Minglab Markaziy osiyolik endi Turkiyaga kirolmaydi

Сурат манбаси, video
Turkiya "terrorchi tashkilotlarga aloqasi borligi " gumoni bilan dunyoning 146 davlatidan 54 mingga yaqin kishini o'zining "qora ro'yxati"ga kiritgan. Ularning Turkiyaga kirishlarini rasman taqiqlagan.
Tojikiston va Qozog'iston esa, Turkiya tomonining ro'yxatida yuqori o'nlikka kirgan ikkita Markaziy Osiyo davlati bo'lishgan.
Rossiya esa, bu "qora ro'yxat"da qolgan barcha sobiq Sho'ro davlatlarini ortda qoldirib, yuqori uchlikdan joy olgan.
Agar, rasmiy xabarlarga tayanilsa, 4128 nafar Rossiya fuqarosining Turkiyaga kirishi ma'n etilgan.
Ular Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhi faoliyatiga aloqadorlikda gumon etilishgan.
2011 yildan buyon xuddi shunday gumonda mingga yaqin rossiyalik Turkiyadan ortga deportatsiya qilingan.
Yangi "qora ro'yxat" asosida 3 mingga yaqin tojikistonlik, 2 ming atrofida qozog'istonlikning ham Turkiyaga kirishlariga izn berilmasligi ma'lum bo'lgan.
Ro'yxatda 7 yarim mingdan ortiq fuqarosining Turkiyaga kirishi ma'n etilishi bilan Saudiya Arabistoni yetakchilik qilgan.
Ovro'po davlatlari orasidan esa, bu borada Fransiya "ilg'orlik" qilgan.
2622 nafar fransuz Turkiya Ichki ishlar vazirligining "qora ro'yxati"ga tushgan.
Vazirlikning rasmiy veb sahifasida yozilishicha, fuqarolari terrorchi tashkilotlarga aloqasi borligi gumon etilishdan tashqari, Suriyadagi qurolli nizolar hududiga safar qilgan davlatlar bu ro'yxatga kiritilgan.
Suriyada fuqarolar urushi boshlangan o'tgan olti yildan ortiqroq vaqt ichida 300 dan ortiq tojikistonlik ortga qaytarilgan.
Turkiyalik mas'ullarga ko'ra, ular Suriya bilan chegarada qo'lga olinishgan, u yerdagi ekstremistik tashkilotlarga qo'shilmoqchi bo'lishgan.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi o'tgan yil oxirida IShID a'zosi, deya ko'rilgan o'nlab fuqarolari ro'yxatini e'lon qilgan.
Ro'yxatdagilar orasida ayollar borligini ham ko'rish mumkin edi.
Yakunida Harbiy vaziri darajasiga ko'tarilgan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi maxsus militsiya otryadi - OMON sobiq qo'mondoni Gulmurod Halimov esa, IShID saflaridagi Markaziy osiyolik eng yuqori martabali davlat harbiysi bo'lgandi.
"Qora ro'yxat"ga munosabat
Dushanbedan yetakchi jurnalistlardan birining Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Tojikiston hukumati Turkiyaning "qora ro'yxati"ga oid yangilikni anchayin sovuqqonlik bilan qarshi olgan.
"Chunki Tojikiston hukumati dunyo davlatlarini mamlakat hududida faoliyati taqiqlanib, terrorchi, deya e'lon qilingan ko'plab tashkilotlarga nisbatan xuddi o'zlaridek yo'l tutishga chaqirib keladi. Shu jumladan, Islom Uyg'onish partiyasiga nisbatan ham", - deydi jurnalist.
Ammo, suhbatdoshimizga ko'ra, Turkiyaning "qora ro'yxati" oddiy aholi orasida taajjub, tushunmovchilik va xavotirlarni paydo qilmay qo'ymagan.
Ayon bo'lishicha, ularning nazdlarida, terrorchilik tashkilotlariga biror bir aloqasi bo'lmagan katta sondagi insonlar ham bu ro'yxatga tushib qolishlari mumkin.
Bundan tashqari, Turkiyaning ro'yxatidagi fuqarolarga oid ma'lumot va tafsilotlar Tojikistonda halicha e'lon qilinmagan.
Xuddi shu bois ham, oddiy tojikistonliklar Turkiyaga borishsa, qo'lga olinib, ortga deportatsiya etilishlaridan qo'rquvda.
Aviachipta sotib olishdan oldin, Turkiyaning Tojikistondagi elchixonasiga qo'ng'iroq qilib, o'zlarining bu ro'yxatda bor-yo'qliklarini aniqlash harakatiga tushib qolishgan, deydi jurnalist.
Turkiyaning "qora ro'yxati"da Markaziy Osiyo davlatlari orasidan nega aynan Tojikistonning yetakchilik qilayotgani sababini esa, bu suhbatdoshimiz katta sondagi mamlakat fuqarolarining allaqachon IShID saflarida jang qilishayotgani, o'tgan ikki yil davomida aynan polkovnik Halimov yaqinlari va hamtovoqlarining Turkiya orqali IShID jang qilayotgan davlatlarga o'tishga urinishgani, sobiq Islom Uyg'onish partiyasi doxil ko'plab diniy tashkilotlarning terrorchi guruhlar safiga kiritilgani bilan izohlaydi.
"Deylik, sobiq Islom Uyg'onish partiyasining Tojikistonda bir necha ming a'zosi bo'lgan. Turkiya Tojikistonning bosimi bilan ularni ham o'zining ana shu ro'yxatiga qo'shgan bo'lishi ehtimol", - deydi u.
So'nggi ikki yil ichida esa, IShID saflaridagi fuqarolari soni tojikistonlik mas'ullar tomonidan bir necha yuztacha ekani aytib kelingan.
2015 yilda esa, ularning soni rasman 700 dan ortgani ham ma'lum qilingan.
Masalaning boshqa tomoni...
Xalqaro Inqiroz guruhi o'tgan yillardagi hisobotlarida Suriya va Iroqda jang qilayotgan Markaziy osiyoliklarning sonlarini ikki mingdan to'rt mingtagacha ekanini taxmin qilgan.
Ulardan aksariyatining etnik o'zbeklar ekanini aytgandi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Qirg'iziston va Tojikistonda IShID jangari guruhining faoliyati rasman taqiqlangan. Ekstremistik va terrorchi tashkilot, deb e'lon qilingan.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning 2013 yilgi farmoniga muvofiq esa, IShID va boshqa terrorchi guruhlarga aloqalari borligi aniqlangan insonlar avtomatik ravishda mamlakat fuqaroligidan chiqarib ham yuboriladi.
Ammo, boshqa tomondan, ICSR va AQSh Markaziy Josuslik Xizmatining 2015 yil boshida e'lon qilgan rasmiy ma'lumotlari IShID saflaridagi Markaziy osiyoliklar aksariyatining o'zbekistonliklar ekaniga dalolat qilgan.
Bu ro'yxat tepasidan joy olgan 13 davlat orasida sobiq Sho'ro Respublikalaridan faqat Rossiya va O'zbekistonni ko'rish mumkin bo'lgan.
Bir yarim mingta ekani aytilgan jangarisi bilan Rossiya yuqori uchlikka kirgan.
Ruyxatda quyi o'rinda kelgan O'zbekistonning IShID saflaridagi fuqarolari soni esa, 500 nafar ekani aytilgandi.
Turkiya mas'ullari IShID guruhiga nisbat bergan va Yangi yil kechasi Istanbuldagi tungi klubda uyushtirilgan hujumga aloqadorlik gumoni bilan ham O'zbekiston fuqarosi qo'lga olingan, unga qarshi rasmiy ayblovlar ham e'lon qilingan.
Ammo, boshqa tomondan, Turkiya Ichki ishlar vazirligining "qora ro'yxati"ga oid xabarlar Yaqin Sharqda IShID guruhi deyarli tor-mor etilgani, lideri o'ldirilgani va islomiy xalifati yakun topganiga oid bayonotu da'volar manzarasida kuzatilgan.
Iroq va Suriyada IShID saflarida jang qilgan va qilayotgan Markaziy Osiyo fuqarolarining so'nggi taqdirlariga oid mufassal ma'lumotlar esa, imkonli emas.
Ammo so'nggi oylarda aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh Afg'oniston hukumati ayrim yuqori martabali a'zolari va harbiylari xavotirli bayonotlar bilan chiqishgan.
Yaqin Sharqdagi IShID guruhi mintaqa davlatlarini ko'zlab, Afg'oniston shimoliga 10 mingga yaqin aksariyati Markaziy osiyolik jangarilarini sizdirish niyatida ekanini iddao qilishgandi.
Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02