Futbol, JCh-2017: Oʻzbekiston 0:0 Janubiy Koreya, kurash shu yerda tugadi

Futbol Image copyright Getty Images
Image caption Ikki raqib jamoa oʻrtasidagi dastlabki uchrashuv esa, 2:1 hisobiga Janubiy Koreyaning foydasiga hal boʻlgandi

Oʻzbekiston oʻziga 2018 yilgi jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatini berishi mumkin boʻlgan hal qiluvchi yakuniy oʻyinida durang natija qayd etdi.

Har ikki tomonda ham bir emas, qator imkoniyatlar boʻlgani holda, Toshkentdagi oʻyinda hisob ochilmadi.

"Bunyodkor" stadionida qayd etilgan bu kabi natija ortidan, "A" guruhiga ajratilgan ikkinchi naqd yoʻllanma Janubiy Koreyaga nasib etdi.

Birinchi yoʻllanmani esa, guruh peshqadami Eron muddatidan ilgari qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgandi.

Qolgan 1.5 yoʻllanma uchun kurashga faqat 9-tur uchrashuvlari ortidan kelib qoʻshilgan Suriyaga esa, yana omad kulib boqdi.

Parallel uchrashuvda Eron bilan durang (2:2) oʻynagan bu terma jamoa toʻplar nisbati hisobiga Oʻzbekistonga yarimga yoʻllanma uchun kurashish imkoniyatini ham qoldirmadi.

Oʻzbekiston shu yerda oʻz tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish yoʻlidagi navbatdagi kurashiga ham yakun yasadi.

Milliy terma jamoa beshinchi gal ham jahon chempionatiga chiqa olmadi.

Toshkentdagi durang natija ortidan, Oʻzbekiston oʻz guruhida bor-yoʻgʻi 4-oʻrin bilan kifoyalanishga majbur boʻldi.

Kecha dushanba kuni boʻlib oʻtgan rasmiy matbuot anjumanida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi Samvel Babayan maydonga "faqat gʻalaba uchun tushishlari, ortga yoʻl yoʻq" ekanligini aytgan.

Oʻzining isteʼfosiga oid savolga esa, "buning futbol rahbariyatiga bogʻliq" ekanini aytib javob bergandi.

Oʻzbekistonga hozircha biror marta boʻlsin, jahon chempionatiga chiqish nasib etmagan.

Milliy terma jamoa oʻz tarixida ikki bor Osiyo qitʼasi saralash bosqich bellashuvlarining pley-off bosqichiga qadar koʻtarilishga muvaffaq boʻlgan.

Ammo har ikki gal ham ularni boy bergan.

Osiyo qitʼasiga bu yil ham FIFA tomonidan bor-yoʻgʻi 4.5 yoʻllanma ajratilgan.

"B" guruhiga ajratilgan ikkita naqd yoʻllanmadan bittasi allaqachon Yaponiya milliy terma jamoasiga nasib etgan.

Bu guruhdan ikkinchi naqd yoʻllanma sohibi va yarimta yoʻllanma uchun daʼvogarning nomi esa, bugun Saudiya Arabistoni va Yaponiya oʻrtasida boʻlib oʻtajak yakuniy uchrashuv ortidan maʼlum boʻladi.

2018 yilgi futbol boʻyicha jahon chempionatiga Rossiya mezbonlik qiladi.

Bu kabi sharaf va yo-da imkoniyat shu paytgacha biror bir sobiq Shoʻro Respublikasiga nasib etmagan.

Oʻyin oldidan umidlar...

"Oʻzbekiston jahon chempionatiga chiqqanini birinchi boʻlib aytmoqchiman"...

Oʻzbekistonning Janubiy Koreyaga qarshi hal qiluvchi yakuniy uchrashuvi arafasida bu istakni Toshkentdan yetakchi futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov izhor etgandi.

BBC Oʻzbek Xizmatining suhbatiga mana bu link orqali quloq tutishingiz mumkin.

Osiyo qitʼasi soʻnggi bosqich saralash bellashuvlarining eng oxirgisi boʻlgan bu oʻyindagi yirik hisobdagi gʻalaba esa, Oʻzbekistonning oʻz tarixida birinchi bor toʻgʻridan-toʻgʻri jahon chempionatiga chiqishiga yoʻl ochardi.

Poytaxt Toshkent mezbonlik qilajak uchrashuv mahalliy vaqt bilan kechki soat 20:00 da boshlangan va "Bunyodkor" stadionida boʻlib oʻtgandi.

Soʻnggi bosqich saralash bellashuvlari 9-tur uchrashuvlari ortidan, Oʻzbekiston toʻp surayotgan "A" guruhida murakkab vaziyat yuzaga kelgan.

Guruhga ajratilgan 2.5 ta yoʻllanmadan bittasini peshqadam Eron allaqachon qoʻlga kiritgan bir manzarada qolgan 1.5 tasi uchun kurashuvchilarning soni birdaniga ortib ketgan.

Kurashga Janubiy Koreya va Oʻzbekistondan tashqari, endi Suriya va Xitoy ham qoʻshilgan.

Guruh ixtiyorida boʻlgan soʻnggi naqd yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun esa, ham Oʻzbekiston va ham Janubiy Koreya Toshkentdagi hal qiluvchi oʻyinda albatta gʻalaba qozonishlari shart boʻlardi.

"A" guruhidagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqanda esa, hatto, shunda ham, bu yoʻllanma sohibini Eron-Suriya uchrashuvi natijasi aniqlab berardi.

Bunga esa, 9-tur uchrashuvida Suriyaning Qatarni yirik(3:1) hisobida magʻlub etib, guruhda Oʻzbekistonning oʻrniga uchinchi oʻringa koʻtarilib olishi sabab boʻlgan.

Oʻzbekiston soʻnggi bosqich saralash bellashuvlaridagi 9 uchrashuvi ortidan jaʼmi 12 ochko toʻplab, 4-oʻrinda borayotgan bir manzarada bugungi raqibi boʻlmish Janubiy Koreya 14 ochko bilan guruhda Erondan keyin ikkinchi oʻrinni egallab turgandi.

"Parallel ravishda oʻtayotgan oʻyinga bogʻliq boʻlgani uchun ham, ikkita milliy terma jamoa ham gʻalaba uchun bahs olib borishga majbur. Agar, bittasi durangga qoniqish hosil qilganida, oʻyin boshqacha boʻlishi mumkin edi. Shuning uchun ham, ikkita gʻalaba qozonishga majburiyat his qilgan jamoalar oʻrtasidagi oʻyin boʻladigan boʻlsa, menimcha, bu hayot-mamot bellashuviga aylanadi", - degandi Toshkentdan yetakchi futbol sharhlovchisi boʻlgan suhbatdoshimiz Xayrulla Hamidov.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq