Oʻzbekistonda endi ishsizlar ham pul ishlashlari mumkin boʻladi

Rossiya

Poytaxt Toshkentdan olingan xabarlarga koʻra, butun mamlakat boʻylab, ayniqsa, olis va chekka qishloq hududlaridagi beish odamlar pulli jamoatchilik ishlariga jalb etilishadi. Ularning sirasiga qishloq xoʻjalik ishlari ham kiradi.

Avvalboshdan taʼkidlash kerak, ishsizlik, yillarki, dolzarb muammoligicha qolayotgan mustaqil Oʻzbekiston tarixida bu kabi yangilik halicha kuzatilmagan.

Ayon boʻlishicha, ishsizlarning uncha uzoq kutishlariga ham toʻgʻri kelmaydi, bu ish shu yilning 1 oktyabridan boshlaboq sinov tariqasida yoʻlga qoʻyiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkentning bittadan tumanida sinab koʻriladi.

Agar, ish bersa, yangi reja kelasi yilning 1 yanvaridan boshlab, bosqichma-bosqich mamlakatning barcha tuman va shaharlarida amalga oshiriladi.

Pulli jamoatchilik ishlari deyilganda, aholi yashaydigan manzillar, mahallalarni obod qilish, ariqlar, irrigatsion tizimlarni tozalash, uy-joy kommunal xoʻjalik obʼektlarini taʼmirlash, infratuzilmani yaxshilash, koʻcha va yoʻllarni sozlash ham nazarda tutiladi.

Qishloq xoʻjalik ishlaridagi majburiy mehnat esa, uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston xalqaro miqyosda tanqidlarga tutib kelinayotgan soha va muammolardan biri boʻladi.

Ammo bu ishlarning qanday asosda tashkil qilinishi, ish haqlarining qay tartibda berilishi va miqdori qanchani tashkil etishi tafsilotlari hozircha maʼlum emas.

Xabarlarga koʻra, bunga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar prezident Shavkat Mirziyoyevning buyrugʻi asosida mamlakat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi Jamoatchilik ishlari jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Moliya vazirligi jamoatchilik ishlarini uyushtirish va amalga oshirishi uchun jamgʻarmaga joriy yilda 84 milliard soʻm, 2018 yilda esa, 714 milliard soʻm ajratadi.

Boshqa tomondan, taʼkidlanishicha, jamoatchilik ishlariga jalb qilingan beish oʻzbekistonliklar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etilishadi.

Bundan tashqari, qilgan jamoatchilik ishlari uchun jamgʻarmadan olajak ish haqlari bir marotabalik sotsial toʻlovga ham tortilmaydi.

Oʻzbekiston va ishsizlik

Agar, ayrim maʼlumotlarga tayanilsa, bugun Oʻzbekiston aholisining yarmidan ortiqrogʻini yoshlar tashkil qiladi.

Bu esa, Oʻzbekistonning mehnatga layoqatli aholisining katta qismi yoshlardan iborat ekanini anglatadi.

Mehnat vazirligi maʼlumotlariga qaraganda, respublikada har yili 560 ming yosh maxsus hunar bilim yurtlari, litsey va oʻquv yurtlarini bitirib chiqadi.

Biroq hukumat ularning barchasini ish bilan taʼminlashga qurbi yetmaydi.

Shu boisdan, millionlab mehnat muhojirlari har yili tirikchilik ilinjida tashqariga, asosan Rossiya va Qozogʻistonga, ish izlab borishga majburlar.

Birgina Rossiyaning oʻzida rasmiy hisoblarga koʻra, ikki million oʻzbekistonlik mehnat qiladi, ularning aksariyati yoshlarni tashkil qiladi.

Oldinroq BBC gaplashgan Rossiyadagi bir guruh mehnat muhojirlari vatanlarida ish boʻlsa, jon deb uyga qaytishlarini aytgandilar.

Taʼkidlash joiz, aksariyat oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyaning oʻzida ham xuddi shunga oʻxshash jamoatchilik ishlarida band boʻlishadi, qilgan ana shu mehnatlari uchun bir necha yuz AQSh dollari miqdoriga teng maosh olishlarini aytib kelishadi.

Agar, ularning orada BBC Oʻzbek Xizmatiga bergan suhbatlari tafsilotlariga tayanilsa, ana shu pullari evaziga Oʻzbekistonda uy-joy qilishadi, mashina olishadi, toʻy qilishadi va farzandlarini oʻqitishadi.

Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yil Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti sifatida imzolagan ilk qonuni esa, aynan yoshlar toʻgʻrisida boʻlgan.

"Davlatning yoshlar siyosati haqida"gi ana shu qonunida ularning huquq va erkinliklari kafolatlanib, ijtimoiy himoya qilinishi, iqtidorli va qobiliyatli yoshlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi koʻrsatilgan.

Kuzatuvchilar esa, Shavkat Mirziyoyevning dastlabki qonuni yoshlar haqida boʻlgani bejiz emasligiga alohida diqqat qaratishgan.

Ularga koʻra, Oʻzbekistonning mehnatga layoqatli aholisining katta qismini yoshlar tashkil qilar ekan, prezidentlikka asosiy nomzod deb koʻrilgan Mirziyoyev uchun oʻsha paytda yoshlarning ovozini olish juda muhim boʻlgan.

Bularning barchasi manzarasida soʻnggi yangilik turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida qizgʻin bahsu munozaralarga turtki bergan.

Ayrimlar uni xush qarshilashgan boʻlsa, boshqalari Oʻzbekiston hukumatini arzon ishchi kuchini suiisteʼmol qilayotganlikda ayblashgan.

Agar, mahalliy kuzatuvchilarning kuzatuvlariga tayanilsa, Oʻzbekistonda bugun ham aholining aksariyat qismi oʻrtahollikda umr kechiradi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq