Anvar qori: "Televideniyega Fotima otin haqida gapirmaganman"

Anvar qori Image copyright lolakarimova.com

Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov BBC bilan suhbatda "Oʻzbekiston" kanalida shov-shuv boʻlgan intervyusi Fotima otin haqida boʻlmaganligini aytdi. Jurnalist boshqa mavzularda olgan intervyusini diniy taʼlim oluvchi ayollar mavzusidagi koʻrsatuvga montaj qilgan.

Anvar qorining aytishicha, jurnalist 5 oy oldin undan ayollarning masjidda toʻplanib oʻtirishi joizmi, degan savolni soʻragan.

"Uni odamlardan keyin koʻrdim boʻlgan voqeani. Shunaqa voqea boʻlgan ekan. Yaʼni soʻramagan oʻzicha yiqqan. Shunga tushadi deyishgan. Yaʼni ayollarning yigʻilib oʻtirib, oʻzicha nima qilishi mumkin emas-da hanafiy mazhabida", - deydi Anvar qori Tursunov.

Intervyuni tinglash uchun linkni bosing

Toshkent Bosh imom xatibi shov-shuvlarga sabab boʻlgan koʻrsatuvda u ayollarni bilishini va Qurʼonni pulga oʻqitishini aytgan. Anvar qorining BBCga aytishicha, bu gapni aytganiga 3-4 oy boʻlgan va boshqa bir ayolga aytgan.

"U aytdiki, man oʻqitaman, dedi. Xoʻp, siz ijozat bilan, bizga imtihon topshiring, Ha nimani bilasiz, oʻzingiz Qurʼon oʻqishni bilasizmi, desam, uncha bilmayman. hech narsani dedi. Bilmasdan nimani oʻrganasiz, desam, man pul ishlashim kerak dedi. Yoʻq unaqa boʻlmaydi, dedim. Oldin odam bir narsaga ega boʻlib, keyin toʻgʻri ishlasangiz mana madrasada ham dars berishingiz mumkin. Har bir sohaning oʻz diplomi boʻlishi kerakmi axir", - deydi Anvar qori Tursunov.

Toshkent shahar bosh imom xatibi yana bir bor ayollarning toʻplanib oʻtirib oʻzicha oʻqishini ulamolarga iqtibos keltirib makruh dedi.

U Zomindagi Mirziyoyev masjidi deya mashhur boʻlgan yangi masjidda ayollarning toʻplanib namoz oʻqishiga berilgan iznni ayollarning safarda ekanligi bilan izohladi.

"Safarda ular. Qayerda oʻqisin. U yerda oʻqiydigan boshqa joyi yoʻq. Borayotganda. Sanatoriyaga keladi, boshqa. Safarda oʻqib ketaveradi. Oʻzi u (masjid) safardagilar uchun. Boshqalar uyida oʻqiydi u yerda. Bilamiz-ku hammasini".

Anvar Qori Tursunovdan diniy taʼlim olayotgan ayollarni koʻrsatuvda oʻsha ohangda, jinoyatchi sifatida taqdim qilinishi maʼqulmi degan savolga, avvaliga "maʼqulmas", deb javob berdi.

Keyin savolni qaytadan soʻradi.

Anvar qori Tursunov: "Oʻzbekiston bizning nimamizda, shaxsiy tartibda, yakka holatda konstitutsiyada bu mumkinmas. Qonun buzilishi-ku axir".

BBC: Uni tushundim, qayta-qayta taʼkidladingiz. Lekin filmning mualliflari deylik, taqdim qilish yoʻsini maʼqulmi?

Anvar qori Tursunov: "Sizga oʻzimning fikrimni aytdim. Endi gapni aylantirmang, aka.

BBC: Gapni aylantirmayapman. Siz filmni maʼqullaysizmi yo qoralaysizmi, savol shu.

Anvar qori Tursunov: Nima deganingiz bu. Men qonun buzilganini, masalan, shuni oʻzining oʻgʻliyam aytdi. Oʻgʻli aytdiki, men onamga shunaqa ish qilmang, deganman. Men onamga hatto gaplashmaganman, shu ishni qilmang, deb aytganman. Biribir qildilar. Shu ayblari, deb oʻzining oʻgʻli aytdiyu. Oʻzining oʻgʻli ham imom, noibi imom. Oʻzining oʻgʻli aytdi. Ana oʻshandan soʻrang.

Anvar qori Tursunov shu yerda shom boʻlib qolgani va namozga tahorat olishi kerakligini hamda BBCga boshqa gapi yoʻqligini aytib goʻshakni qoʻydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq