"Forbs" Mirziyoyevni Den Syaopinga qiyosladi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright AFP/Getty Images
Image caption "Forbs"ga koʻra, Mirziyoyev Oʻzbekistonni dunyoga koʻproq ochmoqda

AQShda chop etiladigan "Forbs" (Forbes) nashri Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Xitoyning islohotchi rahbari Den Syaopinga qiyoslagan.

Kennet Rapoza qalamiga mansub maqolada mintaqaning bir paytlar dunyoga yopiq va shoʻro uslubida boshqarilgan davlati endilikda oʻzini oʻzi "qayta ishga tushirish"ga urinayotgani aytiladi.

Muallif 5 sentyabrda joriy etilgan oʻzbek soʻmining erkin konvertatsiyasi iqtisodiy yuksalishning muqaddimasi boʻlishi mumkinligini bashorat qilgan.

Uning yozishicha, mamlakatni uzoq vaqt boshqargan Islom Karimovning oʻlimidan soʻng hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni dunyoga koʻproq ochadigan lider boʻlishiga ishonmoqda.

"Mujda"

"Forbs" ga koʻra, Mirziyoyev mintaqaning eng yirik harbiy qudrati boʻlgan Oʻzbekiston Yevrosiyodagi jarayonlarni yaqindan kuzatayotganlarga, nihoyat, iqtisodiyotini zamonaviylashtirish borasida umidlarni bermoqda.

Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan koʻp oʻtmay, Turkmaniston, Qozogʻiston, Rossiya va Xitoyga safar qilganiga eʼtibor qaratgan muallif, bu tashriflarning qoʻshnilar uchun "qatʼiy mujda" boʻlganini aytadi.

"Oʻzbekiston qoʻshnilari bilan savdo aloqalarini yaxshilash ustida ish olib bormoqda. Agar qoʻshnilar bilan chiqisha olmasang, xorijiy sarmoyalardan umidingni uzishga toʻgʻri keladi", deya qayd etadi "Forbs".

Maqolada Oʻzbekiston Senatining rais oʻrinbosari Sodiq Safoyevning yuqori iqtisodiy oʻsish va oʻzbek iqtisodining raqobatbardoshligini oshirish "Oʻzbekiston rahbariyatining ustuvor vazifasi" etib belgilangani haqidagi soʻzlaridan iqtibos keltirilgan.

"Baʼzilar Mirziyoyevni Den Syaopinga qiyoslashadi. Den Syaopin Xitoy iqtisodini Mao Tszedun merosidan tozalagan va pirovardida mamlakatni iqtisodiy qudratga aylantirgan islohotlarni boshlagandi", deb yozadi "Forbs".

Siyosiy iroda

"Agar tarixga qarasangiz, Oʻzbekistonning Yevrosiyodagi oʻrni taʼsirli ekanini koʻrasiz. Chunki Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida asosan koʻchmanchilar yashagan boʻlsa, Oʻzbekistonning Toshkent singari shaharlarida tsivilizatsiya gullab-yashnagan", deydi "Forbs" suhbatlashgan Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar mrakazidan Jonatan Hilman.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston qadimiy "Ipak yoʻli"ning bir qismi va Xitoyning yangi "Ipak yoʻli"ning ha bir qismi boʻladi.

Image copyright Courtesy
Image caption "Mirziyoyev Karimov merosini tanqid qilishga yoʻl ochib berdi"

"Forbs"ning yozishicha, xuddi SSSR qulagandan keyingi Rossiya kabi, Oʻzbekiston ham milliy valyutaning toʻliq konvertatsiyasini 2019 yilda joriy etishni rejalamoqda.

Senat raisining oʻrinbosari Sodiq Safoyevning aytishicha, cheklangan konvertatsiya xususiy tadbirkorlik va xorijiy sarmoyalarni boʻgʻib qoʻydi va Oʻzbekistonning qoʻshnilari oldidagi raqobatbardoshligiga salbiy taʼsir qildi.

Unga koʻra, hozirda hukumat Xalqaro Moliya Jamgʻarmasi bilan valyuta ayirboshlashning bozor mexanizmiga oʻtish ustida ish olib bormoqda.

"Bu ishni oxiriga yetkazish uchun mustahkam siyosiy iroda mavjud", deb aytgan Sodiq Safoyev.

Ichki kurashlar

Ammo maqolada qayd etilishicha, iqtisodiy qarorlarni Mirziyoyevning bir oʻzi qabul qilmaydi.

"U yerdagi ayrim odamlar Karimov davrida qaror topgan vaziyatning ("status-kvo") oʻzgarishini unchalik ham istashmaydi. Qolaversa, oʻzbeklar ehtiyotkor va tajriba qilishni yoqtirishmaydi", - deb yozgan "Forbs".

Nashrning qayd etishicha, Mirziyoyev birinchi marta Oʻzbekistonni sovet uslubida boshqargan Karimovning merosini tanqidlarga ochgan.

"Karimovning boshqaruv uslubini tanqid qilishga yoʻl ochish bilan 60 yoshli Prezident oʻzgarishlarga qarshilik qilayotgan kuchlar bilan kurashda oʻziga xalq orasidan dastak izlamoqda", deb yozadi "Forbs".

Nashrning fikricha, Mirziyoyev shu yilning yanvar oyida hukumatda amalga oshirgan oʻzgarishlar uning mavqeini mustahkamlagan.

"Forbs" suhbatlashgan Shvetsiyadagi "Markaziy Osiyo-Qafqos" instituti "Ipak Yoʻli Dasturi"dan Svante Kornelning aytishicha, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon bir yil oʻtdi, ammo "ichki kurashlarning yaqqol belgisini koʻrmadik".

"Bu yaxshilik alomati. Men Oʻzbekistonning Yevrosiyoga integratsiya boʻlishida hech qanday toʻsiqni koʻrmayapman", - deb aytgan shvetsiyalik tahlilchi.

Rossiyalik iqtisodchi Vladislav Inozemtsevga koʻra, hozirda dunyo Oʻzbekistondagi eski tuzumning yumshashiga guvoh boʻlmoqda.

Senat raisining oʻrinbosari Sodiq Safoyev buni inkor etmaydi.

"Bizda asrlar davomida shakllangan tadbirkorlik anʼanasi bor. Bizning aholimiz yosh va yaxshi taʼlim koʻrgan. Va yosh hamda dinamik iqtisod bilan Oʻzbekiston yana "Ipak Yoʻli"ning muhim nuqtasiga aylanadi", - deya Safoyevning soʻzlarini keltirgan "Forbs" nashri.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02