Mirziyoyev: '2018 hal qiluvchi yil boʻladi'

Image copyright uzbekistan24

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil "Oʻzbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil boʻlishi"ni aytgan.

Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida Prezident "qiyinchiliklarga qaramasdan, 2017 yil har tomonlama omadli va barakali" boʻlganini taʼkidlagan.

Mirziyoyev oʻzi rahbarlik qilgan birinchi yilni mamlakat taraqqiyotida "yangi davr, yangi bosqich" deb atagan.

Uning soʻzlariga koʻra, "davlatning xalqqa munosabati oʻzgarmoqda".

"Xalq degan tushunchaning qadri yuksalmoqda. El-yurtga xizmat qilish hayotimiz mazmuniga aylanmoqda", - deb aytgan Prezident.

Oʻz tabrigida Mirziyoyev mintaqadagi qoʻshnilar bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan tashqi siyosatini himoya qilgan.

"Qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarimiz yangicha ruh va mazmun kasb etmoqda.Bu esa mintaqamizda oʻzaro ishonch, doʻstlik va hamkorlik muhitini yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin boʻlmoqda", - deb aytgan davlat rahbari.

Mirziyoyevga koʻra, bu siyosat "strategik yoʻl"dir va u 2018 yilda ham davom ettiriladi.

U Yangi yilda ham odamlarning hayot darajasi va sifatini, aholi daromadlarini oshirishga alohida ahamiyat berilishini taʼkidlagan.

Mirziyoyev avvalroq parlamentga murojaatida 2018 yil "oson boʻlmasligi"ni aytgandi.

"2018 yil biz uchun oson boʻlmaydi. Buni ochiq aytish kerak. Lekin, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib boʻlsa ham, tanlagan yoʻlimizdan qaytmasligimiz shart. Nega deganda, bu hayotda hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Oʻzimiz harakat qilmasak, hech kim bizga begʻaraz yordam bermaydi", - degan Prezident 22 dekabr kungi nutqida.

1 yanvarga oʻtar kechasi Oʻzbekiston televideniyesi va Prezidentning Feysbukdagi rasmiy sahifasida olib koʻrsatilgan tabrik Shavkat Mirziyoyevning Yangi yil munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga ikkinchi tabrigi boʻlgan.

Oʻtgan yili birinchi marta davlat rahbari xalqni shaxsan tabriklagandi.

Karimov davrida Prezidentning Yangi yil tabrigi televideniye boshlovchisi tomonidan oʻqib eshittirilgan.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002