Yana bir oʻzbek yigit jangarilar changaliga tushdimi?

Sherzodning doʻstiga koʻra, uning Turkiyada ishi yurishmagan
Image caption Sherzodning doʻstiga koʻra, uning Turkiyada ishi yurishmagan

BBCga bogʻlangan oʻzbekistonlik kishining aytishicha, Afgʻonistonda Islomiy Davlat (IShID) jangarisi deya gumon qilinib hibsga olingan Sherzod Anvarov uning doʻstidir.

BBC uch kun avval Afgʻoniston shimolidagi Jauzjon viloyatida "asli buxorolik" Sherzod Anvarov qoʻlga olingani va u ayni viloyatdagi IShID boʻlimiga rahbarlik qilishda ayblanayotganini xabar qilgandi.

U hozir Afgʻoniston poytaxti Kobuldagi xavfsizlik kuchlariga topshirilgan.

BBC bilan bogʻlangan Sarvar (ismi oʻzgartirilgan) bildirishicha, Sherzod Anvarov buxorolik emas, balki Samarqandning Oqdaryo tumanida tugʻilib oʻsgan.

Sarvarning aytishicha, Sherzod yil boshida Turkiyaga ishlash uchun ketgan, ammo koʻp ishi yurishmay va aldanib qolishi ortidan yoʻqolib qolgan.

Sarvar oxirgi marta u bilan avgust oyida muloqot qilgani va qayerdaligini soʻragani, ammo Sherzod qayerdaligini yashirganini aytadi.

"Iyun oyida u Oqdaryodagi unashtirilgan qiziga telefon qilgan. Men shu nomerni qizdan olib, internetga solib koʻrsam, Afgʻonistonniki boʻlib chiqdi. Keyin u Odnoklassnikidagi profilida "Afgʻonistonda halok boʻlgan Askarlar xotirasiga" deb status yozdi. Oʻsha statusni yozganidan keyin aniq boʻldi, demak, Afgʻonistonda ekan deb xulosa qildik", - deydi u.

Image caption Sherzod uch yil sport kollejida tahsil olgan

"Turkiyaga Samarqanddan bir kishi bilet olib berib joʻnatgan. Istanbulga borib Navroʻz ismli oʻzbek bolaning uyida bir haftalar turdi. Oʻshanda menga aytishicha, 300 dollarini olgan odam ish topib berishi kerak boʻlgan, lekin topib bermagan. Orada gaplashganimda, u bu yerdan chiqaman, odam koʻp kvartirada, ayol erkak aralash yotadi, ish ham topib bermadi, pulni bermayapti, deb janjal qilib chiqib ketib qolgan. Keyin qayerdasan desam, joʻralarim oldidaman, dedi. Yoʻqotgan pulini oʻylardi hadeb. Pulni oʻylama, pul topiladi, degandim", - deydi Sarvar.

Sherzod joriy yil yozigacha vatsap va telegramdan yozib turgan, va ishlab turgani, hamda koʻchalarda ish qidirganini yozgan. Ikki hafta yoʻq boʻlib qolishi ortidan, 10 iyunda Sarvarning yordamiga javoban "Bergan pulingdan rozi boʻl" deya hayrlashuv ruhidagi smsini yozgan. Shuning ortidan uning oilasi koʻngliga gʻulgʻula tushgan.

Sarvarning aytishicha, qarindoshlari va doʻstlariga u oddiy, dinga qiziqmagan, sportchi oʻsmir boʻlib tanilgan.

"Namoz oʻqishni ham bilmasdi. Toyloq tumanida uch yil sport kollejida oʻqigan, yunon-rim kurashi boʻyicha. Toyloq Olimpiya zahiralari kollejida uch yil boʻlib, oilasidan biroz begonalashgandi chogʻi. Har doim harbiy boʻlaman deb orzu qilardi", - deydi Sarvar.

Sherzodning Afgʻonistonda qoʻlga olinganini eshitgan oilasi, Sarvarning aytishicha, shokka tushishgan. Sherzod oddiy oiladan, uch oʻgʻilning oʻrtanchasi. Otasi - usta, onasi esa bogʻcha tarbiyachisi.

"Ular bilmaydi kimga uchrashishni, qayerga borishni. Ichki ishlar boshqarmasiga borishgan. Fotihalangan qizi tumanga, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga borgan. Viloyatdagi IIB "2-3 kunda javob beramiz, yordam berolmasak, Toshkentga borasizlar", deyishgan. Uydagilarni tumanda chaqirtirib soʻroq qilishgan, uyga kelib kompyuterni olib ketishgan. Xabarlashib turinglar agar yozsa, bu hali aniq emas, tekshiramiz, deyishgan", - deydi Sarvar.

Image copyright Facebook/NDS
Image caption Afgʻoniston Milliy xavfsizlik xizmati hozircha Sherzod Anvarovning suratini chop qilmadi

BBC Sherzod Anvarovning taqdirini bilish ilinjida Kobuldagi Afgʻonistonning Milliy xavfsizlik xizmatiga bogʻlandi, ammo idora Sherzod borasida maʼlumot berishdan bosh tortdi.

Milliy xavfsizlik xizmati (NDS) odatda qoʻlga olingan jangarilar borasida surat va videolarni oʻz Facebook sahifasida chop qiladi, ammo hozircha Sherzod Anvarov borasida maʼlumot chop qilinmagan.

BBCning Kobuldagi muxbiri Fozil Ahmad Yolgʻizning aytishicha, qoʻlga olingan oʻzbek jangarilarning Oʻzbekistonga qaytarilishi hollari avval yuz bermagan.

BBC, shuningdek, Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Ichki ishlar boshqarmasiga Sherzod qidirilayotgani yoki unga qarshi qandaydir jinoiy ish ochilgan yo ochilmaganini bilish uchun sim qoqdi. IIB navbatchisi bu ishdan bexabar ekanligi va maʼlumot boʻlsa, mutassaddi zobit BBCga oʻzi bogʻlanishini bildirdi.

Jauzjonda IShIDga aloqador 30ga yaqin oʻzbekistonlik bor, deb taxmin qilinadi.

IShID koʻproq bu viloyatning Qoʻshtepa va Darzob tumanlarida faol.

Sherzod Anvarovning Turkiyadan Afgʻonistonga qanday borib qolgani hozircha nomaʼlum.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq