AQShlik tadqiqotchi: "Oʻzbeklar terrorchi emas"

Sayfullo Soipov Image copyright ST CHARLES COUNTY POLICE DEPT
Image caption "Sayfullo Soipov AQShda radikallashgan"

AQSh tarixida terrorchilik hujumlari sodir etgan oʻzbeklarning umumiy soni juda kam.

Hozircha ularning soni uch kishi.

Ayrim axborot vositalari qirgʻizistonlik oʻzbekni oʻzbekistonlik oʻzbekka tenglashtirib, ularning sonini toʻrt kishi deb aytmoqda.

Uch kishi degani bu hali keng miqyosdagi oʻzbek terrorchilik harakati yo-da umuman qandaydir oʻzbeklarning terrorchi tashkilotidan darak bermaydi.

AQShda biz koʻrayotgan oʻzbek terrorchilari dunyoning boshqa burchaklaridagi oʻzbek millatiga mansub terrorchilardan farq qilmaydi.

Bular, odatda, terrorchi tashkilotlarning internetdagi tashviqotlariga taʼsirchan va yolgʻiz amal qiladigan yoshlar. IShID yoki Islomiy Jihod Ittifoqi (IJI) singari tashkilotlar tomonidan internet orqali oʻzbeklarni yollashga qattiq harakatlar boʻlgan.

Ular ayniqsa, Oʻzbekiston tashqarisidagi mehnat muhojirlari yoki xorijga borib qolib, oʻz oʻrnini topishga qiynalgan va yo oʻzga yurtdagi hayotdan hafsalasi pir boʻlgan oʻzbeklarni nishonga olishadi.

Hozircha Soipovning qanday qilib terrorchiga aylanib qolgani borasida bir narsa deyish qiyin.

Ammo avvalgi holatlar yuqoridagi kabi xulosa qilish imkonini beradi.

Shuni taʼkidlash joizki, AQShda yashayotgan oʻzbeklarning aksariyat koʻpchiligining terrorchilikka mutlaqo aloqasi yoʻq va ularning terrorchi tashkilotlarga qiziqishlari ham yoʻq.

Boshqa har qanday millat haqida ham shu gapni aytishimiz mumkin.

Ayrim odamlar Oʻzbekiston faqat musulmon davlat boʻlgani uchungina kulgili farazlarni ilgari surishyapti.

Vaholanki, oʻzlari Oʻzbekiston haqida hech narsa bilishmaydi.

Koʻrinib turibdiki, Sayfullo AQShda radikallashgan.

U 2010 yildan buyon AQShda boʻlgan va Qoʻshma Shtatlarga hali IShID paydo boʻlmasidan oldin kelgan.

Rasmiylar va matbuot faqat uning Oʻzbekistondagi ildizlariga eʼtibor qaratib qolmasdan, Amerikada kechgan yetti yillik hayotini yaqindan oʻrganishi lozim.

Image copyright Facebook
Image caption Sara Kendzor Oʻzbekistonga oid qator tadqiqotlar muallifi

Sara Kendzor-AQShlik jurnalist va yozuvchi. Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoga oid qator tadqiqotlar, jumladan, Andijon qirgʻini, Oʻzbeklarning oʻzligi va Oʻzbekistondagi internet siyosatiga doir maqola va asarlar muallifi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq