2018 yilda Oʻzbekistonda soliqlar kamaytiriladi

Oʻzbekiston Soliq Kodeksi

Oʻzbekiston hukumati majlisida 2018 yili soliqlar yukini qisqartirish, soliq va majburiy toʻlovlar miqdorini kamaytirishga qaror qilingan.

Bu haqda Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligi xabar tarqatgan.

Vazirlar Mahkamasining majlisida foyda soligʻi hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarini birlashtirish orqali umumiy bazaviy stavkani 15,5 foizdan 14,5 foizgacha kamaytirish qaror qilingan.

Shuningdek, Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratmalarni yagona toʻlovga - davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarga birlashtirish orqali umumiy stavka 3,5 foizdan 3,2 foizga tushiriladi, bu xoʻjalik yurituvchi subʼektlar tasarrufida qariyb 411 milliard soʻm mablagʻ qoldirish imkonini berishi aytilgan.

OʻzA xabar qilishicha, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yuki darajasini fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan hisobraqamlariga ajratmalar miqdorini 1 foizdan 2 foizgacha oshirish hisobiga kamaytirish va bu fuqarolarning jamgʻarmalarini umuman 450 milliard soʻmdan koʻproqqa oshirish;

- yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliqning aholi tadbirkorlik faolligini oshirishga qaratilgan stavkasini oʻrtacha 30 foizga pasaytirish;

- hududlar xususiyatlari va faoliyat koʻrsatish joyi hisobga olingan holda, mahalliy hokimiyat organlariga jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va qatʼiy belgilangan soliqlar boʻyicha belgilangan bazaviy stavkalarga nisbatan 0,7-1,3 gacha kamaytiruvchi va koʻpaytiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash huquqini berish nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi 2018 yilda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga 34 trillion 700 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirishni koʻzlagani xabar qilinmoqda.

Ushbu xabar Internet sotsial tarmoqlarida qizgʻin kutib olinganini koʻrish mumkin.

Muhokamalarda xususiy tadbirkor va mikrofirmalar uchun belgilab qoʻyilgan oylik soliqni bekor qilib, uning oʻrniga daromad soligʻini joriy qilish yaxshiroq ekani haqidagi fikrlarni oʻqish mumkin.

Shuningdek, mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasini bekor qilib, daromad soligʻini 15-20 foiz atrofida qilib belgilamaguncha biznes oʻzining barcha toʻlovlarini oydinlashtirmasdan faoliyat yuritishda davom etaverishi borasidagi mulohazalarni ham koʻrish mumkin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq