BBC Jahon Xizmati Oʻzbek tilida yangi TV dastur boshladi

Teleboshlovchilar Luiza Iskandariy va Feruz Rahimiy
Image caption Teleboshlovchilar Luiza Iskandariy va Feruz Rahimiy

BBC Jahon Xizmati oʻz tarixida birinchi marta oʻzbek tilida kundalik teledasturlar boshladi.

BBC Oʻzbek xizmati tayyorlaydigan kundalik dastur haftada besh kun 10 daqiqalik yangiliklardan iborat.

Ayni paytda, unda Afgʻoniston va Markaziy Osiyoga aloqador hamda muhim xalqaro voqealar tahliliga ham oʻrin ajratiladi.

TV dastur Mozori Sharif shahridagi "Orzu" ("Arezo") telekanali bilan hamkorlikda shimoliy Afgʻoniston boʻylab uzatiladi.

Yangi teledasturda arabcha imlodagi oʻzbek yozuvidan qoʻllaniladi. Chunki Afgʻonistonda istiqomat qiladigan koʻp millionli oʻzbeklar aynan arab imlosidan foydalanishadi.

Kuchli raqobat

Oʻzbekiston va Afgʻoniston auditoriyalari muayyan masalalarda farqlanadi. Bu geosiyosiy va joʻgʻrofiy sabablarga hamda mamlakatlardagi mavjud sharoitga ham bogʻliq.

BBC Oʻzbek TV dasturi ochilishi ham London, ham Kobulda bir vaqtda oʻtkazildi.

Kobuldagi marosimda esa Afgʻoniston prezidenti matbuoti xizmati rahbari Husayn Murtazaviy qatnashib, mamlakat rahbariyati bu yangilikdan mamnun ekanligini yetkazdi.

Biroq eng katta farq media bozorida koʻzga tashlanadi.

Image caption BBC Oʻzbek Xizmatining Afgʻonistonda koʻp millionli muxlislari bor

Avvalambor, Afgʻonistonda matbuot erkin va telekanallar tomoshabinlarni jalb etish uchun doimiy raqobatda. Bu esa BBC Oʻzbek Xizmati uchun ham yangicha sinov deganidir.

Ayni damda, Oʻzbekistondan farqli tarzda Afgʻonistonda mulozimlar matbuot uchun ochiq va har vaqt suhbatlashish hamda maʼlumotlar bilan boʻlashishga tayyorlar. Bu esa BBC ishini ancha osonlashtiradi.

Umuman, oddiy uy bekasimi, qishloqdagi dehqonmi, hukumatdagi vazirmi yoki qoʻmondonmi - Afgʻonistonda barcha BBC bilan gaplashishga ochiq va hozir.

BBC Oʻzbek Xizmati soʻnggi 14 yil davomida oʻz radiodasturlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabar hamda tahlillari bilan Afgʻoniston oʻzbeklari orasida ham tanilgan.

Ham Afgʻon hukumati, ham oʻzbeklar jamoasi BBC Oʻzbek Xizmatiga katta ishonch va hurmat bilan qarashadi.

Shunga qaramay, Afgʻoniston jamiyatida ayollar ovozi hamon u qadar eshitilmaydi.

Telekoʻrsatuvlarda ularning ishtirokini taʼminlash ham dolzarb masalalardan. Yoshlar va ayollarning fikrlari, ularning ovozlari va gʻoyalari biz uchun juda muhim.

Image caption BBC Oʻzbek TV dasturi arab imlosidagi oʻzbek tilini qoʻllaydi

Ham London, ham Afgʻonistondagi BBC Oʻzbek xizmati jurnalistlari yangicha "telereallikni" qabul qilishga intilmoqdamiz.

Biz biron mavzuga yondashishda, muayyan voqea yoki jarayonga insonlar koʻzi bilan qaraymiz. Yaʼni insoniy hikoyalar orqali hayotiy haqiqatlarni akslantiramiz.

Afgʻoniston ham, Oʻzbekiston ham azaldan xalq ogʻzaki ijodi kuchli rivojlangan mamlakatlar.

Oʻzbeklar hali Buyuk Ipak Yoʻli boʻylab Osiyodan Yevropaga sayohat qilgan hikoyalarni hamda ertaklarini bolalariga soʻzlab berishadi.

Shu bois biz uchun nafaqat rasmiylar beradigan maʼlumot yoki mutaxassislar tahlili, balki har bir odamning hikoyasi qadrli va qiziqarli.

BBC Oʻzbek Xizmati 1994 yilda ochilgan boʻlib, ilk 9 yil davomida aksar Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoga bagʻishlangan radioeshittirishlar tayyorlagan.

2003 yildan boshlab esa Afgʻoniston oʻzbeklari uchun ham maxsus eshittirishlar tayyorlay boshlagan.

Hozirgacha BBC Oʻzbek Xizmati Oʻzbekiston va Afgʻonistondagi oʻzbeklar uchun kiril, lotin va arabcha oʻzbek yozuvlarida vebsahifa va ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqatib, videolavhalar tayyorlaydi.

Oʻzbek tili uchta alifboada yozadigan BBCdagi yagona xizmat sanaladi. Shuningdek, oʻz muxlislari va audiyatoriyasi bir nechta mamlakatda yashaydigan kam sonli tili xizmatlaridan biri hamdir.

Bu esa BBC Oʻzbek yelkasiga yanada kattaroq masʼuliyat va yuklaydi.

TV dasturlar ochilishi BBC Oʻzbek Xizmatining xolis va ishonchli axborot tarqatish yoʻlida yana yangi bir pillapoya yuqoriga qoʻygan yangi qadami boʻldi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02