Ichki ishlar vazirligi "Qurol to'g'risida"gi qonunga izoh berdi

Сурат манбаси, Getty Images
O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi qizg'in bahs-munozaralarga sabab bo'lgan "Qurol to'g'risida"gi qonun loyihasida inson o'zini himoya qilish maqsadida o'qotar qurol olib yurishiga ruxsat berish ko'zda tutilmaganini ma'lum qilgan.
19-iyulda muhokamaga qo'yilgan "Qurol to'g'risida"gi qonun loyihasi O'zbekiston ichkarisi va tashqarisida keng muhokamalarga sabab bo'ldi.
Ichki ishlar vazirligi bildirishicha, ushbu qonun umuman mamlakatda qurol bilan bog'liq huquqiy munosabatlarni yo'lga qo'yish maqsadini ko'zlagan.
Xususan, O'zbekistonda qaysi davlat organi, qaysi yuridik shaxs yoki jismoniy shaxslarga qurolga ega bo'lish, o'zi bilan birga olib yurish va qurollardan foydalanishi kabi masalalarga ham aniqlik kiritilishi talab etiladi.
Jismoniy shaxslarga kelganda, o'z-o'zini himoya qilish maqsadida o'qotar qurolga ega bo'lishiga ruxsat ko'zda tutilmagan.
Jismoniy shaxslar faqat sport va ov maqsadida qurolga egalik qilishlari va foydalanishlari mumkinligi nazarda tutilgani aytilgan.
Yangi qonun loyihasida oddiy odamlarga o'zini himoya qilish uchun ko'zdan yosh oqizadigan yoki qichitadigan gaz balonchasi, mexanik purkagichlar, aerozol, elektr quvvati bilan falaj qiladigan, uchqun chiqaradigan va boshqa vositalardan foydalanishlariga ruxsat berish mo'ljallangan.
Bunday shaxsiy himoya vositalarini mamlakat hududida qo'llashga O'zbekiston Sog'likni saqlash vazirligi ruxsat bergan bo'lishi talab etiladi.
Va bunday himoya vositalarini sotib olish uchun Ichki ishlar vazirligining ham izni bo'lishi lozim.
"Qurol to'g'risida"gi qonunni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ma'qullashlari kerak.
O'zbekistonga qo'shni Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston respublikalarida o'zini himoya qilish uchun pnevmatik, gazli va tovushli qurollarga ruxsat berilgan.
Pnevmatik va gazli qurol jangovar qurolga nisbatan kuchsizroq bo'lgani va kamroq zarar etkazgani hisobiga jangovar bo'lmagan qurollar toifasiga kiritilgan.
Islom Karimov Prezident bo'lgan davrda O'zbekistonda har qanday qurollilarga nisbatan ishonchsizlik shakllangan edi. Hatto ovchilarning qurollarini yig'ib olish holatlari bo'lgan.
BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Ҳимоя мақсадида ножанговар қуролга рухсат бериладими?
Ўзбекистонда ўзини ҳимоя қилиш учун қурол олиб юришга рухсат берилиши мумкин. Қонун лойиҳаси ташаббускори Ички ишлар вазирлигидаги манба Би-би-сига ушбу қурол пневматик ва газли бўлишини тасдиқлади.