Sayfullo Soipov izidan: Uning qoʻshnilari va oʻqituvchilari nima deydi?

Soipovning ota-onasi yashaydigan uy Image copyright Reuters
Image caption Soipovning ota-onasi yashaydigan uy

AQShda yuk mashinani odamlar ustiga haydab sakkiz kishini oʻldirgan Sayfullo Soipovning oilasi bilan bogʻlanishning hozircha imkoni boʻlgani yoʻq. Ammo toshkentlik mustaqil jurnalist Timur Karpov BBC bilan suhbatda Soipovlar yashagan Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi hovlisi, Sayfullo oʻqigan maktab va u ishlagan mehmonhonani topgani va bu yoʻlda qanday toʻsiqlarga uchraganini soʻzlab berdi.

Karpov: Men Sayfullo Soipovning oilasi yashaydigan uyni topdim, ammo uning oilasi uyda yoʻq edi. Mening oʻylashimcha, ularni huquq-tartibot idoralariga olib ketishgan. Qoʻshnilarining menga aytishlaricha, u birovga ozor beradigan bola emasdi. Shuningdek, aytishlaricha, chorshanba kuni kun boʻyicha uy atrofida fuqarolik kiyimidagi nomaʼlum shaxslar turishgan. Bugun menga mahalla qoʻmitasi raisi ham Soipovlar oilasi shu uyda yashashini tasdiqladi va oila hozirda Ichki ishlar boʻlimida ekanini aytdi. Lekin, u ham nimanidir aniq bilishiga shubha qilaman. Bu uy Yakkasaroy tumanidagi mahallada joylashgan. Uylari buzilgan oilalarga bir necha yil avval shu joydan yer ajratilgan ekan va shu yoʻsin Soipovlar bu yerga koʻchib kelishgan. U juda toza, sokin, yaxshi taʼminlangan mahalla ekani koʻrinib turibdi. Soipovlarning uyiga qarab, u yerda oʻziga ancha toʻq oila yashashini koʻrasiz. Qoʻshnilar ham oʻziga toʻq oilalar, ular shokka tushganlar.

Oila nima bilan shugʻullangan?

Karpov: Men bugun Sayfullo Soipovning otasi savdo qilgani aytilgan bozorda boʻldim. Uning rastasi Abu Sahiy yonida joylashgan qurilish materiallari bozorida joylashgan. Soipovning otasi shu yerda savdo qilgani aytilgan nuqtani topdim. Uning oʻzi yoʻq edi. Qoʻshnilarining aytishicha, Sayfulloning onasi iyulda AQShdan qaytib kelgan va oʻgʻlining Oʻzbekistonga qaytish niyati borligini aytgan. Oilasi uning Toshkentga qaytishini juda istashayotgan boʻlishgan ekan.

Sayfullo oʻqigan maktabga bordingizmi?

Karpov: Bugun men bu maktabga bordim. Yakkasaroy tumanidagi 75-sonli maktab. Lekin, direktor va boshqalar maktab hududida mendek jurnalist boʻlishini umuman istashmadi. Darrov mahallaqoʻm, uchastkoviyni chaqirishdi. Uchastkoviy esa IIBdan xodimlarni chaqirdi. Qidiruv boʻlimidan tergovchi ham yetib keldi. Katta olomon boʻlib ketdi va bizni ikki soat soʻroq qilishdi maktab ichida. Qizigʻi shuki, "yoʻq, yoʻq, u bu yerda oʻqimagan" deya takror-takror aytishdi. Lekin, bir ayol oʻqituvchi bilmasdan ogʻzidan chiqarib qoʻydi - uning aytishicha, oʻqituvchilar uni xabarlarda koʻrib tanishdi, va u haqiqatdan ham shu yerda oʻqigan ekan. Aftidan bu ayolni hech kim ogohlantirmagan, u bilan direktor xonasidan chiqib gaplashganimda, shu gaplarni aytdi.

Demak, rasmiy tarzda buyruq boʻlgan "gapirmanglar" qabilida?

Image copyright Facebook/Timur Karpov
Image caption Mustaqil jurnalist Timur Karpov

Karpov: Ha, bu Oʻzbekiston uchun odatiy hol. Hatto Soipov ishlagan "Sayohat" mehmonxonasiga borganimda ham hamma qoʻrqib, ochiqcha gapirishdan bosh tortishdi. Lekin, mendan oldin huquq-tartibot organlaridan kelib ketganlarini aytishdi. Demak, ogohlantirilganlar. Qizigʻi shuki, ogohlantirilmasa, oddiy odamlar bajonidil suhbatlashadilar. Masalan, Soipovlar 1996-2006 yillar orasida yashagan Shayhontohur tumanidagi kvartirani topib, qoʻshni ayol bilan gaplashdim. U bemalol gapirdi. Lekin, kvartirani Soipovlarga ijaraga bergan odamni topganimda, uni allaqachon qoʻrqitishgani ayon boʻldi, chunki aftidan koʻrinib turgandi qanday xavotirga tushgani. Qoʻshni ayol esa Soipovlarning tarbiyali oila ekani, Sayfullo yagona oʻgʻil ekani, ikki opasi borligi va biri turmushga chiqqani, kichigi esa kollejda oʻqiyotganini soʻzlab berdi.

Oila borasida maʼlumot yigʻa boshlaganingizda ham sizda muammolar boʻlibdi, shundaymi?

Karpov: Shunday. Norasman ushlab turishdi meni. Juda gʻalati boʻldi. Oʻzimga eng yaqin Mirzo Ulugʻbek tumanidagi IIB idorasining adres stoliga kirib Soipovlarning adresini soʻradim. Meni darrov adres stoli rahbari oldiga chaqirtirishdi. U esa uch nomaʼlum kishini chaqirtirdi. Bu kishilar oʻta qoʻpol edi, nihoyatda qoʻpol, oʻzlarini tanishtirmadilar ham. Pasportimni tortib olib, oʻzimni mashinaga oʻtqazishdi, tahdidlar va haqoratlar bilan Toshkent shahar IIBsiga olib ketishdi. Endi yetay deb qolganimizda ularga kimdir telefon qilib, zudlik bilan qoʻyib yuborishni buyurdi. Bu qoʻpol kishilar pasportimni qoʻlimga qaytarishdi, keyin ichini ochsam, qogʻozchaga adresni yozib pasportimning ichiga tiqib qoʻyishgan ekan.

Darhaqiqat, gʻalati - sizga adresni berishadiyu, lekin boshqalarga jurnalistlarga gapirmaslikni buyurishadi.

Karpov: Bilasizmi, bu juda gʻalati. Men tushunmayman, jurnalist faoliyatiga toʻsiq qoʻyishdan nima hojat? Mana, masalan, bugun Soipov ishlagani aytilgan bozorda Wall Street Journal jurnalistini koʻrib qoldim. Biz jurnalistlar barchamiz Oʻzbekiston bu Afgʻoniston yoki Pokiston emasligi, bu yerda muhit va hayot umuman boshqacha ekanligini jahonga tushuntirish maqsadida ishlayapmiz. Militsiya esa bilimsizligi va uquvsizligi tufayli, jurnalistlar faoliyatini tushunmay turib, jurnalistlarga toʻsiqlar qoʻyishyapti. Bu ham joyiga qarab farq qiladi. Masalan, shahar IIBsidagi xodimlar bilimli va muomalali, chekkaroq tumandagilar esa noʻnoq. Oʻzaro kelishib olingan qonun-qoidalari yoʻq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq