IIV hamon yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonni "qidirmoqda"

IVV Nurulloh Muhammad Raufxonni jinoyatchi sifatida qidirmoqda Image copyright MVD.uz
Image caption IVV Nurulloh Muhammad Raufxonni jinoyatchi sifatida qidirmoqda

Ichki ishlar vazirligi ayni damda ona yurti Fargʻonada yurgan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonni qidirmoqda. Bu haqda vazirlikning "qidiruvdagi jinoyatchilar" roʻyxatida koʻrish mumkin. Adibga nisbatan ochilgan jinoiy ish hanuz yopilmagan.

Yozuvchining ismi familiyasi va surati ostiga uning Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159 - modda 1 - qism va 244 - modda prim 1, 3 chi qismi boʻyicha qidiruvga berilgani yozilgan.

Qidiruv tashabbuskori Ichki ishlar vazirligi koʻrsatilgan.

BBC Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi Toʻlagan Abdullayevdan oʻzlari uyiga olib kelib qoʻyib ketgan shaxsni nima sababdan qidirishayotgani haqida izoh olmoqchi boʻldi. Biroq web sahifada koʻrsatilgan telefonni hech kim koʻtarmadi.

Prezident Mirziyoyev tomonidan qora roʻyxatdan chiqarilgani aytilgan yozuvchi 27 sentyabr kuni Istanbuldan uchib kelishi bilan Toshkent xalqaro aeroportida hibsga olingandi.

Ichki ishlar boshqarmasida soʻroq qilingan Nurulloh Muhammad Raufxon Toshkent turmasiga oʻtkazilgandi.

Yozuvchining qoʻlga olinishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning keskin noroziligia sabab boʻlgan va Oʻzbekistondagi koʻplab yozuvchilar ham uning himoyasiga turgan edi. Xalqaro tashkilotlar yozuvchini ozod qilish talabi bilan hukumatga murojaat qilgan.

Qoʻliga kishan solinganidan 4 kun oʻtib, 1 oktyabr, yakshanba kuni Hamza tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Nurullo Muhammad Raufxonni oʻz mashinasida uyiga olib kelib qoʻydi.

Ozodlikka chiqarilgan boʻlsa-da, yozuvchining "Bu kunlar" asari sabab ochilgan jinoiy ish toʻxtatilmagan.

Uning qalamiga mansub "Bu kunlar" kitobi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga ekspertiza uchun yuborilgani xabar berilgandi.

Biroq Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi masʼul mulozimi BBCga Nurulloh Muhammad Raufxonning asari agentlikka ekspertiza uchun berilmaganligini maʼlum qildi.

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon Turkiyada yurgan vaqti "Bu kunlar" kitobini chop qilgan.

Kitobda Karimov rejimidagi muammolar roʻyi rost koʻrsatib berilgan edi.

Adibning oʻzi "hujjatli siyosiy-ijtimoiy hikoyalar" deb atagan asarda Oʻzbekistondagi oʻzgacha fikrlovchilar, jumladan, dindorlar va siyosiy muxolifatga qarshi repressiyalar qoralanadi, mamlakatning yangi tarixidagi fojiali voqealar borasida hukumatning rasmiy nuqtai nazari savol ostiga olinadi.

Muallif prezident Islom Karimovni, oʻz taʼbiricha, xalqni "Olloh bergan erkinliklardan mahrum qilish", "shafqatsizlik va hokimiyatni saqlab qolish yoʻlida hech narsadan qaytmaslik"da ayblaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq