Afgʻonistonga elektr sotishni oshirayotgan Oʻzbekistonda chiroq oʻchishi keskinlashyapti

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda gaz va elektr taʼminoti yomonlashgan Image copyright Getty Images
Image caption Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda gaz va elektr taʼminoti yomonlashgan

Afgʻoniston hukumati Oʻzbekistonning Surxondaryo va Afgʻonistonning Bagʻlon viloyatiga yangi elektr liniyasi qurilishi boshlanishini maʼlum qildi.

TOLOnews xabariga koʻra, bu loyiha nafaqat sanoat, balki oddiy aholining energiyaga boʻlgan ehtiyojini qondirishga yordam beradi.

Kun.uz yozishicha, 19 noyabrda Toshkentga tashrif buyuradigan Afgʻoniston Prezident Ashraf Gʻani mazkur loyiha boʻyicha bitimga imzo chekadi.

Ayni damda Oʻzbekistonning oʻzida sovuq mavsum kelishi bilan elektr taʼminotidagi uzilishlar keskinlasha boshlagan.

Chiroq oʻchishi nafaqat chekka tuman va qishloqlar, hatto Toshkent markazida ham kuzatilmoqda.

Fargʻona shahrida yashovchi inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashevning aytishicha, Fargʻona shahrida chekka hududlarga qaraganda chiroq kamroq oʻchadi.

Unga koʻra, chiroq oʻchishining asosiy sababi sovuq kunlarda gaz bosimining pasayib ketishi yoki butunlay toʻxtab qolishidir.

"Yoritish uchun moʻljallangan elektr quvvati, tabiiyki, isitish uchun katta zoʻrlanishda isteʼmol qilinadi. Mahalla va mikrorayonlarga oʻrnatilgan transformatorlar bu zoʻrlanishni koʻtara olmay qizib ketadi. Oʻchirib turilmasa yonib ketishi, hatto portlab ketishi mumkin", - deydi u.

Faolga koʻra, elektr energiyasi mamlakat aholisining ehtiyojini toʻla qondiradigan darajada ajratiladi. "Muammo elektr taʼminotida emas, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotidagi korruptsiyada", - deya qoʻshimcha qiladi u.

U, shuningdek, bir yil avval Fargʻonaga elektr oʻtkazish imkoniyati katta va avtomatik sovutish sistemasiga ega transformatorlar oʻrnatilganini aytadi.

Image caption Qishloqlarda ahvol shahardagilardan abgorroq

Oʻzbekistonning boshqa hududlari, xususan Surxondaryoning Denov tumani ahli qish mavsumidagi keskin elektr yetishmovchiligini mahalliy elektr idoralarining quvvatni tejash maqsadi bilan izohlashadi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonning tobora koʻp hududlarida elektr taʼminoti bilan bogʻliq vaziyat yomonlashdi.

Buning asosiy sabablaridan biri mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda birorta ham yangi GES qurilmagani, eskilarining esa taʼmirga muhtoj boʻlib qolganidir.

Osiyo Taraqqiyot banki Oʻzbekistondagi elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stantsiyalarning yoshi 40-50 yilni tashkil etishini va bu stantsiyalar mustaqillik yillarida jiddiy taʼmirlanmaganini aytadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham oʻzining saylovoldi dasturida, jumladan, shunday degandi:

"...mamlakat boʻyicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan boʻlib, transformator punktlari zoʻriqib ishlamoqda. Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruktsiya qilish, 5600ta eskirgan transformator podstantsiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda".

Oʻzbekiston qoʻshni Afgʻonistonga elektr quvvatini sotishni 2007 yilda Surxondaryodan Xayratonga choʻzilgan 43 kilometrlik liniya orqali boshlagandi.

Aynan Oʻzbekiston Afgʻoniston shimolidagi yirik viloyatlarni elektr bilan taʼminlovchi yagona manbadir.

Oʻtgan yili Toshkentda imzolangan bitimda oʻzbek elektr quvvatining Afgʻonistonga sotilishi 10 foizga oshishiga kelishilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +447858860002

Bu mavzuda batafsilroq