Turkiya maktablari Darvin bilan xayrlashib, jihodni oʻqitadimi?

Turk oʻquvchilari Image copyright Getty Images
Image caption Yangi oʻquv dasturi 5, 10 yoshlilarga taʼsir qiladi. Shuningdek, 9 sinfdagilarning dasturi ham oʻzgaradi

"Turkiyada taʼlim tizimi hech qachon dunyoviy boʻlmagan. Diniy darslar majburiy edi...ammo endi jihod haqida dars oʻtishar ekan, bu jaholatdir".

Turkiyada sentyabr oyidan boshlab yangi oʻquv dasturi amal qila boshlaydi. Men bilan suhbatda boʻlgan bu 38 yoshli ona boshqa ota-onalar kabi xavotirda... Yangi oʻquv dasturi 5, 10 yoshlilarga taʼsir qiladi. Shuningdek, 9 sinfdagilarning dasturi ham oʻzgaradi.

Ammo asosiy muammo Darvin taʼlimotini darsliklar jadvalidan chiqarish bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda.

"Toʻqqiz, oʻn yoshli oʻquvchilarga Qurʼon yodlatilmoqda. Menimcha, diniy taʼlimotni uyda berish kerak, maktabda emas", deydi yana bir ona.

U oʻz nomini atashni istamaydi, xavfsizligidan xavotirda...

Yana bahsu munozara markaziga tushgan masala bu dunyoviy Turkiyaning asoschisi Kamol Otaturk bilan bogʻliq.

Uning hayotiga bagʻishlangan darslar qisqartilgan.

Oʻrniga jihod gʻoyasi va diniy darslarga koʻproq joy ajratilgan.

Image copyright Reuters
Image caption Mustafo Kamol Otaturk hayotiga bagʻishlangan darslar qisqartilgan

Oʻtgan yilgi davlat toʻntarishiga urinish ham yangi darsliklardan alohida joy olgan.

Dunyoviy muxolifat prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻonni Turkiyani tobora islomlashtirishda ayblaydi.

Erdoʻgʻon ham "iymonli avlod" yetishtirish gʻoyasini bir necha bor takrorlagan.

Taʼlim vaziri Ismet Yilmazga koʻra, darsliklarda faqat takror boʻlib qolganlari, eskilari va keraksizlari tugatilmoqda,xolos, jami oʻzgarishlan 100 mingdan ortiq va faqat bir nechasiga "yopishib olish" adolatdan emas,

Darvin maktablardan quvilmoqdami?

Taʼlim vaziri evoliyutsiya nazariyasi mutlaqo darsliklardan chiqarilganini rad etadi.

"Biz evolyutsiyaga qarshi emasmiz. Fanga qarshi chiqib boʻlmaydi. Masalan, mutatsiya, modifikatsiya, moslashuvchanlik va nasllar hamon oʻqitiladi va bularning bari evolyutsiyaning bir qismidir".

"Biz faqatgina evolyutsiyani keyinroqqa, kattaroq sinflarga koʻchirmoqdamiz".

Ammo tanqidchilarga koʻra, insonning kelib chiqishiga oid ilmiy qarashlar ham darsliklardan chiqarib tashlangan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq