Alisher Usmonov: "Mirziyoyevga maslahat beryapman"

Alisher Usmonov Image copyright UzA
Image caption Usmonov oʻz samolyotini Mirziyoyevga "tekinga bermoqchi boʻlgan"

Kremlga yaqin asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Oʻzbekistonning Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi yangi rahbariyatiga maslahat va yordam berayotganini tan olgan.

"Men Oʻzbekistonga qoʻlimdan kelganicha yordam berishga tayyorman va hozirning oʻzida beryapman ham", - deb aytgan u Reuters agentligi bilan suhbatda.

Usmonovning aniqlik kiritishicha, uning roli "maslahat, konsultatsiya va xayriyadan iborat".

"Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qancha sarmoya kiritmoqchisiz?" degan savolga Usmonov "qurbim yetganicha" deb javob bergan.

U ota yurtiga kiritayotgan sarmoyalar hajmi haqida maʼlumot bermagan, ammo oʻzining UMS Xoldingi bilan Oʻzbekistondagi metalni qayta ishlovchi korxonalar orasidagi aloqalar mustahkamalanib borayotganini aytgan.

64 yoshli Alisher Usmonov Rossiyaning beshinchi eng boy odami hisoblanadi.

Forbes jurnali uning boyligini $15.2 milliard deb baholagan.

"Jadal islohotlar"

Usmonov Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlarning surʼatidan taʼsirlanganini aytgan.

"Men bu islohotlar uch yildan besh yilgacha vaqt olsa kerak, deb oʻylagandim. Chunki boshqa mamlakatlarda shunday boʻlgan. Ammo Oʻzbekistonda bu narsa bir yilda qilindi", - deb aytgan Usmonov.

Image copyright MICHAEL KLIMENTYEV
Image caption 64 yoshli Alisher Usmonov Rossiyaning beshinchi eng boy odami hisoblanadi

Kremlga yaqin milliarder Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy safarlarda uning shaxsiy samolyotidan istifoda etayotganini tasdiqlagan.

Usmonovning aytishicha, u samolyotini Mirziyoyevga tekinga bermoqchiydi, ammo oʻzbek tomoni buni tijoriy asosda amalga oshirishni istagan.

"Mirziyoyevning parvozi masalasi muhokama qilinganda men bor edim. Ammo safarni amalga oshirish uchun uzoqqa uchadigan va munosib toifaadagi samolyot yoʻq edi", degan Usmonov Reuters agentligi bilan suhbatda.

Matbuot xabarlariga koʻra, Usmonovning marhum jiyani Mirziyoyev rafiqasining jiyaniga uylangan.

Ammo bu haqdagi savolga javob berarkan, Usmonov "Diyora ortiq mening jiyanimning bevasi emas, u boshqa odamga turmushga chiqqan va men unga baxt tilayman", degan Usmonov.

U agar sarmoyalar himoyalansa, koʻplab davlatlar Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga tayyorligini aytgan.

Usmonov boshqa xorijdagi oʻzbeklarni ham Oʻzbekistonni farovon va huquqiy davlatga aylantirishda oʻz hissalarini qoʻshishga chaqirgan.

Marhum Islom Karimov davrida Alisher Usmonov oʻzbek rasmiylari bilan yaqin aloqalarga ega emasdi.

Hatto Mirziyoyev yangi hokimiyatga kelgan paytlar ham Usmonov Oʻzbekiston rahbariyati bilan aloqalarini rad etgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq