Alisher Xadjayev teleradiokompaniya jamoasiga taqdim qilindi

Alisher Xadjayev Image copyright dunyouzbeklari.com

Shu yilning fevral oyida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisligidan ketgan Alisher Xadjayev 30 avgust kuni oʻz vazifasiga qaytdi. Uni teleradiokompaniyaga Prezident Mirziyoyevning maslahatchilari Xayriddin Sultonov va Umar Ismoilovlar taqdim qilishgan.

BBC Oʻzbek manbasining maʼlum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat beshda beshda boshlangan taqdimot marosimida Gʻolibsher Ziyoyev ham teleradiokompaniya birinchi oʻrinbosari lavozimiga qaytarildi.

U yangi tashkil qilingan media loyihalar boshqarmasiga rahbarlik qiladi. Gʻolibsher Ziyoyev shu yil boshida Mirziyoyevning Qoraqalpogʻiston safaridan soʻng ishdan olingan edi.

Qariyb 12 yil Milliy teleradiokompaniyaga boshchilik qilgan Alisher Xadjayev shu yilning fevral oyida oʻrnini Xurshid Mirzohidovga boʻshatib bergan edi.

Xurshid Mirzohidov oʻrnini olti oydan soʻng Bobir Alixanov egalladi. Alixanov ushbu lavozimda 26 kun ishlagani bilan tarixda qoladi.

55 yoshli Xadjayev shu yil fevralida Prezident Mirziyoyevning OʻzTVni tanqid qilishi ortidan lavozimdan chetlatilgandi.

Uning nima uchun ishdan boʻshatilgani borasida rasmiy izoh berilmagan.

Xadjayev oxirgi yillarda Milliy Teleradikompaniyada yuz bergan korruptsiya mojarolari markazida boʻlgan.

Televideniyening sobiq jurnalistlari Malohat Eshonqulova hamda Saodat Omonovalar Xadjayevni tanish-bilishchilik va korruptsiyada ayblaganlar.

Ammo Karimov davrida jurnalistlarning OʻzMTRK rahbariyati ustidan Prezident va Bosh vazir nomiga qilgan shikoyat va murojaatlari javobsiz qoldirilgan.

Xadjayevning joriy bosh vazir Abdulla Aripovga quda boʻlgani, Aripov 2012 yilda Bosh vazir oʻrinbosari lavozimidan olingach, u bilan qarindoshlik rishtalarini uzgani aytiladi.

Mahalliy jurnalistlar Xadjayev davrida davlat televideniyesida tsenzura va mahalliychilik kuchaygani, koʻplab ijodkorlarning asossiz ishdan boʻshatilganini aytishgan.

Alisher Xadjayev televideniye rahbarligiga qadar Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashida xizmat qilgan va maxsus xizmatlarga aloqaasi borligi aytiladi.

Oʻzbekiston Milliy Teleradikompaniyasining sobiq raisi Alisher Xadjayev shu yilning iyun oyi boshida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib tayinlangandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq