GM-Oʻzbekiston Alyansi: bozordagi vaziyat oʻzgaradimi?

mashina Image copyright Novosti Uzbekistana

Shu kunlarda Oʻzbekistonning avtomobil sanoati uchun javobgar boʻlgan "Oʻzavtosanoat" kontserni va amerikaning General Motors shirkati hamkorlik shaklini qoʻshma korxonadan alyans platformasiga (shakliga) oʻzgartirishi haqida xabar chiqdi. Biroq mutaxassislar erkin raqobat boʻlmagan bozorda ushbu oʻzgarishlar isteʼmolchi uchun hech narsa anglatmasligini aytmoqda.

Tomonlar tarqatgan xabarga koʻra, GM-Oʻzbekiston Alyansi "oʻzbek avtosanoatini mustaqil ravishda faoliyat yuritishiga katta hissa qoʻshadi".

Tafsilotlar

Bitimga koʻra, alyans doirasida tomonlar Oʻzbekistonda avtomobillar va dvigatellarini ishlab chiqarish, hamda ichki va tashqi bozorda Chevrolet va Ravon brendlari ostida avtomobil savdosi boʻyicha hamkorlikni davom ettiradi.

Shuningdek, tomonlar yangi turdagi mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha tasdiqlangan loyihalar ustida ishlashda davom etadi. GM-Oʻzbekiston Alyansi doirasida tomonlar shuningdek MDH va yangi bozorlarda eksportni kengaytirish masalalarini oʻrganishadi.

Alyans shuningdek GM kompaniyasining avtomobil texnologiyalari va nou-xaularidan foydalanishni taʼminlaydi.

Alyans doirasida "Oʻzavtosanoat" AJ avtomobil va dvigatellarni ishlab chiqarish boʻyicha operatsion faoliyat, shu jumladan tashqi bozorda GM mahsulotlari uchun Ravon brendini dunyoga tanitish boʻyicha nazoratni toʻliq oʻz zimmasiga oladi. "Oʻzavtosanoat" AJ hamkorlikdagi faoliyat fundamenti boʻladigan Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish va mamlakat ichki bozorida sotishni davom etadi, Ravon brendini tashqi bozorga yetkazib berish esa kengaytiriladi.

Ikki tomon Alyansga oʻtish bandlik darajasiga yoki avtomobil va dvigatellar ishlab chiqarish hajmiga taʼsir qilmasligini tasdiqlaydi. GM kompaniyasi Oʻzbekistonda avtomobil va dvigatellar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni yetkazib berishni, hamda Oʻzbekiston avtosanoatini konsultativ hamda texnik koʻmak berishga yoʻnaltirilgan yangi tashkil topayotgan GM Advisory Services kompaniyasi orqali qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.

Alyansmi, quruq gap?

Biz yuqoridagi maʼlumotlar ortida oddiy xaridorlar uchun nimalar oʻzgarishi bilan qiziqdik. Odatda alyans deganda yirik, bir biriga mavqei yoki texnologiyalari jihatidan teng boʻlgan ishlab chiqaruvchi yoki yirik shirkatlar, banklarning oʻzaro uzoq muddatga moʻljallangan hamkorligi tushuniladi.

Masalan, yaponiyaning mashhur Nissan shirkati frantsiyaning Renault avtokontserni bilan alyans tuzgan. Bu orqali tomonlar bir birlarining texnologiya va nou-xaularidan foydalanadi, bir platformada turli bozorlar uchun avtomobillar ishlab chiqaradi, bir birlarining brendlarini oʻz bozorlarida ilgari surishga koʻmaklashadi.

Xoʻsh, GM-Oʻzbekiston Alyansi oddiy xaridorlarga nima berishi mumkin? Hozircha bularning bari qorongʻuligicha qolmoqda.

Bozorda nima gaplar?

Ayni paytda bu xabar chiqishidan bir oz oldin ikkilamchi avtomobil bozorida narxlar yana deyarli oʻrtacha 20-30 foizga qimmatlashgan.

Xususan, Toshkentdagi mamlakatdagi eng yirik Sirgʻali mashina bozorida haydalgan avtomashinalarning narxi oʻrtacha 1-2 ming dollarga oshgan.

Masalan, bir oy oldin texnik holati va yurgan masofasidan kelib chiqib, 5-5,5 ming dollar turgan oʻrtacha 50 ming km yoʻl yurgan Chevrolet Spark modeli hozirda 6,5-7 ming dollarga baholanmoqda. Boshqa modellar narxlari ham taxminan shu darajada oshgan.

Bunga asosiy sabab - GM-Uzbekistan avtosalonlarida narxlarning keskin koʻtarilishi boʻlgan. Shu bilan birga, yangi mashinaga puli yetmaganlarning bari oʻzini ikkilamchi bozorga urgan.

Maʼlumki, sentyabr boshida valyutani erkin almashtirishga oʻtish munosabati bilan GM-Uzbekistan mashinalar soʻmda sotishni boshlagach, avtomobillar baholari keskin oshgan, hatto qator modellar boʻyicha hatto 40 foizgacha koʻtarilgan edi. Qizigʻi, hatto shu holda ham avtosalonlarda baʼzi turdagi mashinalar yoʻq.

Masalan, poytaxtdagi qator avtosalonlarga kirib koʻrganimizda bu yerda asosan talab katta boʻlgan avtomat tezlik uzatish qutisiga ega boʻlgan avtomobillarning sotuvda yoʻqligi, shuningdek, Captiva, Malibu 2, Orlando (hatto narxi oʻta qimmatligiga qaramasdan) modellarining umuman sotuvda yoʻqligi, Lachetti modeli kamdan atiga bir ikki joyda sotuvda borligi maʼlum boʻldi. Salon xodimlarining soʻzlariga koʻra, qolgan modellarni shartnoma olib pulini toʻlagan zahoti olib chiqib ketish imkoniyati mavjud.

Oʻzbekistonlik avtoxaridorlar uchun yana bir ogʻriqli masala - avtokreditlarning yoʻqligidir. Shu yil mayida ochilgan avtokreditlar bir hafta oʻtib nomaʼlum sabablarga koʻra tezlik bilan yopilgan.

Narxlarga kelsak, ular juda qimmat. Masalan, avtosalonda eng arzon Matiz 42,5 mln. soʻm (joriy kurs boʻyicha 5312 dollar), eng arzon Spark modeli 61,5 mln. soʻm (7691 doll.) turadi, Nexia 3 narxlari 70,6 mln. soʻmdan boshlanadi (9,2 ming doll.).

Cobalt sedanining bahosi 79, mln. soʻmdan boshlanadi. Klassi yuqoriroq boʻlgan Lachetti sedanining bahosi eng kami 102 (!) mln. soʻmdan boshlab sotilmoqda. Shu sababli ham avtosalonlar xodimlari hozir "pashsha qoʻrib" oʻtirishibdi: salonlarda xaridor kam...

Narxlarning oʻta qimmatligiga asosiy sabab - oʻzbek avtomobil bozorining oʻta yuqori bojlar bilan yopilganligidir. Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun shunday yoʻl tutilgan.

Toʻgʻri, oʻzbek avtosanoatining mahsulotlarini sotib olishni istamagan kishilar chet eldan mashina sotib olishlari mumkin. Biroq, bu oʻta qimmatga tushadi. Chet eldan olib kelingan yangi mashina uchun oʻrtacha uning qiymatining 130% teng keladigan bojlar toʻlash zarur.

Yaʼni, xorijdan 20 ming dollarlik avto sotib olib kelsangiz, uni Oʻzbekistonda haydab yurish uchun taxminan 23 ming dollarga teng bojlar va yigʻimlar toʻlash zarur. Demak uning narxi 43 ming dollarga aylanadi.

Toki bu holat oʻzgarmas ekan GM-Uzbekistan avtomobillariga mahalliy bozorda har qanday narx qoʻyib sota oladi. Chunki uning raqobatchisi yoʻq. Mutlaqo! Olsang ham shu, olmasang ham!

Yana bir qiziq iqtisodiy paradoks. Maʼlumki butun dunyoda uy-joy qimmat turadi. Odatda mamlakat poytaxtidagi ikki xonali uyning puliga chet ellarda oʻrtacha kamida 4-5 ta yangi (!) avtomobil (sedan) sotib olish mumkin.

Toshkentda esa aksincha, ikkita yangi avtomobilning puliga bitta ikki xonali kvartira sotib (20 ming dollar atrofida) olish mumkin. Buning nimasi yomon, uylar arzon ekanki, dersiz. Yoʻq, uylar arzon emas, balki mashinalar qimmat.

Yana bir qiziq holat. Oʻzbekistonda qimmat baholarda sotilayotgan GM-Uzbekistan mashinalari MDH mamlakatlari bozorlarida bir necha borobar arzon. Avtomobillar oʻzi ishlab chiqarilgan joyda eng arzon boʻlishi kerak emasmi? Chunki Asakadagi zavod birinchi navbatda oʻzbek xalqining ogʻirini yengil qilish uchun qurilganku!

Narxlar nego oshdi?

Biz murojaat qilgan tahlilchilarning fikriga koʻra, Asakadagi avtomobil zavodi keyingi yillarda dunyo va MDHdagi iqtisodiy tanazzul sabab eksportni keskin qisqartirdi. Bir vaqtlar yiliga 125 ming dona avto eksport qilgan shirkat bugunda buning oʻndan birini ham sota olmayapti.

Natijada chet eldan valyuta kelishi keskin kamaydi. Vaziyatni ichki bozorda dollarga mashina sotish amaliyoti bir oz oʻnglab turgan boʻlsada, u ham sentyabr boshida bekor qilindi. Bu sharoitda zavod ichki bozorda narxlarni keskin koʻtarishga majbur qolgan.

Chunki butlovchi qismlarning katta qismi xorijdan valyuta hisobiga keltiriladi.

Ekspertlarning fikriga koʻra, toki avtomobillar importi uchun bojxona rejimlari yumshatilmas ekan, GM-Uzbekistan mashinalari aholiga qimmatga sotilishda davom etadi. Chunki xaridorlarda tanlash imkoniyati yoʻq. Buni amerikalik hamkorlar juda yaxshi bilishadi.

Ikkinchidan, ular narx navo siyosatiga aralashishmaydi. Mijozlarning nima deb oʻylashlari ularga bir tiyinlik ahamiyati yoʻq. Chunki foyda kelib turibdi. Shu sababli ham GM-Uzbekistan oʻzbeklarga maʼnan va texnik jihatdan eskirgan modellarni (Nexia 2 (oʻtgan asrning 80-yillarida ishlab chiqilgan Opel Cadet modeli asosida yaratilgan, Nexia 3 - avvalgi Chevrolet Aveo, Cobalt - koʻp mamlakatlarda ishlab chiqarishdan olib tashlangan) yangi model sifatida sotishda davom etadi.

Yaʼni qoʻshma korxona oʻrniga tuzilgan alyans - xaridorlar uchun hech nimani anglatmaydi. Xalqona aytganda "Eski hammom - eski tos"! Chunki raqobat boʻlmagan joyda rivojlanish boʻlmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq