Nuqtai nazar: Oʻzbekistonda davlat idoralari "shishib" ketmayaptimi?

Image copyright official

Shu yilning 23 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portali — regulation.gov.uz saytiga Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy islohotlar kontseptsiyasi loyihasi joylashtirildi. Hujjatning mazmuniga qaraydigan boʻlsak, u inqilobiy maqsadlarni koʻzda tutadi: Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilsin.

Yaʼni Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilganidek, maʼmuriy islohotlar jarayonida davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, takrorlanuvchi funktsiyalarni bajaradigan davlat organlari, turli komissiyalarni bekor qilish yoki bir-biriga qoʻshish orqali davlat boshqaruvi va xizmatini tubdan isloh etish nazarda tutiladi.

Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan hujjatda oʻtish davrida samarali boʻlgan boshqaruv va maʼmuriy buyruqbozlik tizimining "qoʻlbola" usullari oʻz dolzarbligini yoʻqotganligi eʼtirof etilgan. Qisqacha aytadigan boʻlsak, bugungi boshqaruv tizimi oʻzini oqlamayapti, hamma oʻz vazifasini aniq biladigan, ochiq davlat institutlarini shakllantirishning vaqti keldi.

Shundan boʻlsa kerak, jamoatchilik ushbu loyihani ijobiy qabul qildi. Masalan, boshqaruv sohasi eksperti Aziza Umarova "umid qilamanki, hujjatning oxirgi variantida ham ushbu novatorlik ruhi saqlab qolinadi va uning amalga oshirilishini uzoq kutmaymiz", deb fikr qoldirgan. {Facebook}

Chindan ham, davlat boshqaruvi boʻyicha tasavvurga ega kishi kontseptsiya loyihasida koʻzda tutilgan vazifalar ideal jamiyat — "fozil odamlar shahri" bilan uygʻunligini anglaydi.

Yangi uyni eskisini buzib qur...

Image copyright Mtrk.uz
Image caption Yangi uymi, eskimi?

Oʻzbeklar har qanday oʻzgarishlarga vazminlik bilan qarashadi. Shuning uchun ham "Yangi uy qurmasdan, eskisini buzma" deyishadi. Bu tamoyil hatto Islom Karimov davrida davlat siyosati falsafasi edi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Oʻzbekiston hukumati Maʼmuriy islohotlar kontseptsiyasini qabul qilishga kechikmadimi?

Maʼmuriy islohotlar kontseptsiyasi Shavkat Mirziyoyevning davlatni boshqarish boʻyicha qarashlari (vision), strategiyasini oʻzida aks ettirishi kerak. Agar mantiqqa tayanadigan boʻlsak, kontseptsiya bundan bir yil avval qabul qilinishi kerak edi. Chunki Prezident aynan shu kontseptsiya asosida istiqbolda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini tashkil qilishi lozim edi. Kontseptsiya loyihasida davlat hokimiyati va boshqaruvining respublika organlari haddan tashqari markazlashgani, mahalliy ijro organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi zaifligi tanqid qilingan.

Ammo Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15 avgustdagi farmoyishida qayd etilishicha, Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi qabul qilinganidan beri — olti oy ichida 16 ta vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tuzilmasi, vazifa va funktsiyalari qayta koʻrib chiqildi, 20 ta davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar qayta tashkil etildi. Davlat organlari koʻpaysa koʻpaydiki, umuman kamaygani yoʻq. Markazlashtirish siyosati davom etayapti.

Bugun Oʻzbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari shtat birligi koʻpaygani yoki kamaygani haqida aniq bir tadqiqotlar, maʼlumotlar yoʻq. Chunki har kuni qabul qilinayotgan 2-3 ta farmon va qaror bu borada barqaror prognoz va tadqiqot olib borishni imkonsiz qilib qoʻydi. Islom Karimov davrida esa davlat xizmatchilari soni har yili oʻrtacha 10 foizga qisqartirilayotgani baralla aytilar edi...

Tom maʼnoda korporativ boshqaruv joriy qilinishi kerak boʻlgan sohalarda vazirlik darajasidagi davlat muassasalari paydo boʻldi. Bitta Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tizimida Davlat veterinariya qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, "Oʻzbekgidroenergo" aktsiyadorlik jamiyati, "Oʻzbekbaliqsanoat" uyushmasi, "Oʻzbekipaksanoat" uyushmasi, Kovulchilikni rivojlantirish boʻyicha assotsiatsiya singari koʻplab tuzilmalar paydo boʻldi. Qishloq xoʻjaligi, savdo-sodiq, tadbirkorlik sohasida tashkil qilinayotgan fondlar, uyushmalarning adogʻi koʻrinmaydi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining shtati uch barobar koʻpaytirilib, raisning toʻrtta oʻrinbosari lavozimi taʼsis etildi. Bunday tashkilotlarni koʻplab sanash mumkin. "Nuroniylar" jamgʻarmasidagi kengayishlar ham bunga yaqqol misol.

Albatta, qisqartirilayotgan sohalar ham yoʻq emas. Masalan, "Oʻzbekenergo", "Oʻztransgaz" kompaniyalari, 11-sinf joriy qilinishi bilan kasb-hunar taʼlimi tizimidagi qisqartirishlarni ham inkor etib boʻlmaydi. Biroq, bu optimallashtirish ishlari umumiy vaziyatni oʻzgartirmaydi. ("Oʻzbekenergo" AJning isteʼmolchilar bilan ishlash boʻyicha 6 562 ta elektromontyor shtat birliklarihamda "Oʻztransgaz" AKning tabiiy gazni hisobga olish va realizatsiya qilish boʻyicha 4 255 ta nazoratchi shtat birliklari qisqartirish koʻzda tutilgan).

Maʼmuriy islohotlar nega oʻtkaziladi? Avvalambor, fuqarolar mavjud boshqaruv tizimidan norozi boʻlsa. Ayni paytda davlat boshqaruvi apparatining soliq toʻlovchilar, natijada davlat byudjetiga ogʻir yuk boʻlayotgani ham mana shunday islohotlarga yoʻl ochadi.

Maʼmuriy islohotlar shunday amalga oshirilishi kerakki, har ikki-uch yilda u yoki bu vazirlikni qayta tuzish, nomini oʻzgartirish kun tartibiga chiqmasligi kerak. Maʼmuriy islohotda tashkilotning nomini oʻzgartirish kabi tushunarsiz choralardan, yaxshisi, tiyilish kerak. Masalan, Mehnat vazirligi nomini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston bastakorlari uyushmasini Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi deb oʻzgartirishda Aflotun ham maʼno topa olmasa kerak...

Velosipedni qaytadan ixtiro qilish shartmi?

Image copyright official/facebook

Insoniyat oʻrta hisobda uch ming yillik boshqaruv tarixiga ega boʻlsa, kishilik jamiyati har qanday mentalitet va geografik joylashuvdagi mamlakatlar uchun maqbul boshqaruv modellarini yaratgan. Albatta, ularni toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirish ilojsiz boʻlsa-da, mazkur modellar asosida moslashtirilgan boshqaruv tizimini yaratish mumkin. Masalan, Oʻzbekiston parlamenti ikki palatali. Aksariyat demokratik mamlakatlarda shu tartib amal qiladi. Lekin Oʻzbekiston parlamenti Senati dunyodagi senatlardan qonunchilik tashabbusiga ega emasligi bilan ham tubdan farq qiladi.

Biroq Oʻzbekistonda soʻnggi paytlarda boshqaruvning yangi oʻzbekona modeli boʻy choʻzayapti. Internet nashrlarida joylardagi boshqaruvning "toʻrtligi" ishdan ketayotgani haqida bot-bot xabarlar chiqib turmoqda. Yangi davr qoidalariga koʻra, har bir tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun hududning toʻrt rahbari — hokim, prokuror, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, davlat soliq inspektsiyasi boshligʻi shaxsan javobgar hisoblanadi. Prezidentga muayyan tumanda nimadir yoqmasa — toʻrtovlonning barchasi ishdan ketadi.

Shavkat Mirziyoyevning shu yil 9 avgustdagi qarori bilan boshqaruvning ushbu mutlaqo yangi tizimi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Unga koʻra, respublikadagi barcha maʼmuriy birliklar (viloyat, tuman, shahar) hokimlar, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan sektorlarga boʻlindi. Endi har bir tuman geografik jihatdan toʻrtga hududga — 4 ta sektorga boʻlinib, ularga toʻrt amaldor biriktirildi.

Dunyoning biror mamlakatida uchramaydigan ushbu tizim qanday natija berishini albatta vaqt koʻrsatadi. Lekin bitta narsa aniqki, bunday boshqaruv usuli samarador boʻlganida, dunyoning boshqa mamlakatlari oʻzlarida allaqachon joriy qilgan boʻlur edi.

Yana shunday "ixtiro"lardan biri. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil qilinganidir. "Prokuratura toʻgʻrisida"gi qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining asosiy vazifalari qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini, Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishdan iborat.

Endi oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi. Tijorat tashkiloti ("Oʻzbekenergo", "Oʻztransgaz") va fuqaro munosabatlarida qonunbuzilish holati yuzaga kelsa, prokuratura vaziyatga aralashishi kerak. Majburiy ijro byurosi fuqaroning huquqlarini buzsa, prokuratura xolis va adolatli ravishda fuqaro tarafda tura oladimi? Oʻziga oʻziga qarshi bora oladimi? Bular ritorik savollar, albatta.

Bunaqa palapartish maʼmuriy tizim alal-oqibat davlatning rivojlanmasdan, bir joyda depsinib turishiga olib keladi. Chunki chiroyli soʻz boʻlib koʻrinsa-da, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda "oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati"ni taʼminlamasdan, aprobatsiyadan oʻtgan modellarni tatbiq qilmasdan koʻzlangan maqsadlarga erishib boʻlmaydi.

Vazirlar nima deydi?

Image copyright official/facebook
Image caption Prezident

Maʼmuriy islohotni amalga oshirish uchun avvalambor siyosiy xohish kerak boʻlsa, ikkinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ayniqsa, mansabdor shaxslar bunga moslashuvchan boʻlishi lozim. Eʼtiborli jihati, maʼmuriy islohotlar zarurligini Oʻzbekistondagi qator amaldorlar ham taʼkidlashayapti. Masalan, Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatovning Daryo.uz saytida qayd etishicha, dunyo amaliyotida "elektron hukumat" tizimi eng rivojlangan mamlakatlarda, shu soha uchun javobgar boʻlgan vazirliklar nomlarida "aloqa, AKT, axborot" degan tushunchalar yoʻq. Janubiy Koreya, Xorvatiya, Norvegiyada bu bilan davlat boshqaruvi vazirliklari shugʻullanadi. Yana bir marta takror aytamanki, AKTni joriy qilishdan avval, birinchi navbatda davlat boshqaruvini yaxshilash kerak... Koreyada islohot nima uchun muvaffaqiyatli kechdi? Chunki Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi (2008 yilgacha — Davlat boshqaruvi va ichki ishlar vazirligi) har qanday xizmatlarni, har qanday shtat tuzilmasini va moliyalashtirishni qayta koʻrib chiqish vakolatiga ega edi...

Vazir toʻgʻri motivatsiya tizimi boʻlmasa har birining tepasiga toʻrttadan videokamera qoʻysangiz ham, mansabdorlar toʻgʻri ishlashni boshlamasligini aytadi. "Maʼmuriy islohot kerak. Biz barcha davlat organlari oʻrtasidagi yagona tizimni ishlab chiqmoqdamiz, u ijro tartibini ham, butun hujjatlar aylanmasini ham koʻrsatib beradi", deydi u.

Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi Xudoyor Meliyevning yozishicha, respublika uyushmalari, kompaniyalarida hali ham oʻzlarining idorasini "ministrlik" hisoblaydigan, eskicha qarashlardan voz kecha olmayotgan xodimlar mavjud.

Uning fikricha, maʼmuriy islohotlar kontseptsiyasi va dasturi loyihalarini shakllantirish uchun, dastavval, davlat boshqaruvi tizimida mavjud boʻlgan barcha kamchilikni, hal qilinishi shart boʻlgan masalalarni aniqlab olish kerak. Rejalashtirilayotgan maʼmuriy islohotlar shunchaki shakliy oʻzgartirishlar bilan emas, balki zamonaviy davlat menejmentini joriy qilish va oʻz navbatida, strategik maqsadlarimizga erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlmogʻi kerak. "Buning uchun oʻzbek davlatchiligi tarixidagi hamda hozirgi davrdagi ijro hokimiyati organlari faoliyatining barcha jihatini, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini chuqur oʻrganish, bu jarayonda koʻr-koʻrona yondashmaslik, xalqimiz davlat xizmatidan nima kutayotganini mudom his etmoq zarur", deb yozadi yurist.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq