Mirziyoyev: "Milliy xavfsizlik xizmati isloh qilinadi"

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Prezident.uz
Image caption Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon Milliy xavfsizlik xizmatini birinchi marta tanqid qilishi

Shavkat Mirziyoyev mamlakatning qudratli xavfsizlik xizmatlari isloh qilinishini eʼlon qildi.

Bu haqda Prezident juma kuni Toshkentda parlamentga ilk murojaatnomasida gapirgan.

Bu Mirziyoyevning hokimiyatga kelganidan Milliy xavfsizlik xizmatini birinchi marta tanqid qilishi.

Bunga qadar davlat rahbari boshqa kuch tizimlari faoliyatini tkeskin tanqid qilgan, ammo Oʻzbekistonning eng qudratli shaxslaridan hisoblangan general Rustam Inoyatovning idorasi bu tanqidlardan chetda qolayotgandi.

Mirziyoyevning aytishicha, MXXning vakolatlari asossiz ravishda kengayib ketgan va cheklanishi kerak.

U MXX 26 yil oldingi nizom asosida ishlab kelayotgani va uning faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilish vaqti kelganini taʼkidladi.

"Har qanday oddiy harakat ham MXXga qarshi deb baholab kelingan. Har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid deb baholab kelingani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab boʻlgan. MXX faoliyatini isloh qilish vaqti keldi. Shu sababdan MXX faoliyati toʻgʻrisida qonunni ishlab chiqish vaqti keldi", - deb aytdi Prezident.

Mirziyoyev sobiq shoʻro KGBsining merosxoʻri boʻlgan MXXning oʻtmishiga ham ishora qilgan.

"Shu tizim ichida oʻzim ham oʻsganman. Xudodan soʻraymiz, u kunlar qaytib kelmasin endi", - degan Prezident.

Image copyright kremlin.ru
Image caption Oʻtgan hafta MXX rahbari Inoyatov Moskvada Putin bilan uchrashuvda ishtirok etgan

Oʻtgan hafta MXX rahbari Rustam Inoyatov Moskvada Putin rahbarligidagi MDX xavfsizlik xizmatlari rahbarlarining yigʻinida ishtirok etgan.

Ushbu yigʻinda Putin ishtirokchilarni shoʻrolarning maxfiy politsiyasi VChKning 100 yillik yubileyi bilan tabriklagandi.

VChK oʻtgan asrning 20-30 yillarida millionlab insonlarning umriga zomin boʻlgan siyosiy qatagʻonlar uchun masʼul deb koʻriladi.

Inoyatov rahbarligida MXX Oʻzbekistonda eng qudratli tizimga aylangan.

Islom Karimovning oʻlimidan soʻng general Inoyatov muhim qudrat brokeri sifatida koʻrilgan.

Tahlilchilar 73 yoshli MXX rahbari bilan Prezident Mirziyoyev oʻrtasida qudrat uchun yashirin kurash mavjudligini aytishadi.

Hozirga qadar bu kabi kurash yuzaga sizib chiqqanining biron belgilari koʻrilmagan.

Ayrim tahlilchilar ushbu raqobatni mamlakatni beqarorlashtirishi mumkin boʻlgan ehtimoliy omil sifatida koʻrishadi.

Prezident Mirziyoyev oʻz chiqishida bundan buyon "butun hokimiyat va zahiralarning bitta tizim qoʻlida toʻplanishi va muvozanatning buzilishiga"ga yoʻl qoʻyilmasligini aytgan.

"Kalamushlar"

Oʻz murojaatnomasida Mirziyoyev hukumat faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan.

Image copyright O'zbekiston24
Image caption Rustam Inoyatov

Shuningdek, birinchi marta mamlakatda yuzaga kelgan inqiroz uchun oʻzi ham masʼulligini ochiq tan olgan.

"Atrof yaxshimas edi", - deb aytgan 13 yil mobaynida Bosh vazir lavozimida ishlagan Mirziyoyev.

U Karimovdan qolgan butun tizimni keskin tanqidga tutgan, ammo Karimov nomini tilga olmagan.

Prezident Tashqi ishlar vazirligi tizimi qayta tashkil etilishini aytib, Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalarini yopish bilan tahdid qilgan.

Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, bundan buyon Oʻzbekistonga investitsiya olib kelmagan elchilar ishlamaydi.

Mirziyoyev eng koʻp tanqid qilgan tizimlardan biri Moliya vazirligi boʻlgan.

U moliya mulozimlarini "kalamushlar" deb atagan.

"Moliyaning avvalgi rahbarlarini haydadim, lekin pastdagi kalamushlar hali ham oʻtiribdi", - degan u.

Prezident oʻzining raqibi sifatida koʻrilgan va shu yil boshida lavozimidan chetlatilgan sobiq Moliya vaziri Rustam Azimov nomini tilga olmagan.

U shuningdek, soliq tizimi va xorijiy sarmoya hamda loyihalarni amalga oshirishda korruptsiyaning keng tarqalganini aytgan.

Mirziyoyev "hali koʻp vazirlarni ishdan olishi"ni aytgan.

Prezident yangi 2018 yilni "Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili" deb nomlashni taklif qilgan.

U shuningdek, 2018 yil uchun avvalroq parlament qabul qilgan va Senat maʼqullagan davlat byudjetini ham imzolashdan bosh tortgan.

"Men faqat xalqning hayotini yengillashtiradigan byudjetnigina imzolayman", - degan davlat rahbari.

U byudjet loyihasini har tomonlama qayta koʻrib chiqishni taklif qilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq