Nuqtai nazar: Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga tashrifidan nimalar kutish mumkin?

Mahmud Isayev,

Oʻzbekistonlik jurnalist taxallusi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright official

Qirgʻiziston prezidenti Almazbek Atamboyev 28 avgust kuni Oʻsh viloyatiga tashrifi chogʻida keyingi hafta Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashrifi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Garchi Shavkat Mirziyoyev Almazbek Atamboyev bilan oʻtgan yilning 24 dekabr kuni Samarqandda, joriy yilda Ostona, Pekinda boʻlib oʻtgan xalqaro tadbirlarda uchrashgan boʻlsa-da, rasmiy muzokaralar haligacha oʻtkazilgani yoʻq edi.

Rasmiy tashrif nega uzoq kutildi?

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan beri Qozogʻistonga bitta davlat, bitta amaliy tashrif bilan bordi. Bunday tashriflar Turkmanistonga ham amalga oshirildi. Ushbu mamlakatlar bilan munosabatlar Islom Karimov davrida ham barqaror rivojlangan. Shu sababli Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiziston va Tojikistonga amalga oshiradigan safari muhim ahamiyatga ega edi.

Xoʻsh, Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiziston safari uchun nega buncha muddat kerak boʻldi?

Har qanday rasmiy tadbirdan amaliy natija kutiladi. Oʻzbekiston — Qirgʻiziston munosabatlaridagi uzoq yillik "sovuq turgʻunlik"dan soʻng albatta Shavkat Mirziyoyev uchun ham, Almazbek Atamboyev uchun ham katta ambitsiyali kelishuvlar haqida eʼlon qilish ayni muddao boʻlar edi.

Rasmiy uchrashuvni ortga surgan birinchi sabab bu, davlat chegaralarini belgilash masalasidir. Shundan boʻlsa kerak, ikki mamlakat rahbarlari ilk uchrashuvdayoq qisqa muddatlarda ikki davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha bitimni tayyorlash boʻyicha topshiriq beradi. Ommaviy axborot vositalarida ikki mamlakat ishchi guruhlari uchrashuvlari haqida muntazam axborotlar chiqa boshladi. Turli maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi bir yil ichida tomonlar chegara masalasida 15 marta uchrashishgan. Bu haqida Oʻzbekiston rasmiylari ham, Qirgʻiziston rasmiylari ham jiddiy siljishlar borligini bot-bot taʼkidlay boshlashdi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro press-klubning 2017 yil aprel oyidagi majlisida ikki mamlakat juda koʻplab yoʻnalishlarda, jumladan, murakkab, nozik masalada, taʼbir joiz boʻlsa, chegaralarni delimitatsiya qilishdek muammoda ijobiy qadamlarni tashlaganini qayd etdi. Vazir oʻshanda bu borada tegishli hujjat ishlab chiqilayotganini maʼlum qilgan edi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston 1378 kilometrlik umumiy chegaraga ega. 2010 yilga qadar ushbu chegaraning 993 kilometri yuzasidan toʻxtamga kelingan. Ammo oʻshandan beri ushbu masalaga siyosiy nuqta qoʻyilgan edi. Islom Karimov vafotidan soʻng oʻzaro belgilangan chegaralar 1170 kilometrga yetdi. Hali ham 200 kilometrdan ortiq chegara murosaga muhtoj turibdi.

Bundan tashqari, 50 dan ortiq uchastkalar ham borki, ular boʻyicha yakuniy xulosaga kelish juda ogʻir kechayapti. Qirgʻiziston tarafi ushbu uchastkalar boʻyicha maxsus kelishuvlar imzolashni taklif qilmoqda. Muammoning yana bir nozik jihati shundaki, tomonlar chegaralarni turli davrlarga taalluqli hujjatlar asosida, masalan, Oʻzbekiston 1925 yilgi, Qirgʻiziston 1955 yilgi hujjatlar asosida belgilamoqchi boʻlib keldi.

Bir narsa aniqki, Oʻzbekiston ham, Qirgʻiziston ham chegara masalasida milliy manfaatlariga xilof ish tutmaydi. Lekin chegara muammosini muzokaralarsiz, muloqotlarsiz hal qilib boʻlmasligi ham aniq. Shu maʼnoda aytganda, ikki mamlakat rahbariyatining chegara masalada pragmatik yondashayotganini faqatgina olqishlash mumkin.

Shu yilning 15-16 avgust kunlari Oʻzbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Qirgʻizistonda boʻlib, hamkasbi Sooronbay Jeenbekov, mamlakat prezidenti Almazbek Atamboyev bilan muzokaralar oʻtkazdi. Soʻnggi 9 yil deganda Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning oʻzaro hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi ilk marta oʻz yigʻilishini oʻtkazdi. "Fabula press" gazetasining yozishicha, aynan chegara masalasi boʻyicha hukumatlararo majlis paytida Oʻzbekiston hukumati vakillari bir necha marotaba tanaffus olib, Toshkent bilan maslahatlashuvlar olib borgan.

Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha bitimning prezidentlar tomonidan imzolanishi uzoq muddat davomida boshogʻriq boʻlib kelgan masalani hal qilish bilan bir qatorda, istiqbolda ushbu masalaning siyosiylashuvning ham oldini oladi.

Qirgʻizistondagi siyosiy muhit muloqotga taʼsir koʻrsatadimi?

Maʼlumki, joriy yilda Qirgʻizistonda prezident saylovi boʻlib oʻtadi. Ayrim qirgʻizistonlik siyosatchilar fikricha, rasmiy Toshkent Qirgʻizistonning keyingi rahbari kim boʻlishi ayon boʻlgandan soʻng oʻz xatti-harakatlarini faollashtirdi. Bu fikrga qoʻshilib boʻlmaydi. Chunki bugun Toshkent qoʻshni mamlakatlardagi siyosiy oʻzgarishlarga qarab oʻz pozitsiyasini shakllantiradigan mavqeda emas.

Oʻzbekiston hozir Markaziy Osiyo mintaqasida siyosiy intrigalarga qoʻshilmaydi. Chunki bu alal-oqibat mamlakat milliy manfaatlariga xizmat qilmaydi. Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyevning bir-biriga simpatiyasi yuqoriligi inobatga olinsa ham, bunday yondashuv notoʻgʻri boʻlib chiqadi.

Gilam sotsang qoʻshningga sot...

Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ichki iqtisodiy siyosatning asosiy gʻoyalaridan biri mahalliy mahsulotlarni imkon boricha qoʻshnilar bozorida sotish hisoblanadi. Mayli, sal arzon boʻlsin, lekin uzoq bozorlarga yetkazishdan koʻra yaqin qoʻshnilarga barqaror mol yetkazib berish oʻzini oqlaydi. Toʻgʻri, ikki mamlakatning oʻzaro savdo-sotigʻi hajmi juda past. Shundoq boʻlsa-da, bu koʻrsatkich joriy yilning birinchi choragida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 foiz oshgan. Yil oxirigacha 200 million AQSh dollariga yetkazilishi moʻljallanmoqda. Masalan, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi texnikalari, avtomobillar, maishiy texnika vositalarini, Qirgʻiziston esa tekstil, sut va goʻsht mahsulotlarini eksport qilishi mumkin.

Odamlar bordi-keldisida yengillik boʻladimi?

Shavkat Mirziyoyev tashrifidan katta oʻzgarish kutish hali vaqtli boʻlgan masalalar ham yoʻq emas. Sobiq ittifoq qulashi va chegara nazoratining haddan tashqari kuchaytirilishi oqibatida qavmi-qarindoshlar, doʻstu birodarlarning uzilib qolgan rishtasini tiklash, ularning oʻzaro bor-keldisini osonlashtirish ana shunday muammoli masalalardan hisoblanadi.

Ayniqsa, 2010 yildan beri aksariyat chegara nazorat postlari yopiqligicha qolayapti. 15 ta chegara postidan hozirda beshtasi ochiq rejimda ishlaydi. Lekin transport vositalari va odamlarning chegaradan oʻtishini soddalashtirish masalalari muhokamalar markazida turgani ham katta umid uygʻotadi. Lekin tashrifning ertasigayoq chegaralar ochilib, odamlar bordi-keldisi yengil kechadi, deyish qiyin. Chunki yillar davomida shakllangan byurokratiya, dunyoqarashni oʻzgartirish uchun tomonlar hali juda koʻp muloqot qilishi kerak boʻladi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi "siyosiy turgʻunlik" xalqlar oʻrtasida munosabatlarning ham sunʼiy sovuqlashishiga olib keldi. Chunki ikki mamlakat siyosiy doiralaridagi sovuq muloqot ohangi, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarida GES, transchegaraviy daryolar masalasidagi dahanaki ayblovlar oddiy odamlar hayotiga ham koʻchgan edi. Masalan, chegara nazorat postlaridan oʻtish ikki mamlakat fuqarolari uchun tom maʼnoda muammoga, dardga aylangan edi. Qoʻpol muomala, ataylab turli tekshirishlarga, kutishlarga majbur qilishlar qirgʻizlarning ham, oʻzbeklarning ham yuragini olgan edi. Oʻtgan bir yil ichida chegaradosh viloyatlar ahli, jamoatchiligining oʻzaro tashriflari uyushtirilgani, turli madaniy tadbirlar uyushtirilayotgani, ommaviy axborot vositalarida ham ijobiy ruhdagi materiallar koʻpaygani shubhasiz yuqoridagi kabi salbiy holatlarning kamayishiga xizmat qilishi mumkin.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq