Oʻzbekistonda propiska tizimi soddalashtiriladi

Propiska tizimi Oʻzbekiston fuqarolarining erkin harakat qilish huquqlariga ziddir.
Image caption Propiska tizimi Oʻzbekiston fuqarolarining erkin harakat qilish huquqlariga ziddir.

"Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili" davlat dasturi loyihasiga binoan, Oʻzbekistonda pasport tizimini soddalashtirish rejalanmoqda.

Hukumat bildirishicha, xususan, propiska, pasport olish jarayoni, ishga joylashish va boshqa konstitutsion huquqlardan foydalanish yoʻlida koʻplab cheklovlar bekor qilinadi.

Hujjatga binoan, mavsumiy ishlarga jalb etiluvchi fuqarolarni vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish yoʻlidagi cheklovlar bekor qilinadi.

Shu paytgacha ulardan turar joy ijarasi yoki turar joydan bepul foydalanish haqidagi shartnoma talab qilinar edi. Oxirgi rejalarga binoan, bu kabi talabdan ham voz kechiladi.

1 aprelda tayyor boʻlishi kutilayotgan hujjatlar loyihasiga binoan, ish beruvchilar endilikda fuqarolardan vaqtinchalik yoki doimiy propiskani talab qilmaydilar.

Vaqtinchalik yoki doimiy propiskasiz yashayotgan fuqarolar yoki ularni turar joy bilan taʼminlagan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy jazo turlari yumshatilishi ham koʻzda tutilgan.

2018 yilda fuqarolik pasportini olish, taʼlim olish, mehnat qilish va boshqa konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bogʻliq cheklovlarni bartaraf qilish nazarda tutiladi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq