"Everton" futbol klubini kim nazorat qiladi?

Angliya Premer-ligasi Image copyright PA/Getty Images
Image caption Angliya Premer-ligasining qoidalariga muvofiq, futbol klubining 10 yoki undan ortiq foiziga ega xususiy shaxs boshqa klubning hissalariga egalik qilishi mumkin emas

Angliyaning "Everton" futbol klubining asl xoʻjayini kim?

Klubning sotilishida Angliya Premer-ligasining qoidalari buzilmaganmi?

Bu kabi savollar "Jannat hujjatlari" (Paradise Papers) nomini olgan offshor hujjatlarining sizdirilishi natijasida oʻrtaga chiqqan.

Oʻta badavlat insonlar qanday qilib soliqlardan boyliklarini ihota qilishadi?

BBC Uzbek Facebook sahifasida videolavhani tomosha qiling

Britaniyalik biznesmen Farhod Moshiri "Everton" klubining qariyb 50 foiz hissalarini sotib olish maqsadida oʻzining "Arsenal" futbol klubidagi hissasini 2016 yilda sotgan edi.

Ammo sizdirilgan hujjatlar Moshirining "Arsenal"dagi dastlabki ulushi Alisher Usmonovning "hadyasi" hisobidan moliyalangan boʻlishi mumkin, degan farazni ilgari surish imkonini beradi.

Maʼlumki, Usmonov "Arsenal"ning 30,4 foiz hissalarini nazorat qiladi.

Bu esa oʻz navbatida Usmonovning pullari "Everton"ga oʻtib qolmadimikan, degan savolni oʻrtaga chiqaradi.

Image copyright Panorama BBC

Moshiri olingan pullar "hadya" boʻlganini qatʼiyan rad etadi.

"Everton" boʻyicha bitim amalga oshirilgan payt Moshirining manfaatlarini himoya qilgan advokatlarga koʻra, Premer-liga qoidalari buzilgani haqidagi har qanday ayblov "qip-qizil yolgʻon"dir.

Ularning uqtirishlaricha, Farhod Moshiri oʻz boyligini oʻzi mustaqil ishlab topgan va futbolga kiritgan sarmoyalari ham oʻzinikidir.

Alisher Usmonovning yuristlari esa, ayblovda xatoliklar borligi, tekshiruvlar esa mijozlarining shaxsiy hayotiga jiddiy daxl qilish ekanini aytishgan.

Angliya Premer-ligasining qoidalariga muvofiq, futbol klubining 10 yoki undan ortiq foiziga ega xususiy shaxs boshqa klubning hissalariga egalik qilishi mumkin emas.

Bu futbol oʻyini yoki transferlar vaqtida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida qilingan.

Rasman Usmonov va uning sobiq hisobchisi boʻlgan Moshiri 2007 yilda birgalikda "Arsenal"ning 14,58 foiz hissalarini Red And White Holdings ofshor shirkati orqali sotib olishgan.

Ammo hujjatlardan anglashilishicha, "Arsenal" hissalarini sotib olish uchun zarur mablagʻlar Epion Holdings nomli shirkatdan kelib tushgan.

Bu shirkatni esa toʻlaligicha Alisher Usmonov nazorat qiladi.

Epion Holdings shirkati 15,8 milliard dollarga baholangan.

Sizdirilgan hujjatlardan birida shunday deyiladi: Gallagher Holdings ning dividendlari Alisher Usmonovga keladi, u esa pullarni Moshiriga hadya qiladi. Oʻz navbatida Moshiri shirkatga sarmoya kiritadi. Red And White Holdings shirkati Epion Holdings Limited hisobidan moliyalangan".

Gallagher Holdings shirkati ham Usmonovga tegishli.

Hujjatlarda nima deyilgan?

Farhod Moshirining advokatlari avvaliga pullarning Usmonovga tegishli Epion shirkatidan kelganini rad etganlar.

Keyinroq esa pullar avvaliga haqiqatan ham Epion dan kelganini tan olishgan, ammo ularning soʻzlariga koʻra, Moshiri alal-oqibat Usmonovning pullarini qaytargan.

Red And White Holdings "Arsenal" futbol klubidagi hissashini oshirib borib, 30,4 foizga yetkazgan.

Image copyright PAnorama BBC

2016 yil fevralida Moshiri "Arsenal" dagi hissalarining yarmini Usmonovga sotgan.

Ofshor hujjatlarida ushbu bitimni nazorat qilgan Appleby shirkatiga tegishli hujjat bor.

Ushbu hujjatga muvofiq, "Arsenal"dagi hissalarning sotilishidan qoʻlga kiritilgan mablagʻlar "Everton" futbol klubining 49.9 foiz hissalarini sotib olishda ishlatilgan boʻlishi mumkin.

Bitimning eʼlon qilingan qiymati 87,5 million funt-sterling yoki taqriban 114 million dollarni tashkil etgan.

Alisher Usmonovga yaqin Rossiya media shirkati hatto "Usmonov "Everton"ning yangi xoʻjayiniga aylangani" haqida xabar qilishga ham ulgurgan.

Koʻp oʻtmay, xabar olib tashlangan, ammo shubhalar qolgan.

2017 yil yanvarida "Everton"ning trenirovka maydoni Finch Farm ga endilikda Usmonovning USM Holdings shirkati homiylik qilayotgani eʼlon qilinishi ortidan bu shubhalar yanada kuchaygan.

Trenirovka maydoni nomi USM Finch Farm deb oʻzgartirilgan.

BBC muxbiri Farhod Moshiriga "Alisher Usmonov "Everton" futbol klabini nazorat qiladimi, degan savolni bergan.

"Aqldan ozdingizmi? Ruhshunosga borganingiz yoʻqmi?", - deya javob bergan Moshiri.

"Agar bu kredit boʻlsa, siz pulni qaytarishingiz kerak boʻladi. Agar hadya boʻlsa, unda sizniki. Ammo bu unisi ham, bunisi ham emas. Chunki men pulini toʻlab qoʻyganman", - deb aytgan Moshiri.

Farhod Moshiri keyinroq hadya ekani eslatilgan barcha hujjatlar xato ekanini aytgan.

Moshirining huqushunoslari Premer-liga barcha zarur tekshiruvlarni oʻtkazgani va Moshiri klubga egalik qilish va uni boshqarish boʻyicha barcha talablarni bajarganidan qoniqqanligini bildirishgan.

Ular shuningdek, Moshiri pirovardida "Everton"ga koʻproq sarmoya kiritganini aytganlar.

Forbes jurnali Moshirining sarmoyasini 2,4 milliard deb baholagan.

Angliya Futbol uyushmasining sobiq rahbari Greg Daykning BBC "Panorama" dasturiga aytishicha, "hadya" soʻzi "gʻalati eshitiladi".

"Agar bu hujjatlar siz aytayotgan narsani tasdiqlasa, ishonchim komilki, Premer-liga oʻz tekshiruvini oʻtkazadi", - degan u.

Har qanday tekshiruvning natijasi Moshiri va Usmonov nima qilishgani, shuningdek, bu haqda futbol klublari nima bilganiga bogʻliq boʻladi.

Premer-liga "klublar va xususiy shaxslar haqidagi maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilmasligi"ni aytgan.

"Everton" futbol klubi bilan bogʻliq bitimni Bridgewaters Limited shirkati amalga oshirgan.

Ushbu shirkat Britaniya egalik qiladigan Men orolida roʻyxatdan oʻtgan.

"Paradise Papers" hisobotidagi boshqa hujjatlar Bridgewaters Limited shirkatini Usmonov 2011 yilda yashirincha suratda sotib olgan boʻlishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Usmonov ham, shirkat ham buni qatʼiyan rad etadi.

"Everton"ga egalik qiladigan Blue Heaven Holdings shirkati Bridgewaters shirkatining yuridik manzili boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan.

Uning boshqaruvchilaridan ikki nafari Bridgewaters xodimlari, xodimlardan biri Alisher Usmonovning USM Holdings shirkatida ham ishlaydi.

Image copyright Getty Images
Image caption Usmonovga aloqador Bridgewaters shirkati "Everton"ni sotib olish boʻyicha bitimni amalga oshirgan

Alisher Usmonov kim?

  • 1953 yilda Oʻzbekistonda tugʻilgan, Rossiya fuqarosi. Vladimir Putinga yaqin
  • Oʻz boyligini plastik paket va togʻ metallurgiyasi savdosidan orttirgan
  • Ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa va matbuotga sarmoyalar kiritgan
  • Londonning "Arsenal" futbol klubi hissalarining 30,4 foiziga egalik qiladi
  • Metsenatlik faoliyati bilan tanilgan
  • 1980 yilda taʼmagirlik va sotsialistik mulkni oʻgʻirlash aybi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2000 yilda Oʻzbekiston Oliy sudi jinoyat ishini soxtalashtirilgan deb topib, Usmonovni oqlagan
  • Oʻz obroʻsini sud orqali himoya qiladi. 2017 yilda oʻzini pora berishda ayblagan Aleksey Navalniyga qarshi sud ishini yutgan va muxolifatchi ustidan kulgan eng yaxshi internet-mem uchun mukofot sifatida uchta mobil telefoni taklif qilgan
  • 1992 yilda badiiy gimnastika boʻyicha trener Irina Vinerga uylangan

Alisher Usmonovning advokatlari u "Everton"ning egasi ekani haqidagi daʼvolarda "xato va notoʻgʻri talqinlar" mavjudligini aytishgan, ammo tafsilotlarga toʻxtalmaganlar.

"Bizning mijozimiz sizlarning soʻrovingiz va noxolis jurnalistik tekshiruvingizga yordamlashishga majbur emas", - deb aytishgan advokatlar.

2017 yil mayida Usmonov "Arsenal"ning asosiy hissalariga egalik qiladigan amerikalik Sten Kronke bilan 1 milliard funt-sterling (1.3 milliard dollar)lik bitimni imzolay olmagan.

Amalga oshgani taqdirda Usmonov "Arsenal"ning 97 foiz hissalarini qoʻlga kiritgan boʻlardi.

Alisher Usmonov "Arsenal"ga taʼsir oʻtkazolmasligi va uning direktorlar kengashida qatnasha olmasligidan koʻngli toʻlmasligi maʼlum.

Har ikki klub - "Everton" ham, "Arsenal" ham soʻnggi paytlarda Angliya chempionatida yaxshi natijalar koʻrsatmayapti.

"Arsenal"ning koʻpchilik ishqibozlari bosh murabbiy Arsen Venger joyida qolishi kerakligiga shubha qilishadi.

"Everton" esa joriy mavsum boshida murabbiy Ronalьd Kumanni ishdan boʻshatdi.

22 oktyabrda "Everton" mezbonlik qilgan bellashuv 5-2 hisobida mehmonlar foydasiga hal boʻldi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq