Xalqaro tashkilotlar AQShdan Rustam Inoyatovni "qora roʻyxat"ga kiritishni soʻradi

Rustam Inoyatov Image copyright official
Image caption Rustam Inoyatov 1995 yildan beri SNB raisi boʻlib ishlaydi

Xalqaro tashkilotlar Oʻzbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (SNB) raisi Rustam Inoyatovni AQShning "qora roʻyxati" deb nom chiqargan Magnitskiy roʻyxatiga kiritishni tavsiya qildi. Inoyatov Oʻzbekistonda keng yoyilgan qiynoqlarga bosh-qosh boʻlishda ayblanmoqda.

23 xalqaro tashkilot nomidan AQSh hukumatiga yozilgan murojaatda Inoyatov bilan birga turli davlatlardagi yana 14 rasmiy ismi keltirilgan.

Maktubda aytilishicha, MXX (SNB) raisi Rustam Inoyatov Oʻzbekistondagi inson huquqlari tashkiloti vakilini nohaq tutqunda ushlash va Oʻzbekiston keng yoyilgan qiynoq qoʻllash siyosatiga bosh-qosh boʻlishda masʼul.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Rustam Inoyatov ketadimi?

Murojaatda nohaq qiynoqlarga tutilgan huquq himoyachisining ismi sharifi keltirilmagan.

Jabrlanuvchi Oʻzbekistonda kambagʻal hamda imkoniyati cheklangan odamlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini himoya qilganligi aytilgan.

Maktubda keltirilishicha, jabrlanuvchi 2006 yilning 29 aprelida SNB tomonidan tovlamachilikda ayblanib hibsga olingan. Xalqaro tashkilotlarning taʼkidlashicha, ushbu ayblar 2005 yil 13 may Andijon qirgʻinidan soʻng hukumat tanqidchilarining ovozini oʻchirish uchun maxsus kuchlar tomonidan uyushtirilgan.

Jabrlanuvchini qamoqda oʻtirgan umri davomida bir necha marotaba qiynoqlarga tutilgan. U hozir ham qamoqda qolmoqda. Qamoqda uni doʻpposlashgan, osib oʻldirishga bilan qoʻrqitishgan va haftalab qahraton sovuqqa chiqarib qoʻyishgan.

Jabrlanuvchi avvaliga 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq ozodlikka chiqishiga 2 hafta qolganida yana 5 yil qoʻshib berilgan. Bir necha xastaliklar kuzatilgan boʻlsa-da, unga qamoqxonada zaruriy tibbiy yordam koʻrsatilmagan.

"Ijrochi, MXX (SNB) raisi, SNB nazorati ostida boʻlgan mahbuslarning saqlanish sharoitlari uchun masʼul hisoblanadi. Shu bilan birga u Qiynoqlarga qarshi qoʻmita 2013 yilda taʼkidlagan "tizimli, keng yoyilgan va olqishlanadigan" qiynoqlar amaliyoti va siyosatini boshqargan", - deyiladi maktubda.

Maktub AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson va Moliya vaziri Stiv Mnuchin nomiga yozilgan.

Magnitskiy roʻyxati 2009 yilda Moskva politsiyasi idorasida vafot etgan huquqshunos Sergey Magnitskiy sharafiga tuzilgan. Magnitskiy va uning safdoshlari Rossiya byudjetidan oʻmarilgan katta mablagʻ ishini fosh etayotgan boʻlgan.

AQSh senati ushbu moliyaviy firibgarlikka aloqasi bor rossiyalik amaldorlarga personal sanktsiya qoʻllash taklifi bilan chiqdi.

Keyinchalik ushbu roʻyxatga dunyoning boshqa davlatlarida moliyaviy firibgarlik, qiynoqlar, inson huquqlarini toptagan amaldorlarni ham kiritish joriy qilindi.

Ushbu roʻyxatga tushgan amaldorlarga qarshi moliyaviy sanktsiyalar va viza taqiqlari qoʻllaniladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq