Prezident Mirziyoyev AQShga Alisher Usmonov samolyotida uchib bordimi?

Prezidentning Nyu-Yorkda kutib olinishi aks etgan suratda "Burxon"ning pastki jigarrang qismini koʻrish mumkin Image copyright uza.uz
Image caption Prezidentning Nyu-Yorkda kutib olinishi aks etgan suratda "Burxon"ning pastki jigarrang qismini koʻrish mumkin

BBC kuzatuvlariga koʻra, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni AQShga milliarder Alisher Usmonovning xususiy samolyotida uchib borganining ehtimoli juda katta.

Prezident Mirziyoyev qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan BMTning Bosh assambleyasida nutq soʻzlashi va Oʻzbekiston-AQSh Biznes forumida qatnashishi koʻzda tutilgan.

Alisher Usmonovga tegishli Airbus A340-313 samolyoti M-IABU registratsion raqamiga ega. "M-IABU"ning oxirgi toʻrt harfi "Men Alisher Burxonovich Usmonov (I'm Alisher Burkhanovich Usmanov) deganini anglatadi.

BBC Oʻzbekiston Prezidentining oʻz samolyotida emas, balki Usmonovnikida uchayotgani borasida Toshkentdagi manbasidan xabar olgach, M-IABU harakatini flightradar24 saytida jonli ravishda kuzatib turdi.

Image copyright flightradar24
Image caption Usmonov uchogʻining Toshkentdan Nyu-Yorkka parvozi

Mazkur samolyot Toshkent aeroportidan mahalliy soat 09:19da havoga koʻtarildi va 13 soatu 5 daqiqa toʻxtovsiz uchib Nyu-Yorkning JFK aeroportiga yetib bordi.

Samolyot dunyodagi eng qimmatbaho shaxsiy uchoqlardan biri sanalib, narxi 350 million dollar ekani aytiladi.

Samolet bortiga Alisher Usmonovning otasining ismi - "Bourkhan" (Burxon) soʻzi yozilgan.

Ammo, nega Oʻzbekiston prezidenti oʻzining samolyoti emas, balki oʻzbek hukumati aʼzosi sanalmagan Alisher Usmonovnikida bu kabi nufuzli safarga chiqishga qaror qildi?

Image copyright flightradar24
Image caption Safar tafsiloti

Nega ushbu safar tafsilotlari televideniye orqali namoyish etilmadi?

Prezidentga Usmonovning oʻzi hamrohlik qilayotgandimi?

18 sentyabr kuni efirga uzatilgan "Axborot" koʻrsatuvida Prezident Mirziyoyevning aftidan bir qoʻriqchisi bilan Toshkent aeroportidan chiqib ketayotgani namoyish qilindi, ammo odatga aylangan uchoqqa chiqib ketish kadrlari koʻrsatilmadi.

19 sentyabr kuni uza.uz Prezidentning AQShga yetib kelgani haqidagi maqolasiga uning Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Karolin Lamm tomonidan kutib olinayotgani aks etgan suratini ilova qildi.

Suratda Alisher Usmonov samolyotining pastki jigarrang qismi koʻringan.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik kursisiga saylangach, Alisher Usmonov Oʻzbekistonga tez-tez keladigan boʻldi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin ekani aytiladigan Usmonov Oʻzbekiston Prezidenti bilan qarindoshlik rishtalariga ega.

Image copyright Axborot
Image caption Nega "Axborot" Prezident Mirziyoyevning qanday uchoqqa chiqqanini namoyish qilmadi?

Prezident Mirziyoyev rafiqasining jiyani Diyora Alisher Usmonovning 2013 yilda halok boʻlgan jiyani Boburning bevasidir.

BBC Usmonovning samolyoti nega AQShga uchganini bilish uchun Usmonovga tegishli "Metalloinvest" kompaniyasining jamoyatchilik bilan ishlash masalalari boʻyicha kotibi Yuliya Mazanova bilan ulanishga urindi.

Mazanovaning kotibi BBCga ularda bunday maʼlumot yoʻqligini aytdi, hamda yozma ravishda murojaat qilishni tavsiya qildi.

BBC "Burxon" samolyotida Alisher Usmonovning oʻzi ham prezident bilan uchgan yo uchmaganidan bexabar.

Oʻzbekiston-AQSh Biznes forumining ishtirokchilari roʻyxatida Oʻzbekiston hukumatining qator rasmiylari va tadbirkorlar ismlari keltirilgan, ammo ular orasida Alisher Usmonov yoʻq.

Anonim tarzda BBCga gapirgan toshkentlik jurnalistning aytishicha, Prezident Mirziyoyev xavfsizlik xavotirlari tufayli Prezident uchogʻi emas, balki Usmonovnikida uchayotgan boʻlishi mumkin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq