Nega Mirziyoyevdan oʻrnak olish qiyin?

Prezident Mirziyoyev Image copyright Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati

Prezident Mirziyoyev Oʻzbek amaldorining psixologiyasida oʻzgarish yasamoqchi.

Ammo bu oʻzgarish tez orada koʻzga tashlanadiganga oʻxshamaydi.

Nega?

Prezident Mirziyoyevning Toshkent viloyati faollari qarshisida"noinsof" rahbarlar haqida aytgan gaplarini BBC O'zbekning YouTubedagi kanalida tomosha qiling

Boisi, Oʻzbekistonda koʻpchilik mansab-lavozimni egallashni yaxshi yashash, yengil turmushga erishish, mamlakatda mavjud boʻlgan qator imtiyozlardan foydalanish, bunga qoʻshimcha, oʻzining mansabi, mavqeidan foydalanib, boyish manbai, jamiyatda baland obroʻli boʻlish yoʻli deb tushunadi.

Shoʻrolar zamonida mansabga erishish oʻz bilimi, kuchi bilan rahbariyat eʼtiboriga tushish evaziga, komsomol yoki kommunistik partiya safidagi faollik evaziga boʻlar, unda ham mafkuraviy talqinda rahbar xalq xizmatkori ekani urgʻulanardi.

Tan olish kerak, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin rahbar taʼrifi va talqini oʻzgardi.

Oʻzgarganida ham salbiy tomonga oʻzgardi.

Hokim yoki vazir lavozimiga tayinlanayotgan insonning naqadar xalqparvarligi ikkinchi-uchinchi darajali masalaga aylandigina emas, aksincha, oʻzining xalqparvarligini namoyish etgan odam rahbarlikka nomunosib koʻriladigan zamon ham boʻldi.

Chunki rahbar ikki-uch yilda almashtiriladigan boʻlib qoldi, ancha-muncha rahbarlar ana shu ikki-uch yilni, lavozimidan foydalanib boylik orttirishga ulgurish fursati, deb tushunadigan boʻlib qoldilar.

Hokimlik lavozimiga erishishi bilan butun boshli zavod-fabrika yoki xalqqa nafi tegayotgan biror binoning gʻishtlari, trubalari, temir konstruktsiyalarini buzib sotishni boshlagan va bundan boyib, jazosiz qolgan rahbarlar koʻp boʻldi.

Bugun Prezident Mirziyoyev istayotgan narsa - rahbar "oʻzini oʻylaydigan", egallab turgan lavozimini suisteʼmol qilib, xalq farvonligiga toʻgʻanoq va Oʻzbekiston taraqqiyotini orqaga suradigan inson boʻlmasligi lozim.

Ammo, bankda boʻladimi, davlatning boshqa masʼul idora-tashkilotida boʻladimi, qoʻyib beradigan imzosini oʻz moddiy manfaatdorligining asosiy manbasi deb biladigan bugungi rahbar Oʻzbekiston Prezidentining chaqirigʻidan keyin xalq manfaatini birinchi oʻringa qoʻya oladimi?

Agar jazoga tortilishi muqarrar boʻlmasa, Prezident Mirziyoyev taʼbiridagi "noinsoflar" xalq manfaatini oʻylamaydilar.

Chunki xalq manfaatini oʻylasa, oʻzi xomchoʻt qilgan foydadan ayrilib qoladi.

Bu - Oʻzbekistondagi bugungi islohotlar yoʻlidagi asosiy toʻsiq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq