Ahmad Shahid "Jasliq"ni koʻrib qanday xulosaga keldi?

"Jasliq" qamoqxonasining sunʼiy yoʻldoshdan koʻrinishi Image copyright GOOGLE MAP
Image caption "Jasliq" qamoqxonasi sahroning qoq oʻrtasida, qishda juda sovuq, yozda juda issiq iqlimli joyda qurilgan

BMT Inson huquqlari kengashining Din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid 2018 yil martida Oʻzbekistondagi vaziyatga bagʻishlangan mufassal hisobotini eʼlon qiladi.

Toshkentdan qaytishi oldidan esa BMT maʼruzachisi oʻzining dastlabki kuzatuvlari bilan oʻrtoqlashdi.

Dastlab Ahmad Shahid 2002 yildan buyon mamlakatga safar qilishiga ruxsat bergan Oʻzbekiston rahbariyatiga oʻz minnatdorligini bildirgan.

"Men Toshkentda, Fargʻona, Buxoro, "Jasliq" koloniyasida koʻplab ochiq muhokamalarni oʻtkazdim, bular menga koʻp narsani anglab yetishimga yordam berdi", degan janob Shahid Toshkent shahrida 13 oktyabr kuni tashkil qilgan matbuot anjumanida.

Ijobiy oʻzgarishlar sifatida Oʻzbekiston parlamenti BMT Inson huquqlari komissarligi bilan hamkorlik rejasini tasdiqlaganini tilga olgan maʼruzachi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev inson manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyayotganini, iyun oyidan buyon Oʻzbekistonda ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan kamida 16000 insonni "qora roʻyxatdan" chiqarishga qaror qilinganini olqishlagan Ahmad Shahid.

Huquq-tartibot organlari faoliyati ustidan nazorat qilishga izn beradigan "Jamoat nazorati" haqidagi qonunni hayotga tadbiq etishga harakat qilinayotgani, Oʻzbekiston Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga qariyb 1 million 200 ming shikoyat borib tushgani va bu murojaatlarning 80 foizga yaqini hukumat tomonidan koʻrib chiqilganini qayd etgan BMT maʼruzachisi.

Ayni paytda "men taklif qilinayotgan islohotlarni amalga oshirishga yanada koʻp harakat talab etilishini va fuqarolar muayyan ijobiy oʻzgarishlarning guvohi boʻlayotganlarini kuzatdim", deydi janob Shahid.

BMT maxsus maʼruzachisi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarda insonlarning diniy erkinliklari kafolatlanganini qayd etadi.

Biroq qator meʼyoriy hujjatlarda bu erkinliklar cheklanishiga olib keladigan bandlar oʻrin olgan.

"Yuqorida keltirilgan qoidalar inson huquqlariga tegishli xalqaro huquqlar bilan himoyalangan diniy yoki eʼtiqod erkinligiga oid huquqlar uchun ancha jiddiy oqibatlar olib keladi", deyiladi maxsus maʼruzachi xulosasida.

Image copyright IHEU.ORG
Image caption Ahmad Shahidning Oʻzbekistonga safari asosidagi hisoboti 2018 yil martida eʼlon qilinishi kutilmoqda

Ahmad Shahid Oʻzbekistondagi mavjud qonunchilik yolgʻiz yoki jamoa boʻlib ibodat qilish, bolalarning diniy taʼlim olishi uchun qator cheklovlarni yuzaga keltirganini aniqlagan.

BMT maʼruzachisi Oʻzbekiston hukumatining jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, boshqa insonlarning erkinligini muhofazalash maqsadidagi cheklovlari meʼyoridan oshib ketganini taʼkidlagan.

"Shunday qilib, diniy yoki eʼtiqod erkinligi insonning huquqi hisoblansa-ja, bu tushuncha qonunchilik va amaliyotda eʼtirof etilmaydi", degan xulosaga kelgan BMT maxsus hisobotchisi.

BMT maʼruzachisi Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksida qasddan qotillik uchun 15 yilgacha qamoq jazosini koʻzda tutganiga qaramasdan, taqiqlangan tashkilotga aʼzolik 20 yildan ortiq qamoq hukmiga sabab boʻlishi mumkinligiga eʼtibor qaratgan.

"Safar mobaynida diniy eʼtiqod erkinligini amalga oshirish qonunlarini buzishda ayblanib jamzo muddatini oʻtayotgan insonlarning aniq sonini qshlga kiritish imkoni boʻlmadi. Ammo 17000 dan ziyod inson profilaktika choralari nazorat roʻyxatiga kiritilganidan ushbu raqam kattaligini anglash mumkin", degan Ahmad Shahid.

Maʼruzachi Oʻzbekistonda diniy yoki eʼtiqod erkinliklari qay yoʻsinda cheklanishini aniq misollari bilan qayd etgan.

Bular roʻyxatga olish, diniy adabiyotni nashr qilish uchun ruxsatnomani qoʻlga kiritish, oʻzga dinni qabul qilish va missionerlik faoliyati taqiqlangani singarilardir.

Ahmad Shahid oʻzbekistonlik musulmonlarning Haj ziyoratini ado etish imkoniyatlari haqida "har xil axborotni olganini" aytgan.

Oʻzbekiston rasmiylari, Makkaga Haj ziyoratiga boradigan oʻzbekistonlik ziyoratchilarning sonini Saudiya Arabistoni hukumati kvota bilan cheklab qoʻygan, deb aytganlar. Oʻzbekistonlik aksar ziyoratchilarning yoshi 40 dan katta va Hajga borish uchun 3 yilgacha kutishga toʻgʻri keladi. 2017 yili oʻzbekistonlik hojilar soni 5000 dan 7500 ga koʻpaytirilgan, kelgusi yili yanada koʻpayishi kutilayotganini maʼlum qilgan BMT rasmiysi.

"Men Jasliq" koloniyasini borib koʻrdim. Koloniya maʼmuriyati soʻzlariga koʻra, u yerda 700 ga yaqin mahkum saqlanmoqda. Bir necha tutqun bilan suhbatlashish, shu jumladan, yakkama-yakka suhbatlashish imkoniyatiga ega boʻldim. Boshliqning menga aytishicha, mahkumlar agar muassasaning ichki qoidalari va tartibini buzmasa, ibodatlarini erkin ado etishlari mumkin. Men oʻz koʻzim bilan koʻrganlarimdan kelib chiqib, shunday xulosa qilish mumkinki, mahkumlarni, ayniqsa, diniy ekstremizm uchun ozodlikdan mahrum etilgan tutqunlarni reabilitatsiya qilishga ancha-muncha harakatlar yoʻnaltirilgan. Ayrimlarga ularning pushaymonligi va koloniyadagi yaxshi xulqi tufayli muddatidan oldin ozodlikka chiqish imkoniyati berilgan. Shunga qaramasdan, menga xabar qilishlaricha, qamoqxona tartibini buzgan degan bahona bilan koʻp insonlarning qamoq muddatlariga 1 yildan 3 yilgacha muhlat qoʻshib berilgan. Ayrim holatlarda qoʻshib berilgan yillar dastlab hukm qilingan yillardan koʻp boʻlishi mumkin".

"Qamoqxona maʼmurlari ibodatni ado etishga maxsus ruxsat berilmagani sababini konstitutsiyaning dunyoviy ekani bilan izohlashdi. Mening xabardor boʻlishimcha, mahkumlar Ramazon oyida oʻzlarining standart ratsionidagi yoki qarindoshlari olib kelgan ayrim mahsulotlarni "ogʻiz ochish uchun" saqlab qoʻyishni xohlaganlar, lekin qamoqxona maʼmuriyati tongda ularni qoʻshimcha oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlamagan. Qoida boʻyicha musulmon mahkumlar ichki tartib doirasida ibodat qilishlari mumkin, shuningdek, qamoqxonaga imomlar yoki maʼruza uchun diniy tashkilotlar vakillari taklif qilinishlari mumkin", deyiladi BMT maʼruzachisi dastlabki xulosasida.

Ahmad Shahid Oʻzbekistonda "diniy ekstremizm" tushunchasi haddan ziyod keng talqin etilishiga eʼtibor qaratgan.

Rossiya va Turkiyada 3 million atrofida oʻzbekistonlik mehnat muhojiri sifatida faoliyat yuritmoqdalar. Ularning aksari yosh boʻlib, diniy bilimlari ozligi bois radikal diniy daʼvatlar taʼsiriga tushib qolishlaridan xavotir bildirishgan rasmiylar.

"Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatda din yoki eʼtiqod erkinligina kafolatlasa-da, amaliyotda din yoki eʼtiqod erkinligini ado etish xavfsizlikni erkinlik ustiga qoʻygan qoidalarga boʻysunadi. Hukumat tadbiq etayotgan yondashuv erkinlikka emas, bagʻrikenglikka yoʻl ochadi. Din yoki eʼtiqod erkinligini tushunish chegaralangan va hamma darajalarda din masalalarida ham, diniy erkinlik masalalarida ham savodxonlikni oshirish talab etiladi", deyiladi BMT maʼruzachisi dastlabki hisobotida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq