Ўзбекистонда 2 миллиард долларлик янги шаҳар қандай бўлади?
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Oʻzbekistonda 2 milliard dollarlik yangi shahar qanday boʻladi?

Oʻzbekistonda barpo etiladigan ilk "aqlli" shaharning video loyihasi taqdim qilindi. Toshkent viloyatining Nurafshon (sobiq Toʻytepa) shahrida barpo etiladigan zamonaviy shahar Oʻzbekistonga 2 milliard dollarga tushadi.

Toshkent viloyat prokuraturasi rasmiy saytida joylangan video loyihada maʼmuriy binolar, zamonaviy va qulay turar joy, biznes markaz, mehmonxona, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona, maktablar va koʻp tarmoqli shifoxonalarni koʻrish mumkin.

Video loyiha matni ingliz tilida yozilgan. Loyihani Janubiy Koreya arxitektorlari ishlab chiqishi aytilgandi.

Toshkent shahridan 25 km janubda joylashgan shaharda 29 ming aholi istiqomat qiladi.

Toshkent viloyati maʼmuriy markazi - Nurafshon shahrida yangicha koʻrinishida istirohat bogʻlari, maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun hiyobonlar tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Samarali jamoat transporti tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Shahar markazi orqali sunʼiy anhor oqib oʻtadi, uning yoqasi boʻylab yoʻl yotqizilib, kafe, doʻkon va boshqa obʼektlar ochiladi.

Toshkent va Nurafshonni tezyurar avtomobil yoʻli bogʻlaydi.

Shu vaqtgacha Toshkent viloyati oʻzining maʼmuriy markaziga ega emas edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 25 avgust kungi 11-yalpi majlisda Toʻytepa shahrining nomini Nurafshonga oʻzgartirish haqidagi qarorni tasdiqlagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02