Migrantlar yuborgan yuklar Oʻzbekistonga "etib bormayapti"

Image caption Mehnat muhojirlari Oʻzbekistondagi oilalarini pul va buyumlar bilan taʼminlab turadilar

Rossiyadan Oʻzbekistondagi oilalariga yuk yuborayotgan mehnat muhojirlari oʻz sovgʻa-salomlari yoʻlda yoʻq boʻlayotganidan arz qilishmoqda.

Mehnat muhojirlari Oʻzbekistonga puldan tashqari, kiyim-kechak, turli buyum va xoʻjalik jihozlarini ham joʻnatib turishadi. Pul yuborishda asosan banklar xizmatlaridan foydalanilsa, yuk joʻnatish uchun haydovchilarning xususiy bizneslari yoʻlga qoʻyilgan.

Rossiya va Oʻzbekiston shaharlari yoʻnalishlarida qatnovchi haydovchilar maʼlum xizmat haqi evaziga muhojirlarning sovgʻa-salomlarini uylariga yetkazish bilan shugʻullanadilar.

Ammo, yuklar hamma vaqt ham oʻz egalariga yetib bormaydi.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston chegaralarida tekshiruvlar paytida mashina yuklari tintib koʻriladi va olib oʻtilishi mumkin boʻlmagan mahsulotlar bojxona xizmati tomonidan musodara etiladi.

12 dollarli biznes

"Oʻtgan yilning dekabrida uchta sumka va yoʻlkirasi uchun 8 yarim ming rubl (120 dollar) pul bergandim. Jiyanim bolasiga etik berib yuborgandi. Shoshib turganda, mashinasining nomerini ham yozib olmagan ekanmiz. Haligacha narsalarimiz yetib bormadi. Endi telefonlarimizni olmayapti", - deydi Moskvada ishlaydigan namanganlik Shahnoza.

Yana bir mehnat muhojiri Muhabbat esa 2 yildan beri uyiga yuk yuborishda xizmat qilib kelgan haydovchidan ziyon koʻrganini aytadi. Televizor, mikrovolnovka kabi maishiy texnika jihozlari, qimmat kiyim-kechaklar bilan birga onasining operatsiyasi va dori-darmonlari uchun pul ham berib yuborgan. Ammo ularning hech biri uyiga yetib bormagan.

Yuk tashish bilan shugʻullanuvchi haydovchilar har bir kilogramm yuk uchun odatda 200 rubl (oʻrtacha 12 dollar) xizmat haqi olishadi. Har bir yukning olib boriladigan manzili va bogʻlanish uchun telefon raqamlar olinadi.

Image copyright Ng72.ru
Image caption Yuk tashuvchilar uzoq yoʻlni bosib oʻtadilar

Hovlida sochilgan buyumlar

"Yuklaringiz uyimda turibdi, borib oʻzinglar tanlab olinglar," - degan uchqoʻrgʻonlik haydovchi Muhabbat ismli hamyurtiga.

Muhabbat Oʻzbekistonga borganida haydovchining uyini topib borgan, ammo u yerda yuborgan buyumlarini topmaganini aytadi. Haydovchi qaysi yuk kimnikiligini bilmagan.

"Hovlida har xil narsalar sochilib yotibdi. Kim kelsa "bu meniki" deb toʻgʻri kelgan narsani tanlab olib ketavergan, natijada faqat eski-tuski narsalar qolgan", - deydi Muhabbat.

Shahnozaning aytishicha, Rossiyadan yuborilgan yangi buyumlar egalariga yetkazilmay, bozorda sotib yuborilish hollari ham uchrab turadi.

"Turmushga beradigan qizimga sarpolar olgandim, ularni qora paketga joylashtirib berib yuborgandim. Borsam, narsalarim bormagan. Haydovchiga telefon qilsam, menligimni bilmay telefonni oldi, keyin bloklab qoʻydi. 30 ming rublli (500 dollar) qizimning sepiga olgan narsalarimning hech biri yoʻq-da!" - deydi u.

"Bizniyam tushunishsa boʻlardi"

BBC muhojirlar yukini qabul qilib olgan haydovchilar bilan bogʻlanishga uringanida, baʼzi telefon raqamlar oʻchirilgan, boshqalari esa javobsiz edi.

Ziyon koʻrganlarning aytishicha, yuk tashish xizmati bilan shugʻullanuvchi haydovchilar "tez-tez telefon raqamlarini oʻzgartirib turishadi".

Ammo, BBC bilan suhbatlashgan Miraziz ismli boshqa haydovchining aytishicha, yuklar safarning oʻta qiyinligi tufayli har doim ham manziliga yetib bormaydi.

"Birovning moli birovga buyurmaydi. Pulini olib xizmatini qilayapmizmi, egasiga yetkazamiz. Ammo, Qozogʻistonda ham yomon qiynashadi. Chegarachilar hamma yuklarni titib tashlaydi. Shunday paytlarda narsalar tushib yo almashib qolishi, yoki baʼzilari yoʻqolishi mumkin. Bizniyam tushunishsa boʻlardi", - deydi yuk tashuvchi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq