Suriya-Checheniston: "Oʻzbekistonliklar Grozniyda"

Putin va Qodirov Image copyright RIA NOVOSTI

Bu haqda Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov oʻzining "Instagram"dagi shaxsiy akkauntida xabar bergan.

Chechen rahbari Suriyadan ortga qaytarilgan xotin-qiz va bolalarni Grozniy aeroportida kutib olish lahzalar aks etgan videoni ham oʻz xabariga ilova qilgan.

Videoni BBC O'zbekning YouTube kanalida tomosha qiling

Prezident Qodirovning mahalliy vaqt bilan kecha tunga yaqin yozishicha, samolyot bortida jaʼmi 41 kishi boʻlgan.

Ulardan 34 nafari Rossiya, qolgan yettitasi esa, Qozogʻiston va Oʻzbekiston fuqarolaridir.

Chechen rahbarining aytishicha, bu ayollar va bolalar otalari hamda erlarining "jinoiy bemulohazaligi" sabab, jang jabhasiga tushib qolishgan.

Mazkur xabar tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, Suriyadan ortga qaytarilganlar Grozniy aeroportida oʻz qarindoshlari va yaqinlari bilan koʻrishishga imkonli boʻlishgan.

Ammo ularning orasida ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi ekani aytilayotgan "yoʻlovchi"ni ham qarshi olishga kelganlar bor-yoʻqligi maʼlum emas.

Prezident Qodirov keltirgan raqamlarga tayanilsa, bu - oʻzlari Yaqin Sharqdagi "olovli nuqtalar"dan olib chiqishga muvaffaq boʻlgan ikkinchi guruh odamlar boʻlishadi.

Uning aytishicha, bundan avval Suriya va Iroqdan ellikka yaqin xotin-qiz va bolani qutqarishga muvaffaq boʻlishgan.

Checheniston rahbariga koʻra, bu ishlarning barchasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning topshirigʻi asosida amalga oshirilgan.

Prezident Putin suriyalik hamkasbi Bashar al-Assad bilan Moskvadagi soʻnggi uchrashuvi chogʻida minglab sobiq Shoʻro davlatlari fuqarolarining Yaqin Sharqda jang qilishayotganidan oʻz xavotirlarini izhor etgan.

Bu omilni Suriyadagi havo amaliyotlariga bosh qoʻshishlarining asosiy sabablaridan biri sifatida ham tilga olgandi.

Yaqinda eʼlon qilingan xalqaro hisobotga tayanilsa, Suriya va Iroqda 1500 nafar Oʻzbekiston fuqarosi IShID saflarida jang qilishgan.

Ammo, Amerika "Soufan" tadqiqot markazining eʼtirof etishicha, ortga qaytgan oʻzbekistonlik jangarilar borasida oʻzlarida biror bir maʼlumot yoʻq.

Bu - sobiq Shoʻro davlatlari nazarda tutilganda, Rossiyadan keyin qayd etilgan ikkinchi yirik raqam boʻlgandi.

Soʻnggi yangilikka hozircha Oʻzbekiston tomonining rasmiy munosabati imkonli emas.

Boshqa tomondan, Ramzan Qodirovning xabarida Grozniyga keltirilgan oʻzbekistonliklarning bundan keyingi taqdirlari nima boʻlishi ham ochiqlanmagan.

Rossiya tomonining soʻnggi saʼy-harakatlari IShID guruhi Yaqin Sharqda yirik magʻlubiyatga uchragani va guruh asos solgan islomiy xalifalik parchalanganiga oid xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq