Oʻzbek-Qozoq chegara nuqtalari oʻtkazuvchanligi kengayadi

Oʻzbekistonning "Gʻishtkoʻprik", Qozogʻistonning "Jibek joli" chegaradan oʻtish nuqtasi Image copyright BBC O'zbek

Oʻzbekiston Davlat Bojxona qoʻmitasi xabar tarqatishicha, Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston chegarasidagi oʻtish-qaytish nuqtalarining oʻtkazuvchanlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaror qilingan.

Bu haqdagi kelishuv Prezident Nursulton Nazarboyevning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi davomida imzolangan.

Kelishuvga binoan, chegaradan oʻtkazish nuqtalarini, avtomobil yoʻllarini rekonstruktsiya qilish, ikki mamlakat chegarasiga yaqin hududlarni obodonlashtirish boʻyicha "yoʻl xaritasi" tuzilgan.

Asosiy eʼtibor Oʻzbekiston poytaxtiga yaqin "Gʻishtkoʻprik", "Zangiota" va "Toshkent" chegara oʻtkazish punktlariga qaratilishi xabar qilinmoqda.

Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi xabarida aytilishicha, ushbu ishlar Qozogʻiston bilan chegarada joylashgan eng muhim oʻtkazish punktlarining oʻtkazuvchanlik imkoniyatlarini ancha oshirishga hamda ham jismoniy shaxslar harakatlanishiga ijobiy sharoitlar yaratish, ham tranzit yoʻnalishlari boʻyicha harakatlanayotgan yuk tashuvchilarga qulaylik yaratadi.

Xabar qilinishicha, 2018-2019 yillar mobaynida "xalqaro" maqomga ega boʻlgan chegaradan oʻtish-qaytish punktlarida atrofidagi hududlarni rekonstruktsiya qilish, kengaytirish, obodonlashtirish va mustahkamlash boʻyicha ishlarni bajarish rejalashtirilmoqda.

Oddiy odamlar ogʻzaki tilda hamon "Chernyayevka" deb ataydigan, Oʻzbekiston tomonidan "Gʻishtkoʻprik", Qozogʻistonning esa "Jibek joli" chegaradan oʻtish-qaytish punkti doim odamlar va avtomobillar bilan gavjum boʻlgan.

Mustaqillik yillarida chegaradan oʻtish-qaytish joylari ancha kengaytirilganiga qaramasdan, yozning jazirama kunlarida oddiy oʻzbekistonliklar chegaradan oʻtish uzoq vaqt olishi va insonlarga ancha noqulaylik tugʻdirishidan shikoyat qilib kelishgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining Qozogʻiston bojxonachilarining taʼmagirligiga duch kelayotganlari haqidagi xabarlar ham tarqalgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq