"Lotin yozuvidagi adabiyot koʻpaytirilsin!"

Lotin alifbosida dars Image copyright kun.uz

Prezident Mirziyoyev imzolagan qaror Oʻzbekistondagi alifbo kelajagi borasida mujda bergan.

Oxirgi paytda Oʻzbekiston Kirill alifbosiga qaytishi kerakmi yoki Lotin alifbosiga oʻtishni yakuniga yetkazishi kerakmi, degan savol atrofidagi bahs qizgani kuzatildi.

Bunga 1989 yili "Davlat tili toʻgʻrisida"gi qonun qabul qilinganidan buyon alifbo borasida davlat miqyosida yakuniy bir qarorga kelinmagani sabab boʻldi.

Oʻzbekiston mustaqillikning ilk yillarida Lotin yozuviga oʻtishga qaror qilindi.

Shu asosda maktab darsliklari oʻzgartirilib, oʻquvchilar ilk bor alifboni maktablarda Lotin tilida oʻrganishni boshlanganlariga bu yil 20 yil boʻlgan esa-da, ish yuritish Kirill alifbosida qolib ketaverdi.

10 avgust kuni adabiyotshunos, "Jahon adabiyoti" jurnalining Bosh muharriri Shuhrat Rizayev "Prezidentga maktub" ochiq xatini eʼlon qildi,

Oʻz murojaatida adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev Oʻzbekiston Kirill alifbosiga qaytishi lozim degan taklifni ilgari surgan.

Shuhrat Rizayevning ushbu taklifiga qarshi qator ziyolilar qarshi chiqdilar.

Internetga #Kirillgaqaytmaymiz heshtegi ham olib chiqildi.

#Kirillgaqaytmaymiz heshtegi ostida Oʻzbekistonda tugʻilmagan oʻzbeklarning Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaati ham eʼlon qilindi.

Bu murojaatda Afgʻoniston, Pokiston, Qirgʻiziston, Saudiya Arabistoni va Turkiyada tugʻilib voyaga yetgan oʻzbeklar Lotin alifbosi dunyo oʻzbeklarini birlashtirgan omil sifatida tilga olingan.

Prezident Mirziyoyev 13-sentyabr kuni imzolagan qaror "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida" deb nomlangan.

Qarorda "lotin yozuviga asoslangan yangi oʻzbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va entsiklopedik adabiyotlarni yanada koʻpaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish" alohida vazifa etib koʻrsatilgan.

Prezident qaroriga binoan, kitob doʻkonlari, nashriyot va matbaa uylariga qator imtiyozlar beriladi.

Xususan, savdosida kitob oldi-sotdisi 70 foizdan koʻpni tashkil etadigan tadbirkorlik subʼektlari 2020 yilgacha yagona soliqdan ozod etiladilar.

Kitob doʻkonlari, nashriyot va bosmaxonalar tijorat banklaridan imtiyozli kredit olishlari mumkin.

Shuningdek, foydalanilmay yotgan binolar maxsus kitob doʻkonlari uchun begʻaraz berilishi mumkinligi aytilgan.

Prezident qarorida eReader oʻquv dasturlarini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlangan:

"Mamlakatimizda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beradigan eReader elektron oʻquv qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, ularning axborot bazasiga umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy oʻquv yurtlari uchun darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv-uslubiy, ilmiy-nazariy manbalarni joylashtirish, bunday mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar tayyorlash".

Shuningdek, qarorda "mazmunan sayoz, milliy maʼnaviyat va qadriyatlarimizga, axloq meʼyorlariga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini koʻrish" vazifasi qoʻyilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq