Tojikiston: Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasida harbiy mashqlar

Tojikiston Image copyright courtesy

Tojikiston Oʻzbekiston va Qirgʻizistonga bevosita chegaradosh shimoliy Soʻgʻd viloyatida uch kunlik harbiy oʻquv-mashgʻulotlarini boshlagan.

Bunaqasi har uch davlat mustaqilligi tarixida kuzatilmagan: Tojikiston oʻz qoʻshnilari, ayniqsa, Oʻzbekiston bilan chegara hududida hech qachon bu ishga qoʻl urmagan.

Maʼlum boʻlishicha, Soʻgʻddagi harbiy mashqlar rasman Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning buyrugʻi asosida amalga oshirilmoqda.

Bu haqda Tojikiston Mudofaa vazirligi matbuot voizining soʻzlariga tayanib, mamlakatning yetakchi news.tj internet nashri xabar bergan.

Boshqa tomondan, Tojikiston soʻnggi yillarda Afgʻoniston bilan oʻzaro chegaradosh janubiy mintaqalarida yakka oʻzi, Rossiya, Xitoy bilan hamkorlikda, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ustma-ust harbiy-oʻquv mashgʻulotlariga zoʻr berayotgan yagona Markaziy Osiyo davlati boʻladi.

Xuddi shu bois ham Tojikiston shimolida, ustiga-ustak Oʻzbekiston va Qirgʻizistonga bevosita chegaradosh bir viloyatda oʻtkazayotgan bu galgi harbiy mashqlari aksariyat mintaqaviy tahlilchilarning eʼtiborlarini oʻziga jalb etmay qolmagan, turli ommaviy-axborot nashrlari va shu sohada qalam tebratayotgan jurnalistlarning ham xos qiziqish va savollariga sabab boʻlib ulgurgan.

Ustiga ustak, Tojikistondan olingan xabarlarga koʻra, bu mashqlarga Soʻgʻd viloyati garnizoni tarkibiga kiruvchi barcha harbiy qismlar, kuch ishlatar tizimlari xodimlari, mamlakat shimolidagi barcha tuman va shaharlaridan zahiradagi harbiylar jalb etilishadi.

Ammo xabarlarda ularning aniq soniga oid tafsilotlar keltirilmaydi.

Tojikistonlik yuqori martabali harbiylar kuni-kecha bu mashqlarga mamlakat janubidagi kuchlari ham safarbar etilishlariga oid xabarlarni rasman rad etib chiqishgan.

Uch kunlik harbiy-oʻquv mashgʻulotlari jarayonida ularga yana shaxsan Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo boshchilik qilishi aytilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, harbiy mashqlarga 10 dona qiruvchi samolyot, yuzlab bronetexnika, yuzga yaqin toʻp yoki zambarak, 400 dan ortiq zirhli avtomobil tashlanadi.

Harbiy-oʻquv mashgʻulotlarining oʻzi esa, Soʻgʻddagi ikkita harbiy poligon - Choruhdayron va Nurafshonda boʻlib oʻtadi.

Unda ishtirok etajak "harbiy boʻlinmalar esa, Soʻgʻd viloyatiga oʻtgan qurolli-jinoiy guruhlarni qurshab olib, yoʻq etish taktikasini ham maqsh qilishadi".

"Hudud himoyasini taʼminlash, zahiradagi zobit va askarlarni safarbar etish masalasiga ham eʼtibor qaratishadi".

Sabab?..

Dushanbedagi mustaqil jurnalistlardan birining BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, oʻziga ham qiziq tuyulib, xuddi shunday savol bilan Tojikiston Mudofaa vazirligi vakillariga murojaat qilgan.

Ulardan esa, Soʻgʻddagi harbiy-oʻquv mashgʻulotlarining favqulodda bir yeri yoʻqligi, uning avvaldan rejalangan boʻlgani, Afgʻonistonga chegaradosh janubiy Xatlon va Togʻli-Badaxshonda oʻtkazib kelinayotganlaridan farq qilmasligiga oid javobni olgan.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Soʻgʻddagi harbiy mashqlardan koʻzlanayotgani aytilgan ayrim maqsadlar ham oʻziga xos savollarni paydo qilmay qoʻymaydi.

Uning soʻzlaridan ayon boʻlishicha, harbiy-oʻquv mashgʻulotlari noqonuniy qurolli guruhlar va terrorchi tashkilotlarning endi Tojikistonning Oʻzbekiston va Qirgʻiziston bilan bevosita chegaradosh shimoliy mintaqalarida paydo boʻlishi ehtimoliga tayyor turishni ham koʻzlaydi.

Ammo, suhbatdoshimiz nazdida, asosiy eʼtibor koʻproq "Bir tomondan, terrorchi guruhlarning Tojikistonosha bu ikki mintaqa davlatiga oʻtishlari, boshqa tarafdan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston orqali oʻz hududlariga oʻtishlarining oldini olishga qaratiladi".

"Chunki bundan bir necha yil burun aynan Soʻgʻd viloyati orqali isyonkor polkovnik Mahmud Xudoyberdiyevning odamlari Tojikistonga oʻtib kelishgan, keyin Xoʻjandda harakatlanishni boshlashgan", - deydi u.

Ammo, jurnalistning oʻz oʻrnida eʼtirof etishicha, soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston bilan aloqalarning iliqlashib borayotgani bois, bu kabi ehtimol hozir haqiqatdan ancha yiroq.

Unga koʻra, boshqa tomondan, masʼullar Tojikistonda turli terrorchi guruhlarning yaqqol tahdidi yoʻqligini eʼtirof etishsa-da, tashqi kuchlarning Oʻzbekiston va Qirgʻizistonga oʻtish uchun oʻz hududlari, jumladan, shimoliy Soʻgʻd viloyatidan foydalanishlari mumkinligi ehtimolini nazardan soqit etishmaydi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ular koʻproq qoʻshnilari Afgʻonistondagi Tolibon va IShID jangarilariga aloqador guruhlarni nazarda tutishadi.

"Ular esa, Tojikiston hududiga sizib kirishlari mumkin. Tojik harbiylari va chegarachilarining ishontirishlaricha esa, bu kabi guruhlar oz-ozdan Tojikistonga oʻtib, mamlakat shimoliga yetib olish maqsadida keyin shu yerning oʻzida bir toʻdaga birlashishlari mumkin", - deydi u.

Tojikiston va Afgʻoniston

Boshqa tomondan, soʻnggi yillarda Afgʻonistonning aynan Tojikistonga chegaradosh qator shimoliy-sharqiy viloyatlarida ham vaziyatning jiddiy izdan chiqqani, toliblar qatorida mahalliy masʼullar Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbat bergan va IShID saflarida jang qilayotganini aytgan xorijiy jangarilarning ham faollashishgani kuzatiladi.

Jurnalist Soʻgʻddagi "harbiy-oʻquv mashgʻulotlarining bundan bir yil burun rejalangani", yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bundan keyin qudratga kelganini nazarda tutib, ularning uyushtirilishida Oʻzbekistonning ishtiroki borasida soʻz yuritish bir qadar oʻrinsiz boʻlishini ham taʼkidlaydi.

Uning aytishicha, shu paytgacha Soʻgʻddagi harbiy mashqlar yuzasidan rasmiy Toshkentning biror bir mazmundagi bayonotiga oid xabarlarga ham koʻzlari tushmagan.

Ammo, jurnalistning oʻz manbalariga tayanishicha, aynan bugun boshlangan harbiy-oʻquv mashgʻulotlari bois, oʻzaro chegarada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Qariyb yigirma yildirki, 1.283 chaqirimli oʻzbek-tojik chegara hududi Oʻzbekiston tarafidan minalashtirilganicha qolmoqda.

1999 yilda oʻzini Islomiy kuchlar, deb atagan noqonuniy qurolli guruhlar Qirgʻizistonning Botkent viloyati orqali Fargʻona viloyatiga sizib kirishga uringan.

Buning ortidan, Oʻzbekiston qoʻshnilari Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegaralarini minalashtirilgani aytilgandi.

Yangi prezident, Tojikiston va minalar

Prezident Islom Karimovning kutilmagan oʻlimi ortidan muddatidan ilgari boʻlib oʻtgan saylovlar ortidan oʻtgan yil oxirida qudratga kelgan yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bir necha oylik boshqaruvi davrida Oʻzbekistonning bu ikki davlat bilan aloqalari yaxshilanishga yuz tutgan.

Har ikki qoʻshni davlat hayʼatlari ishtirokida ham Oʻzbekiston, ham Qirgʻiziston va ham Tojikistonda qator muzokaralar boʻlib oʻtgan.

Ammo oʻzaro chegaralarni minalardan tozalash masalasi bu uchrashuvlar chogʻida qay bir darajada kun tartibiga chiqqani va ularning qanday yakun topgani borasida rasmiy va mufassal xabarlar imkonli emas.

Shu kunlarda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining oʻzbekistonlik hamkasblari bilan poytaxt Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralari chogʻida esa, oʻzaro chegara xavfsizligi masalasining muhokama qilingani aytilgan, ammo rasmiy xabarlarda nega ekani tafsilotlari keltirilmagan.

Biroq, taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda oʻzaro chegarani buzishga uringan nomaʼlum shaxslarning oʻzbekistonlik chegarachilar tomonidan ushlangani, otib, yaralangani, katta miqdordagi giyohvand moddalarning Oʻzbekiston hududiga oʻtishining oldini olinganiga oid xabarlarning anchayin koʻpaygani kuzatiladi.

Bundan ikki yil burun Afgʻonistonda joylashgan tolibonparast "Islomiy Jihod Ittihodi" oʻzbek jihodiy guruhi bayonot bilan chiqib, "Tojikistonga chegaradosh koʻplab hududlarni nazorat qilayotganliklari", oʻz mujohidlari "Amudaryo sohillarida bemalol harakat qilayotgani"ni iddao qilgandi.

Tolibon oʻzlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyati markazi - Qunduz shahrini muayyan muddatga bosib olgan 2015 yildan buyon Tojikiston Afgʻoniston bilan davlat chegarasida qoʻshimcha himoya chiziqlarini yaratgan, chegaraga yaqin tumanlarga mamlakatning boshqa mintaqalaridan katta sondagi qoʻshimcha harbiylarini safarbar etgan.

Joriy yil boshidan esa, oʻzaro chegarada afgʻonistonlik narkokontrabandachilarning oʻndan ortiq qurolli bosqini oldi olingani aytiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq