Prezident Mirziyoyev Nyu-Yorkka joʻnab ketdi

Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan iyunda Toshkentda uchrashgandi Image copyright uza.uz
Image caption Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan iyunda Toshkentda uchrashgandi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun - 18 sentyabr kuni Nyu-Yorkka uchib ketdi.

Prezident Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi umumiy muzokaralarida nutq soʻzlaydi. Oʻzbekiston rasmiy agentliklari mazkur nutqda qanday masalalar koʻtarilishini ochiqlamadi.

Nyu-York shahriga tashrifi doirasida Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xalqaro valyuta fondi taqsimlovchi direktori Kristin Lagard, Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yon Kim hamda BMT Bosh Assambleyasiga tashrif buyurgan boshqa davlat rahbarlari bilan uchrashadi.

Oʻzbekiston rahbari, shuningdek, Oʻzbekiston - Amerika biznes-forumida ishtirok etadi.

Biznes-forumda ikki davlatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-sarmoyaviy sohalarda kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Biznes-forum 20 sentyabr kuni Nyu-Yorkdagi Park Hyatt New York mehmonxonasida boʻlib oʻtadi.

AQSh-Oʻzbekiston savdo palatasi oʻz saytida yozishicha, Oʻzbekistondagi "agressiv iqtisodiy islohotlar, valyuta liberalizatsiyasi AQSh biznes hamjamiyatida Oʻzbekistonga nisbatan misli koʻrilmagan qiziqishni uygʻotdi".

Forumda Oʻzbekiston hukumati nomidan Senator Sodiq Safoyev, "Oʻzavto" raisi Ulugʻbek Roʻziqulov, "Oʻzbekenergo" raisi Ulugʻbek Mustafoyev, Tashqi savdo aloqalar vaziri Elyor Gʻaniyev, hamda gaz va neft, kimyoviy sanoat, farmatsevtika, turizm, toʻqimachilik va qator boshqa sohalar rahbarlari ishtirok etadilar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq