Bobomurod Abdullayev "hokimiyatni bosib olishga urinish"da gumon qilinmoqda

Bobomurod Abdullayev Image copyright Courtesy

Jurnalist Bobomurod Abdullayev rasman "Usmon Haqnazar"imzosi ostida "amaldagi tuzumni oʻzgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va Oʻzbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Bu haqda jinoiy ishlar boʻyicha Yunusobod tuman sudi shu yilning 1 oktyabr kuni chiqargan qarorda aytiladi.

Inson haqlari faoli Surat Ikromov BBCga taqdim etgan qaror nusxasidan maʼlum boʻlishicha, sudʼya Shamsuddinova E.R raisligida oʻtgan mahkama Bobomurod Abdullayev "2011 yildan shu kungacha" "Usmon Haqnazar" taxallusi ostida muxolifatdagi Oʻzbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solihning "buyurtmalarini bajarib kelgani"ni aniqlagan.

Mahkama aniqloviga koʻra, "amaldagi tuzumni bosib olishga chaqiruvchi" maqolalar internet orqali Muhammad Solihga yetkazib turilgan.

Mahkama Bobomurod Abdullayevni "OʻXX funktsioneri" deb atagan.

Tergov Bobomurod Abdullayevning asosiy manbalari Salayev Ravshanbek Boyjonovich va Olloyorov Shavkatjon Olloyor oʻgʻli ismli Oʻzbekiston fuqarolari ekanini aytgan.

Mahkama qarorida aytilishicha, bu ikki shaxs Bobomurod Abdullayevning tanishlari boʻlgan va ular "qoʻriqlanadigan shaxslar, yirik ishbilarmonlar va Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari rahbariyatiga kirish imkoniga ega boʻlganlar".

Mahkamaga koʻra, ular oʻzlari "etkazgan maʼlumotlar hokimiyatni noqonuniy yoʼl bilan bosib olishda ishlatilishini bilganlari holda Bobomurod Abdullayev uchun, uning topshirigʻi bilan materiallar toʻplashgan va unga yetkazib turganlar.

Image copyright Official
Image caption Sud Bobomurod Abdullayevni MXX tergov izolyatorida qoldirish haqida qaror chiqargan

Yunusobod tuman mahkamasi gumonlanuvchi Bobomurod Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 159-modda 4-qismi bilan ayblov eʼlon qilgan va uni Oʻzbekiston Respublikasi MXX tergov izolyatoriga hibs qilishga buyruq bergan.

Mahkama qarorida aytilishicha, gumonlanuvchi oʻn kun muhlat ichida ayblanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb etilishi, aks holda hibsdan ozod qilinishi kerak boʻladi.

44 yoshli jurnalist 27 sentyabr kuni kunduzi bedarak ketgan va oradan bir kun oʻtib, uning Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan MXX izolyatorida ekani oʻrtaga chiqqan.

Sud qarorida Abdullayevning 29 sentyabr kuni soat 19:55 da hibsga olingani aytiladi.

1 oktyabrdagi sudda advokat Sharipov Sh.M. ning ham ishtirok etgani aytilgan, ammo jurnalistning ayoli Katya Balxibayeva BBC bilan suhbatda advokatni tanimasligini aytdi.

Avvalroq inson haqlari faoli Surat Ikromov jurnalistning ayoliga MXX tomonidan mustaqil advokatdan voz kechishi uchun bosim oʻtkazilganini aytgan edi.

"Uch bosqichli inqilob rejasi"

Mahkama qarorida Bobomurod Abdullayevning manbalari boʻlib xizmat qilgani aytilgan Salayev va Olloyorovlarning aynan qaysi tizimda ishlaganlariga aniqlik kiritilmaydi.

Shuningdek, ularning taqdiri haqida ham hech narsa deyilmaydi.

Unda aytilishicha, Abdullayev bu shaxslardan "olingan maʼlumotlar va Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni tahlil qilgan holda Muhammad Solihning koʻrsatmasi bilan Oʻzbekistonda inqilob qilish va Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini agʻdarishga qaratilgan reja"ni ishlab chiqqan.

Tergovning daʼvo qilishicha, "Yigʻim-terim" ("Jatva") nomi berilgan "loyiha"ga muvofiq, uch bosqichda Oʻzbekistonning amaldagi konstitutsiyaviy tuzumini agʻdarish rejalangan.

Unda Oʻzbekiston hukumatidagi "muhim" mansabdor shaxslar (MXX, IIV va Mudofaa vazirligi) va keng xalq ommasini jalb etish, shuningdek, shahar va viloyat miqyosida (Toshkent, Fargʻona, Navoiy, Urganch) harbiy harakatlarni oʻtkazish rejalangani daʼvo qilinadi.

Sud aniqloviga koʻra, rejaga respublikaning turli vazirlik va idoralari rahbarlarining yashash joylari sxemalari va suratlari, shuningdek, ularni qoʻlga olish uchun zarur boʻlgan odamlar soni hamda ketadigan xarajatlarning smetalari ham ilova qilingan.

Sud Bobomurod Abdullayev sodir etishda gumonlanayotgan jinoyatni "oʻta ogʻir" deya malakalagan.

Eslatib oʻtamiz, 3 oktyabr kuni Istanbuldagi matbuot anjumanida muxolifatdagi Oʻzbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih Bobomurod Abdullayevning yillar davomida "Usmon Haqnazarov" nomi ostida maqolalar chop etib kelgan muallif ekanini ochiqlagandi.

Muhammad Solih jurnalistning "hayotini saqlab qolish uchun" bu kabi bayonot bilan chiqishga majbur boʻlganini aytgan.

U 2003 yildan buyon internetda "Usmon Haqnazarov" taxallusi ostida maqolalar chop etgan muallif va Bobomurod Abdullayevning bir shaxs ekanini aytgan.

Tergov esa Bobomurod Abdullayev 2011 yildan buyon "Usmon Haqnazar" taxallusi bilan maqolalar chop etib kelganini aytadi.

"Usmon Haqnazarov" taxallusi ostidagi ilk maqolalar internetda 2003 yilda paydo boʻlgandi.

Muallif marhum prezident Islom Karimovning norasmiy tarjimai holi, sogʻligi va hokimiyatning yuqori eshelonlaridagi korruptsiya hamda mamlakatdagi siyosiy repressiyalarga doir rus tilidagi maqolalarni chop etib kelgan.

Ammo hozirga qadar "siyosatshunos Usmon Haqnazarov" daʼvo qilgan holatlarning birontasi na rasmiy va na mustaqil manbalardan tasdiqlangan emas.

Oʻzbek rasmiylari va mahalliy matbuot hech qachon "Usmon Haqnazarov"ning chiqishlariga munosabat bildirmagan.

Ayni taxallus ostida maqolalar chop qilgan muallifga nisbatan qidiruv yoki qandaydir tezkor amaliyotlar olib borilgani BBCga maʼlum emas.

Shunday boʻlsa-da, "Usmon Haqnazarov" nafaqat muxolifat nashrlari, balki mustaqil va xorijiy nashrlarda keng iqtibos qilingan.

Shu yilning avgustida hatto Oʻzbekistoning oʻzidagi qator internet nashrlari ham "siyosatshunos Usmon Haqnazarov"ning maqolasidan iqtibos keltirgan.

Bobomurod Abdullayev 2000-yillar boshida "Ozod ovoz" mustaqil web-saytiga asos solgan, Britaniyaning urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR) muxbiri boʻlib ishlagan.

Oxirgi yillarda u Oʻzbekistonda futbol jurnalisti sifatida tanilgan. Futbol federatsiyasi va terma jamoa murabbiylarini keskin tanqidlari bilan ajralib turgan.

"Qasos"

Bobomurod Abdullayevga nisbatan rasmiy ayblovga munosabat bildirgan Muhammad Solih BBC bilan suhbatda ayblarni "mutlaqo asossiz va bemaʼni" deb atadi.

Uning aytishicha, Oʻzbekiston hukumati va xususan, MXX jurnalistdan xuddi shu yoʻl bilan qasos olishga urinmoqda.

"Afsuslar boʻlsinki, bugun Bobomurod Abdulla (Usmon Haqnazar)ga qoʻyilgan aybnoma eʼloni Oʻzbekistonda siyosiy rejimning hali-beri oʻzgarmasligidan darak bermoqda. Bu MXXning, shaxsan Rustam Inoyatovning bizdan - Usmon Haqnazar (Bobomurod Abdulla) va mendan olgan intiqomidir", - deb aytdi Muhammad Solih.

"Chunki biz Usmon Haqnazar va kamina yangi rahbar Shavkat Mirziyoyev islohotlarini ochiq qoʻllab chiqdik va islohotlar oldidagi eng katta toʻsiq Karimovchi kadrlar, boʻgʻzigacha oʻgʻirlik va poraxoʻrlikka botgan MXX strukturasi va uning rahbariyati ekanini aytdik va bu toʻsiqqa qarshi kurashdik. Aybnomada koʻrsatilgan "davlat toʻntarishiga tashabbus" ayblovi 1999 yil bizga qoʻyilgan 16 fevral portlashlari kabi tuhmatdan iboratdir. Bu yolgʻonining ham umr qisqa boʻlajak, bunga shubhamiz yoʻq. Bizni boshqa narsa qiziqtiradi: biz anchadan beri dastaklayotgan, bu oʻyinni koʻrib turgan prezident Mirziyoyev nega jim? Yoki biz bekorga umidlandikmi? Yangi prezident Karimov sarqitlaridan ozod boʻlishga samimiy intilayapti, deya behuda ishondikmi? Buni eng yaqin zamonda oʻrganamiz va shunga koʻra Oʻzbek muxolifatining qaysi pozitsiyada turishi kerakligini jamoatchilikka eʼlon qilamiz", - deb aytdi Muhammad Solih BBCga bergan bayonotida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq