Markaziy Osiyo Myanmar inqirozidan "xavotirda"

Myanmar Image copyright Reuters

Qirgʻiziston va Qozogʻiston bu xususdagi xavotirlarini rasman - oʻz tashqi ishlar vazirligi darajasida izhor etishgan.

Myanmardagi mahalliy musulmon ozchiligiga qarshi zoʻravonliklardan "jiddiy tashvishda" ekanliklarini bildirishgan.

Qozogʻiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini mavjud vaziyatga aralashish, oʻzining qatʼiy mavqeini namoyon etishga chaqirgan.

Qozogʻiston Tashqi ishlar vaziri "Myanmardagi voqealar - salbiy tus olib borayotgan islomofobiyaning bir koʻrinishi ekani"ni aytgan.

Qozogʻiston Parlamenti Senati raisi Qosimjomart Tokayevning aytishicha esa, "BMT Myanmardagi voqealarning xavotirli rivoji yuzasidan oʻzining qatʼiy mavqeini namoyon etishi lozim".

Unga koʻra, "Myanmarda koʻplab begunoh musulmonlar qatagʻonlarning qurboniga aylanishmoqda".

Qosimjomart Tokayevning bu soʻzlaridan "Tengrinews.kz" xususiy internet nashri iqtibos keltirgan.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi esa, Myanmar inqirozida ishtiroki boʻlgan barcha tomonlarni "tinch yoʻl bilan mavjud mojaroga barham berish"ga undagan.

Qirgʻiziston Bosh vaziri esa, "terrorchilik, diniy nafrat zaminidagi zoʻravonliklar va ommaviy tartibsizliklarning oldini olish uchun" oʻz mamlakati milliy terma jamoasining 5 sentyabr kuni Myanmarga qarshi rejalangan futbol uchrashuvini ham bekor qilgan.

Myanmardagi zoʻravonliklar yuzasidan Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi ham keskin bayonot bilan chiqqan, u yerdagi hodisalarni "qatliom"ga tenglashtirgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotini bir chetda qoʻl qovushtirib, qarab turmaslikka chaqirgan.

Oʻzbekiston doxil qolgan mintaqa davlatlarining Myanmardagi hodisalarga rasmiy munosabatlari hozircha kuzatilmagan.

Ammo ayni mavzu shu kunlarda barcha yirik ijtimoiy muloqot tarmoqlarida oʻzbekistonlik aksariyat internet foydalanuvchilari orasida qizgʻin bahsu munozaralar markaziga aylangan.

Ayrim oʻzbekistonliklar Myanmardagi musulmonlar va ularning bugungi kechmishlariga bagʻishlab, sheʼrlar yozishgacha borishgan.

Soʻnggi tanglik

Myanmardagi soʻnggi tanglik "Arakan roxingalarini qutqarish armiyasi"ning 25 avgust kungi hujumlari ortidan boʻy koʻrsatgani iddao qilinadi.

Xabarlarga koʻra, bu guruh bir qancha politsiya postlari va Myanmar Qurolli kuchlarining bazasini nishonga olishadi.

Oʻzaro janglarda 12 nafar hukumat harbiysi va saksonga yaqin isyonchi halok boʻladi.

Ayon boʻlishicha, buning ortidan Myanmar harbiylari oʻzlarining aksilterror amaliyotlarini boshlashadi.

"Reuters" axborot agentligining xabar berishicha, oʻtgan bir hafta davomida hukumat kuchlari va roxinga jangarilari oʻrtasidagi toʻqnashuvlarda qurbon boʻlganlarning soni qariyb 400 kishiga yetadi.

Qurbonlardan aksariyatining musulmon roxinga jangarilari ekanliklari aytiladi.

Xabarlarga koʻra, soʻnggi zoʻravonliklar bois, Myanmarni tashlab chiqqan va tashlab chiqish harakatida boʻlgan mahalliy musulmonlarning soni qariyb 90 ming kishiga yetgan.

Orada ularning koʻplab uy-joylariga oʻt qoʻyilganiga oid xabarlar ham olingan.

Myanmardagi bu kabi zoʻravonliklar Rossiya va Chechenistonda yirik ommaviy norozilik namoyishlariga ham sabab boʻlgan.

Sobiq Shoʻro davlatlari rahbarlari orasidan birinchi boʻlib Myanmardagi hodisalar yuzasidan keskin bayonot bilan chiqqani esa, Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov boʻlgan.

Ramzan Qodirov roxinga musulmonlari uchun Rossiyaga qarshi chiqishga ham tayyor ekanini bayon qildi.

Myanmardagi musulmonlarning soni bugungi kunda 1.5 million kishini tashkil etishi aytiladi.

Tarixiy manbalarga koʻra, bu musulmonlar 19-asrning oxirida britan mustamlakachilari tomonidan Bangladeshdan Myanmarga koʻchirib oʻtkazilgan.

Ammo ular Myanmarda hali-hanuz noqonuniy muhojirlar sanalishadi va aksariyatining rasman fuqaroligi ham yoʻq.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq