Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari 1 oy vizasiz yurishi mumkin

Rahmon Image copyright President.tj

Oʻzbekiston va Tojikiston hukumatlari viza hamda chegara boʻyicha kelishuvga erishgan. Bu haqda Tojikiston hukumatidagi manbaga tayanib "Asia Plus" nashri xabar bermoqda. Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Oripov Prezident tashrifi oldidan ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlash uchun Tojikistonda kelgan.

"Erishilgan kelishuvlarga asosan yaqin orada Tojikiston va Oʻzbekiston "Fuqarolarning oʻzaro safari toʻgʻrisida"gi yangi hujjatga imzo chekadi. Unga koʻra, ikki davlat fuqarolari Oʻzbekiston va Tojikistonda 1 oy muddat viza olmasdan yurishi mumkin", deya Tojikiston hukumatidagi manbadan iqtibos keltirgan "Asia Plus".

Undan tashqari tomonlar yaqin orada yoʻlovchi poyezd va avtobus qatnovlari hamda ikki davlat oʻrtasida yangi chegara nazorat oʻtish nuqtalari ochishga kelishib olgan.

Farhod GES hududi Tojikistonga oʻtadi

Ikki hukumat masʼullari Farhod GESi joylashgan hududni Tojikiston yeri deb tan olishga kelishgani yozilmoqda. Gidro elektr stantsiyasi esa Oʻzbekiston mulki deya tan olinadi.

Obʼektni qoʻriqlash ishlari Tojikiston tomoniga topshiriladi. Unga texnik xizmat Oʻzbekiston tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu kelishuvlarning hammasi Shavkat Mirziyoyevning bahorning boshida Dushanbega amalga oshiradigan rasmiy tashrifi davomida imzolanishi kutilmoqda.

Ikki davlat oʻrtasida munosabatlar soʻnggi 25 yil davomida oʻta abgor holatga kelib qolgani aytiladi.

Tojikiston bir necha marotaba Oʻzbekistonni temir va avtomobil yoʻllarini toʻsib qoʻyishda ayblagan.

Rasmiy Toshkent Tojikistondagi Rogʻun GES qurilishiga qarshi boʻlib kelgan.

2001 yili oldin Oʻzbekiston, keyin Tojikiston viza rejimini tadbiq qildi.

Hali muvaqqat prezident ekan, Oʻzbekistonning amaldagi yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash istagida ekanliklarini aytgan.

Mirziyoyev Karimov davrida paydo boʻlgan 20 yillik muzni eritish oson boʻlmasligini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshnilar bilan yaxshi boʻlmasdan turib boshqa davlatlar bilan yaqinlashishi mantiqsizligini taʼkidlagan.

"Dunyo hamjamiyati bizga nima deydi? Sen oldin qoʻshni bilan til topishgin, keyin sen bilan doʻst boʻlamiz, deydi. Sen qoʻshning bilan til topishmasang, qanday qilib biz bilan doʻst boʻlasan, deydi", deb gapirgan Shavkat Mirziyoyev.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq