Karimov yodgorligini yaratayotgan britan haykaltarosh tanqid ostida

Londonning Sent-Pankras vokzalidagi "Uchrashuv joyi" Pol Deyning eng mashhur sanʼaьt asarlaridandir Image copyright Leon Neal/AFP/Getty Images
Image caption Londonning Sent-Pankras vokzalidagi "Uchrashuv joyi" Pol Deyning eng mashhur sanʼaьt asarlaridandir

Britaniyalik taniqli haykaltarosh Pol Dey Oʻzbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning Moskvadagi yodgorligini yaratishga rozi boʻlgani uchun britan matbuotida keskin tanqidlarga uchramoqda.

The Times gazetasi oʻz maqolasida Karimovni 25 yillik prezidentligi davrida inson huquqlari toptalishi hollariga boshchilik qilgan "zolim" va "diktator" deya tasvirladi.

Guardian esa Karimovni "yaqin oʻtmishdagi eng shafqatsiz diktatorlardan biri" deya baholadi.

"Uning rejimi tanqidchilarni qamadi va qiynoqlarga soldi, 2005 yilda Andijonda yuzlab qurolsiz namoyishchilarni qirdi", - deb yozadi Guardian.

Islom Karimovning Moskvadagi haykaliga buyurtma marhum prezidentning qizi Lola Karimova-Tillayeva rahbarlik qiluvchi Islom Karimov nomidagi Fond tomonidan berilgan.

Yodgorlik qanday tus olishi yoki unga qancha mablagʻ sarflanishi haqida maʼlumot berilmagan.

Joriy yil may oyida Karimova-Tillayeva oʻz onasi va Pol Dey bilan Moskvaga tashrif buyurganini oʻz Facebook sahifasida eʼlon qilgandi.

Image copyright Facebook/Lola Karimova-Tillyayeva
Image caption Lola Karimova-Tillayeva va Pol Dey (oʻngdan ikkinchi) bu loyihani Moskva shahrining masʼul shahslari bilan muhokama qilish uchun Rossiya poytaxtiga tashrif buyurishgandi.

The Times yozishicha, Pol Dey oʻz vazifasi ijodkor sifatida kimgadir hukm chiqarish emasligi, balki oʻziga tushgan buyurtmani imkonqadar yaxshi amalga oshirish ekanini aytgan.

Guardian unga bogʻlanganida esa u bu masalaning axloqiy tarafini muhokama qilishdan bosh tortgan.

"Siyosatchi yo jurnalist emas, balki ijodkor sifatida, mening vazifam turli mavzularda davomiy sifat va jozibaga ega narsalarni yaratishdir. Men qiladigan har bir ish kareramga ijobiy yo salbiy taʼsir qilishi mumkin. Hayot bizga imkoniyatlar taqdim etadi va men oqim bilan harakat qilaman", - deb aytgan Pol Dey Guardian nashriga.

Guardian maqolasida yozilishicha, Moskva markazidagi Yakimanka tumani mahalliy kengashi raisi Andrey Morev kengash aʼzolari 8-1 ovoz bilan haykal oʻrnatilishi qarorini bekor qilishga ovoz berganlar. Ammo, Moskva shahar hukumati aftidan loyihani davom ettirishga bel bogʻlagan.

Andrey Morevning Guardian gazetasiga aytishicha, 100dan oshiq mahalliy fuqarolar haykalning oʻrnatilishiga qarshi shikoyat yozganlar.

Haykaltarosh Pol Dey "Britaniya uchun jang" monumental inshooti, Qirolicha-ona haykali hamda Londonning Sent-Pankras stantsiyasidagi "Uchrashuv joyi" bronza haykallari bilan nom chiqargan.

Uning soʻnggi sanʼat asari "Iroq va Afgʻonistondagi urushlar" memorial yodgorligi 2017 yilning mart oyida Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II tomonidan tantanali ochilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq