Qaytayotgan IShIDchilar qanchalar xavfli?

Fighters of the Syrian Democratic Forces stand guard on a rooftop in Raqqa after retaking the city from Islamic State Image copyright Getty Images

Oʻzini "Islomiy Davlat" deb atagan guruh poytaxti sifatida Suriyaning Raqqa shahrini tanlagan edilar. Raqqa uchun uch yillik shafqatsiz janglardan keyin IShID "poytaxti"dan quvib chiqarildi, Iroq va Suriyadagi nazoratiga olgan ancha hududidan ayrildi. Iroq va Suriyadan qochayotgan jangarilar oʻz mamlakatiga qaytib yana hujumlarga qoʻl urishlari mumkin, degan xavotirlar bildirilmoqda.

Bundan keyin IShIDchilar boshqa mamlakatga borib hujum sodir etishlari tahdidi naqadar real, degan savolni qoʻyadi doktor Lorenzo Vidino.

"Oʻzini "Islomiy Davlat" deb atagan guruh Iroq va Suriya hududida muntazam hujumlarga tutilib tor-mor etilayotgan ekan, butun dunyodagi xavfsizlik mulozimlari oʻzlariga oʻta muhim savolni bermoqdalar: bu guruh jangarilariga endi nima boʻladi?

IShID safiga 30000 xorijiy jangari borib qoʻshilgan va janglarda "suyagi qotgan" shaxslar oʻz mamlakatlariga qaytishlari mumkin yoki boshqa biror yerda "xalifat"ni tor-mor etganlari uchun qasos olish maqsadida terrorchilik xurujini sodir etishlari mumkin, degan xavotirlar bildirilmoqda.

Hozircha bir narsani bashorat qilish mushkul boʻlsa-da, IShID taqdiri oʻzgargani global xavfsizlikka katta taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.

Chegara hatlab oʻtish

Ayrimlarning taxminicha, xususan AQSh aksilterror rasmiylarining fikrlaricha, ayrim xorijiy jangarilar Suriya va Iroq hududida qoladilar.

Shu kunlarda Britaniya josuslik xizmati - MI5 rahbari bayonot berishicha, IShID safiga borib qoʻshilgan 800 Britaniya fuqarosining boshida kutilganidan kamroq sondagisi vataniga qaytgan, kamida 130 nafari oʻldirilgan.

Iroq va Suriya hududida qolishga qaror qilgan xorijiy jangarilar xuddi IShID ilk paydo boʻlgan kunlardagidek partizancha urush yoʻllarini tanlaydigan isyonchi guruhlarni tuzadilar va shu yoʻl bilan halokatli terrochilik hujumlarini sodir etishga oʻtadilar.

Xorijiy jangarilar, ayniqsa, Mosul va Raqqa shaharlarida eng oxirigacha jon-jahdi bilan jang qilganlar orasida koʻpchilikni tashkil etdi.

Va bugunga kelib tiriklayin qoʻlga tushgan IShID jangarilarining taqdirini Iroq sudlari hal qiladi.

Bu jangarilarning ayrimlari oʻlim jazosiga hukm etilishlari mumkin, bu esa ular fuqarosi hisoblangan ayrim mamlakatlar uchun huquqiy va maʼnaviy boshogʻriqlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Shunga qaramasdan, koʻplab jangarilar Turkiya va Suriya oʻrtasidagi "bepoyon" chegara hududi mavjudligidan foydalanib "xalifat"ni tark etishga muvaffaq boʻlganlar.

Bu chegara 822 kilometrga choʻzilgan.

Image copyright Getty Images

Turkiya rasmiylari oldingiga qaraganda chegara patrul nazoratini kuchaytirishganiga qaramasdan, koʻp hududlar togʻli boʻlgani hamda kontrabandaning juda murakkab tarmogʻi yoʻlga qoʻyilgani bois chegaradan oshib oʻtish imkonli hisoblanadi.

IShID Turkiya chegarasidan odam olib oʻtadigan tarmoqni yoʻlga qoʻyganiga ancha yillar boʻlgan va bu tarmoq Suriyadagi jangarilarni olib chiqishda muhim rol oʻynaydi.

Soʻnggi uch yildagi eng halokatli boʻlgan IShID hujularini inobatga olib Turkiya rasmiylari bu guruhning oʻz hududidagi taʼsiridan jiddiy xavotirga tushganlar.

Xuddi shunday xavotirni Iordaniya va Livanda ham his qilishmoqda.

Jang maydonidan boshqa janggohga

Suriya va Iroqdan qochib chiqayotgan chet ellik jangarilar borib joylashishi mumkin boʻlgan hududlar "toʻlib-toshib yotibdi".

Chunki ayrim jangarilar IShIDning Yamandagi, Sinay yarimoroli, Shimoliy Kavkaz va Sharqiy Osiyodagi "viloyati"ga sodiqlikka qasam ichib guruhga qoʻshilganlar.

Guruhning Liviyadagi aʼzolari soni ham salmoqli. AQSh rasmiylariga koʻra, Liviyadagi IShIDga bayʼat berganini eʼlon qilgan 6500 cha jangari bor.

Afgʻonistonda ham IShIDning bir necha yuz aʼzosi bor, deb koʻriladi. Shu yil aprelida IShID qarorgohi deb koʻrilgan togʻdagi tunnelga AQSh "bombalarning onasi"ni tashlagan va kamida 94 jangari oʻldirilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Image copyright Getty Images
Image caption Filipinning Maravi shahri atrofida shu yil mayidan IShIDga aloqador jangarilar qoʻlga olingan

Shu bilan birga, jangarilar Kongo Demokratik respublikasi, Myanmar va Filippindagi janglar kechayotgan hududlarga borishi mumkin, degan latifanamo boʻlib koʻrinishi mumkin boʻlgan ehtimollar ham bildirilmoqda.

Bu hududlarga sobiq IShIDchilarning borib qoʻshilishi mahalliy jihodchi guruhlarning kuchini kuchaytirishi, ayrim hollarda, halokatli mojarolarni boshqa yoʻnalishga solib yuborishi mumkin.

Zaif mamlakatlar

Boshqa koʻplab xorijiy jangarilar oʻzlari tugʻilib oʻsgan mamlakatga qaytishga qaror qilishadi.

Qaytganlarning ayrimlari bundan keyin jangarilik amaliyotiga qoʻshilishni istamasliklari mumkin. Ayrimlari yangi hujumlarni uyushtirish, mamlakatdagi siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida oʻzlarining maxfiy tashkilotlarini tuzishga qaror qiladilar.

Shu maʼnoda Shimoliy Afrika mamlakatlari, xususan Tunis ana shunday xavf ostidagi mamlakat hisoblanadi. Bu mamlakatning 6000 tacha fuqarosi IShID saflariga borib qoʻshilgan, bu kishi jon boshiga hisoblaganda dunyodagi eng yuqori raqamdir.

Fors koʻrfazidagi Arab mamlakatlari ham vataniga qaytgan IShIDchilar qoʻl urgan zoʻravonliklardan jabr koʻrishi mumkin boʻlgan mamlakatlar deb koʻriladi.

Rossiya, Kavkaz va bir necha Markaziy Osiyo mamlakatlaridan koʻp sondagi jangarilar IShID saflariga borib qoʻshilganlar va ular jang maydonlarida eng qattiq urushgan jangarilar boʻlgan. Bu jangarilarning vatanlariga qaytishlari borasida ham xavotirlar oʻrtaga chiqqan.

Yevropa uchun tahdid

Yevropa mamlakatlari rasmiylari uchun taxminan 6000 yevropalik xorijiy jangarining mamlakatiga qaytishi asosiy xavfsizlik xavotiriga aylangan.

Italiya Xalqaro Siyosiy tadqiqotlar instituti va Jorj Vashington universiteti qoshidagi Ekstremizm boʻyicha Dastur oʻrganishlariga koʻra, Gʻarbdagi hujumlarga aloqador boʻlgan har besh shaxsdan bittasi, 2014 yili IShID oʻzining "xalifat"ini eʼlon qilgunicha, xorijiy jangari sifatida tajribaga ega boʻlgan.

Image copyright Getty Images
Image caption Parij hujumlarini sobiq xorijiy jangarilar uyushtirganlar

Bugunga kelib esa jangarilik tajribasiga ega insonlarning soni koʻpaydi. Ularning soni 1000 atrofida deb koʻriladi.

Qaytganlarning aksari bundan keyin zoʻravonlik bilan bogʻliq faoliyatga aralashishni istamas, biroq ayrimlari oʻzining jangovar qobiliyatini ishga solishi mumkin degan qoʻrquv mavjud.

Ular oʻz tarmogʻi ichidagi kontaktlarni ishga solishi va terrochilik xurujlarini rejalashtirishda "jihod ishqibozlar" koʻzi oʻngida "nufuzli" shaxs deb koʻrilishi tabiiy.

IShIDning oʻz hududlaridan ayrilgani bu jangarilarning mustaqil jangchi sifatida faoliyat yuritish qobiliyatiga koʻp ham taʼsir koʻrsatmaydi.

Huquqiy javobgarlik

Hamon muhim muammolar mavjudligiga qaramasdan, Yevropa rasmiylari ortga qaytayotgan jangarilar haqidagi josuslik maʼlumotlarini alishish ishlarini yaxshiladilar.

Turkiya bilan hamkorlik kuchaytirilgani bois aksar jangarilar mamlakatiga qaytishi bilan hibsga olindilar.

Jangarilarning kam sondagisi Yevropaga nolegal boʻlib yoki 2015 yil noyabridagi Parij hujumchilari kabi oʻzini qochqin koʻrsatib oʻtishga muvaffaq boʻlgan.

Biroq xorijiy jangarilarning koʻpchiligi Yevropaga qonuniy yoʻl bilan - oʻzining haqiqiy Yevropa pasporti bilan qaytgan.

Rasmiylar uchun ularni qoʻlga olish bir muammo boʻlsa, bundan keyin ularga nisbatan qanday chora koʻrish masalasi yana bir muammo.

Ularni shu zahoti hibsga olish eng oddiy javob boʻlib koʻrinishi mumkin, biroq real vaziyat bir qarashda koʻringaniga nisbatan ancha murakkab.

Misol uchun, Britaniya Ichki ishlar vazirligi oshkor qilgan maʼlumotlarga koʻra, Suriya va Iroqdan vataniga qaytgan 400 Britaniya fuqarosidan atigi 54 nafari mahkum etilgan.

Qitʼaning boshqa mamlakatlarida ham shunga oʻxshash vaziyat kuzatiladi.

Vataniga qaytgan jangarini hibs qilish, jinoyat ishi qoʻzgʻatish va qamashdan rasmiylarni nima qaytaradi?

Bu, asosan, huquq bilan bogʻliq mushkullik. Vaziyat muntazam oʻzgarib turgani sababli parlament aʼzolari qonunchilikni yangilashda qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.

Mamlakatlarning qonunchiligi bir-biridan farq qilsa-da, umumiy muammolar koʻp.

Misol uchun, aksar shaxslar Suriyadagi urushga borib qoʻshilgan paytda ayrim mamlakatlarda terrochilik tashkilotiga qoʻshilish yoki xorijda davom etayotgan urushga borib qoʻshilish jinoyat deb hisoblanmagan.

Oʻshandan buyon koʻplab mamlakatlar oʻz qonunlarini oʻzgartirdi, ammo bu qonunni u qabul qilinishidan oldinga davrga tadbiq etish mumkin emas.

Hatto bu amallar qonunchilikda jinoyat deb koʻrilgan mamlakatlarda ham rasmiylar kuchli jinoyat ishi uchun talab qilinadigan isbot-dalillarni topishda qiyinchiliklarga duch kelganlar.

Josuslik maʼlumotlariga tayanib kimningdir Suriyadagi vayronagarchiliklar, zoʻravonliklarga qoʻl urganini bilish bir narsa.

Ammo bu narsalarni sudda qonun talablaridan kelib chiqib isbotlash boshqa masala.

Rasmiylarning "ishi boshidan ortgan" - urushdan qaytgan yuzlab sobiq jangarilarni kuzatish kerakmi yoki soni ortib borayotgan oʻz mamlakatidagi IShIDga xayrixohlarnimi? Bulardan qaysi biri xavfsizlikka muqarrar tahdid?

Butun Yevropa boʻylab uyiga qaytgan xorijiy jangarilarni deradikalizatsiya qilish maqsadiga moliya sarflashga kirishilgan.

Frantsiya 12 deradikalizatsiya markazini ochishni rejalashtirgan.

Kelajakka nazar

Nazoratidagi aksar hududni yoʻqotish IShID uchun katta zarba.

Guruh va unga hayrixohlar allaqachon butun dunyoga yoyilib ulgurganini inobatga olib shuni aytish mumkinki, Suriya va Iroqdagi hududini yoʻqotgani sayin IShID oʻzining hozirligini kengaytirishni bundan-da tezlashtirishi tabiiy.

Bundan keyin IShID markaziy rahbarlikni yoʻqotgan, turli-tuman yoʻnalishda faoliyat yuritadigan amorf tashkilotga aylanadi, biroq butkul yoʻqolib ketmaydi.

"Islomiy Davlat"ning siymosi va guruhning "xalifat"ga chaqirigʻi yaqin orada gʻoyib boʻlmaydi.

Tashkilot boshiga tushayotgan jiddiy qiyinchiliklarga qaramasdan, IShIDning Internetdagi hozirligi, yaʼni, "virtual xalifat" hamon kuchli boʻlib qolmoqda.

Kelajakda ham "virtual xalifat" oʻlmaydi, dunyo boʻylab "Islomiy Davlat"ga xayrixohlarning eʼtiborini oʻziga jalb qilib qolaveradi va IShID nomidan uyushtirilgan ayrim terrochilik xurujlariga ham sababchi boʻlishi mumkin.

"Xalifat" barbod boʻlgani kitobning bir bobidir, ammo bundan keyin yangi bir bob ochiladi.


Tahliliy maqola haqida

Shu mavzuda tahliliy maqolani yozib berishni BBC oʻz sohasi ekspertlaridan iltimos qilgan va bu maqola BBC soʻrovi asosida tayyorlangan.

Jorj Vashington universiteti qoshidagi Ekstremizm boʻyicha Dastur direktori hamda Milandagi Italiya Xalqaro Siyosiy tadqiqotlar institutida tashkil etilgan Radikalizatsiya va Xalqaro terrorizm Dasturi rahbari hisoblanadi.


Bu mavzuda batafsilroq