Oʻzbekiston biznes muhiti yaxshilangan yuqori oʻntalikka kirdi

World Bank Image copyright World Bank

Jahon Bankining "Biznes yuritish" (Doing business) hisobotida Oʻzbekiston 2017 yilning biznes muhiti yaxshilangan yuqori oʻntalik davlatlari qatoridan oʻrin olgan.

Birinchi oʻntalikka Oʻzbekiston bilan birga Bruney, (ikkinchi yil ketma-ket), Tayland, Malavi, Kosovo, Hindiston va Zambiya ham kirgan.

Oʻzbekiston bu yilgi roʻyxatda 13 pogʻona yuqori koʻtarilgan va 190 davlat orasida 74-oʻrinni egallagan.

Jahon Bankining hisoboti oʻtgan bir yil mobaynida Oʻzbekistonda biznesni roʻyxatdan oʻtkazishning soddalashtirilgani, soliqlarning kamaytirilgani va xususiy mulkni qayddan oʻtkazish hamda elektr tarmogʻiga ulanishning qulaylashtirilgani singari omillarni qayd etgan.

"Islohotchi"

Tahlilchilarga koʻra, Mirziyoyev tabiiy va mehnat zahiralariga boy Oʻzbekiston iqtisodini ochish sari qator muhim qadamlarni qoʻygan.

Jumladan, qoʻshnilar bilan chegara savdosi va mahalliy tadbirkorlarning xorijga mahsulot eksport qilishlari yoʻlidagi qator sunʼiy toʻsiqlar olib tashlangan.

Bir vaqtning oʻzida maʼmuriy islohotlarga doir kontseptsiyani amalga oshirish boshlangan.

Avvalroq AQShda chop etiladigan "Forbs" (Forbes) nashri Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Xitoyning islohotchi rahbari Den Syaopinga qiyoslagandi.

Forbes mintaqaning bir paytlar dunyoga yopiq va shoʻro uslubida boshqarilgan davlati endilikda oʻzini oʻzi "qayta ishga tushirish"ga urinayotganini aytgan.

Nashr 5 sentyabrda joriy etilgan oʻzbek soʻmining erkin konvertatsiyasi iqtisodiy yuksalishning muqaddimasi boʻlishi mumkinligini bashorat qilgan.

Oʻtgan yillarda Oʻzbekiston Jahon Bankining "Biznes yuritish" hisobotida asosan, Afrika davlatlari yoki urushlar borayotgan Afgʻoniston bilan birga soʻnggi qatorlardan oʻrin olib kelgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq