markaziy Bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 10 ming soʻmlik banknotga bogʻlashmoqda.

Oʻn kun oldin bir dollar oʻrtacha 6950 soʻmdan sotilgan. Oʻn ichida soʻm 14 foizga qadrsizlangan

Dollar kursining oshishi Oʻzbekistondagi isteʼmol bozoriga taʼsir qiladi. Tovarlar va xizmatlar chetdan olib kelishda dollarga bogʻliq boʻlgani sabab, bu sohadagi narxlar zudlik bilan oʻsadi.

Bu orada dollarning ramiy kursi ham oshishda davom etmoqda.

Mutaxassislar hukumat rasmiy kursni bosqichma-bosqich oshirish bilan norasmiy bozordagi kursni yoʻq qilishni va alaloqibat erkin konvertatsiyaga yoʻl ochishni maqsad qilganini aytishadi.

Biroq oʻzbek soʻmining qadrsizlanishi oddiy odamlar hayotida sezila boshlagan.

Rasmiy kursning qimmatlashishidan birinchi boʻlib Oʻzbekistondagi uyali aloqa foydalanuvchilari jabr koʻra boshlagan.

Oʻzbekistonda mobil toʻlovlari Markaziy Bank kursi boʻyicha dollarda hisoblanadi va toʻlanadi.

Rasmiy kursning ortishi mobil aloqasi xizmatining qimmatlashishiga olib kelgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mobil xizmat uchun pulni dollarda emas, balki oʻzbek soʻmida hisoblash kerakligini aytishmoqda.

Oʻzbek soʻmining sezilarli darajada qadrsizlana boshlaganiga pensiya va bir qism stipendiyalarning fevral oyidan boshlab naqd pulda toʻlana boshlangani ham sabab qilib koʻrsatiladi.

Muomalaga koʻp miqdorda naqd pulning chiqishi sekinlashib turgan inflyatsiya jarayonini tezlashtirgan boʻlishi mumkin.

"Konvertatsiyani tezroq oching"

Oldinroq Germaniya elchisi Oʻzbekistonni tezroq konvertatsiyani ochishga chaqirgandi.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda xorijiy sarmoyadorlar yuz tutayotgan asosiy muammo konvertatsiya muammosidir.

"Men vaziyatni bir kunda oʻzgartirib boʻlmasligini juda yaxshi tushunaman. Jarayon murakkab boʻladi, ehtimol hatto ogʻriqli boʻlar. Ammo iqtisodiy qonunlar xuddi tabiat qonunlari kabi, ularga uzoq vaqt amal qilmaslik mumkin emas. Bu xuddi Yerning tortishish kuchi singari-olma baribir tushadi", - deb aytgan Germaniya elchisi.

Naytxart Xyofer-Vissingning aytishicha, konvertatsiya muammosining hal etilishi "hamma uchun muhim".

Ayni paytda Oʻzbekiston Ishlab chiqaruvchilar va Tadbirkorlar Palatasi rahbari Alisher Shayxov mamlakatda valyuta islohotiga tayyorgarliklar ketayotganini aytgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring