"Toshkent militsiyasi Oʻzbekiston qonunlarini buzmoqda"

Hibsga olingan insonlar Image copyright Mvd.uz

Mahalliy va xalqaro inson haqlari faollari hamda 13 noyabr kunidan buyon qayerda saqlanayotgani nomaʼlum qolayotgan insonlar qarindoshlarining aytishlaricha, Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi xodimlari Oʻzbekiston qonunlarini poymol etmoqdalar va yolgʻon axborot tarqatmoqdalar.

Qonun buzilishi hibsda ushlab turilgan insonlar huquqlarining poymol etilayotganida koʻrinadi.

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi avval qora roʻyxatda turgan va shu yil avgustida qora roʻyxatlardan chiqarilgan 80 fuqaro tuman ichki ishlar boʻlimlariga olib borilganini tasdiqladi.

Ulardan 7 kishi muvaqqat saqlash izolyatorida ushlab turilgani 27 noyabrdagi brifingda eʼlon qilindi.

Biroq BBC bilan suhbatda Aziza Ahmedovaning aytishicha, nabirasi Nasrullo Agzamov va kuyovi Muhammad Rashidovning 13 kundan buyon qayerda va nima sabab bilan ushlab turilganini aniqlay olmayaptilar.

16 va 21 noyabr kunlari Yangiyoʻl va Chinoz tumanlarida uylarda tintuv oʻtkazilib, insonlar militsiya boʻlimlariga olib ketilganini tasdiqlayotgan GUVD soʻroq qilinayotgan 7 fuqaro qayerda saqlanayapti, advokati bormi yoki yoʻqligi, salomatligi qandayligi haqida axborot berishni istamayapti.

BBCning bu borada Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasidan sharh olish maqsadidagi bir necha kunlik urinishlari besamar boʻldi.

guvd.uz web-saytida Bosh boshqarmaning ommaviy axborot vositalari bilan muloqot uchun masʼul xizmati yoki xodimi haqida umuman maʼlumot yoʻq.

"Rahbariyat" boʻlimida atigi ikki telefon raqami berilgan. Telefon goʻshagini koʻtargan xodimlar BBCdan qoʻngʻiroq qilinayotganini bilishlari bilan "yaxshi eshitilmayapti" deya goʻshagini qoʻyib qoʻyadilar.

Ayni paytda esa hibsda ushlab turilgan fuqarolar yaqinlari ularning qiynoqlarga tutilayotgani ehtimolidan xavotirlarini izhor etmoqdalar.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyachilari GUVD ushlab turgan insonlar ism-sharifini eʼlon qildilar.

Ular 29 yoshli Umida Uzoqova, uning onasi 51 yoshli Nasiba Uzoqova, 25 yashar Muhammadamin Abdurahmonov, Umida Uzoqovaning turmush oʻrtogʻi Nodir, 35 yoshli Oyatulla Usmonov, 32 yoshli Muhammad Rashidov va 23 yashar Nasrullo Agzamovlardir.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Узоқова яқинлари айтишича, мақоласи учун ЎзА мухбирини судга беришга қарор қилганлар.

Umida Uzoqova qarindoshlarining inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va mustaqil ommaviy axborot vositalariga maʼlum qilishlaricha, u 13 noyabr kuni hibsga olingan.

Biroq OʻzA axborot agentligi U.Uzoqova varaqa tarqatgani uchun 22 noyabrda qoʻlga olingani haqida xabar tarqatgan.

Umida Uzoqova yaqinlarining BBCga aytishlaricha, "Shayhontohurda ekstremist ayol qoʻlga olindi" maqolasi uchun Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligi muxbirini sudga berishga qaror qilganlar.

Opasi Aziza Uzoqova bu haqdagi ariza 29 noyabr kuni Oʻzbekiston Bosh prokuraturasiga topshirilganini maʼlum qildi.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro Human Rights Watch tashkiloti Toshkentda hibsga olingan insonlarning huquqlarini rioya qilishga va Oʻzbekiston qonunchiligi talablari buzilishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqiriq bilan chiqdi.

Hozir Toshkentda boʻlib turgan Human Rights Watchning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻlimi tadqiqotchisi Stiv Sverdlou BBCga quyidagilarni aytdi.

Image copyright Hrw.org
Image caption Human Rights Watch vakili Stiv Sverdlou: Oʻzbekiston Jinoyat Protsessual Kodeksi jiddiy buzilmoqda

Stiv Sverdlou: Human Rights Watch hibsga olingan 7 kishining bir necha qarindoshlari bilan suhbatlashdi. Va ushbu ish bizda jiddiy tashvishni uygʻotdi. Bu ish Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida qoʻllangan ekstremizm bandlari bilan koʻp sonli insonlarni hibsga olish amaliyotini eslatadi. Mamlakat qonunchiligida ekstremizm moddalari juda mavhum, umumiy soʻzlar bilan ifodalangan va bundan oldingi yillardagi jinoyat ishlarida jinoyat sodir etilganini isbotlaydigan dalilar yetarli boʻlmagan. Human Rights Watch Oʻzbekiston davlatida oʻzini terrorizm va ekstremizmdan himoya qilish huquqi mavjudligini juda yaxshi anglaydi, koʻrib turibdi va eʼtirof etadi. Bu davlat manfaatlariga xizmat qiladi. Biroq soʻnggi 15 yilda Oʻzbekistondagi inson huquqlarining jiddiy buzilishi dindorlarning taʼqib etilishi, mamlakat qonunchiligida Islom dinining juda qattiq talqin etilishi bilan bogʻliq boʻldi. Biz Oʻzbekiston qamoqxonalarida minglab insonlar ana oʻsha ekstremizm bandlarida aybdor deb topilib saqlanayotganlarini yaxshi bilamiz. Oʻsha jinoyat ishlarining koʻpchiligida inson aynan qaysi jinoyatni sodir etgani haqida maʼlumot kamligi ham xavotirlarni uygʻotgan. Soʻnggi hibsga olishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayonotlari va prezident yangi maʼmuriyatining oxirgi oylardagi ishlari manzarasida yuz berayotgani yanada tashvishlanarlidir. Mamlakatda 16000 dan ortiq inson qora roʻyxatlardan chiqarildilar va hibsga olinganlar ham yaqinda oʻsha roʻyxatdan chiqarilgan boʻlganlar. Biz Prezident Mirziyoyev va Tashqi ishlar vazirining Oʻzbekistonda Islom diniga nisbatan yangicha munosabat davri boshlanayotgani haqidagi bayonotlarini eshitdik. Yaʼni, Islom dinining muhim taʼlimotini ommaga yetkazishning qamoq va uzoq yillik hibsdan ham boshqacha yoʻllarini va yondashuvini topishga harakat qilinmoqda. Mening oʻzim hibsga olingan insonlarning toʻrt qarindoshi bilan suhbatlashdim. Bizga 14 va 16 noyabr oʻrtalarida yuz bergan hibsga olish jarayonlari haqida hikoya qilib berishdi. Hibsga olish jarayonida kaltaklash hollari ham boʻlgan. Juda jiddiy protsessual buzilish hollari roʻy bergan. Biz hibsga olinganlardan birortasi ham hatto shu kungacha yaqinlariga qoʻngʻiroq qilolmagani, yaqinlari yoki advokati bilan koʻrisholmaganini alohida qayd etamiz. Bu Oʻzbekiston Jinoyat-Protsessual Kodeksining juda jiddiy buzilishidir. Shuning uchun ham Human Rights Watch qudratdagilarni ushbu ishlarga yanada jiddiyroq qarashga chaqiramiz. Jinoyat sodir etilganining jiddiy isbot-dalillari boʻlmasa, bu insonlar ozod etilmoqlari lozim. Hech boʻlmaganda uy qamogʻiga. Bu insonlarga zudlik bilan oʻz yaqinlari va advokatlari bilan koʻrishishlariga ruxsat berilishi lozim.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq