Oʻzbek-tojik chegarasi minalardan tozalanadimi?

Bu togʻ ortida Oʻzbekiston, togʻda esa minalar bor
Image caption Bu togʻ ortida Oʻzbekiston, togʻda esa minalar bor

Oʻzbekiston va Tojikiston chegaralariga oʻrnatilgan minalar tozalanadi. Dushanbega rasmiy safar bilan borgan Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdullo Oripov Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashar ekan, iqtisodiy, madaniy hamkorlik, ikki mamlakat oʻrtasidagi viza tartibini soddalashtirish kabi masalalar qatori ayni minalar masalasi ham koʻtarilgan.

Oddiy tojikistonliklar, ayniqsa Oʻzbekiston bilan chegarada yashayotgan kishilar chegaralarni minadan tozalash haqidagi xabarni quvonch bilan kutib olganlar.

Oʻzbekiston oʻz hududini terrorchilar suqulib kirishidan himoya qilish va noqonuniy narkotik moddalar yoʻlini toʻsish uchun chegaralarni minalashtirganidan keyin 200 nafarga yaqin Tojikiston fuqarosi minadan jabrlandi. Tojikiston mina markazi bergan maʼlumotlarga qaraganda jabrlanganlardan deyarli yarmi halok boʻlgan. Oʻnlab kishilar oyok yo qoʻlidan ajralgan, bir umrga nogiron boʻlib qolishgan.

Dahshatli voqeani unutish qiyin

Isfara tumanining Oʻzbekiston bilan chegaradosh Lakkon qishlogʻida yashaydigan Savriniso Isoqovaning ikki oʻgʻli imorat uchun tosh terishga borib, minaga duch kelib yaralangan.

"Haligacha ikkovi oʻgʻlimning tanasida mina parchalari bor. Gʻolibjonim bir koʻzidan ayrildi. Yaqinda u oʻgʻlini uylantirdi. Bir tomondan uning tirik qolganiga shukr qilaman. Lekin baribir oradan oʻn besh yil oʻtgan boʻlsa-da, oʻsha dahshatli voqeani unuta olmayman", - deydi Savriniso Isoqova.

Savrinisoning hamqishlogʻi Ijozatxon Mamajonova mina portlashi tufayli navqiron oʻgʻlidan ajralgan. Uning oʻgʻli oʻrtoqlari bilan toqqa kaptar tutishga borib, minaga duch kelgan.

"Men Oʻzbekistonning Yaypanidan kelin boʻlib tushganman. Oʻgʻlimning maʼrakasiga qarindoshlarim kela olishmadi. Bir alamimga yuz alam qoʻshildi. Shunday qir oshsang, Shoʻrsuvga, Yaypanga borasan. Nahotki, allaqanday vizani berishmasa, qadrdonlarim mening ogʻir kunimga kela olishmasa? Men jigarlarimni sogʻinganimda, koʻzu qoshdek Oʻzbekistonga bora olmasam?", - deydi Ijozatxon.

Karimovni laʼnatlab oʻtgan ayol

Lakkonliklarning aytishlaricha, qishloqlariga qoʻshni Oʻzbekistondan kamida 70 nafar kelin tushgan. Bihojal opa ulardan biri edi. Uning oʻgʻli - qirq yoshli Hotamjon Yusupov oʻtin terish uchun toqqa borganda, minada portlab halok boʻladi.

(Video - " Karimov bolam, oʻlmaydigan odam yoʻq, chegaralarni oching" BBCUZBEK YouTube kanalida tomosha qiling)

"Ayam Rishtondan boʻladilar. Hotamjon halok boʻlishidan oldin yuz bergan mina portlashlarida halok boʻlgan yoki yaralangan odamlarning ayrim qarindoshlari ayamga "bolalarimiz sening hamshahring qoʻygan minada portlashdi", deb ochiqdan-ochiq taʼna qilishganda, ayam xoʻrsinib yigʻlardilar. Men taʼna qilgan odamlarning jahl ustida ogʻizlariga kelganini qaytarmaganliklarini, lekin keyinchalik pushaymon boʻlganliklarini bilaman. Ayam bu taʼnalarga chiday olmaganliklari uchun emas, gunohsiz odamlarning halok boʻlganliklariga achinib, Karimovni laʼnatlardilar.

Bu gaplarni aytar ekan Buhojal opaning oʻgʻli bir nuqtaga tikilgancha jim qoladi. Birpasdan soʻng oh tortib soʻzida davom etadi:.

"Ukam minada portlab jon bergandan keyin ayam oʻlganlaricha Karimovni qargʻab oʻtdilar".

Ogohlantirish belgilari qoʻyilsa ham

"Men oʻsha dahshatli voqeani eslashni xohlamayman", - deydi Isfaraning Qizilpilol qishlogʻida shaydigan Muhibaxon Hojiyeva.

Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasiga qoʻyilgan minalar haqida aynan Muhibaxon va dugonalari bilan toqqa oʻtin terishga borib, falokatga yoʻliqqanlaridan keyin maʼlum boʻla boshladi. Quloqni qomatga keltirgan portlash tufayli oʻzini yoʻqotgan Mujibaxon toʻqqiz yashar qizchasining qonga belanib yotganini koʻrib, uni bagʻriga bosgancha pastga yuguradi. U bemorxonada hushiga kelganidan keyingina katta qizi Gulpari, qoʻshni ayollar va yana bir qizaloqning halok boʻlganiini eshitadi.

Ikki ayol va ikki qizaloq halok boʻlgan, ikki kishi yaralangan - odam halokatiga olib kelgan dastlabki mina portlashi 2000 yil avgustida yuz bergan edi.

Isfaradan keyin Sugʻd viloyatining boshqa tumanlarida - Panjakent va Konibodomda, Asht va Shahristonda birin-ketin mina portlashlari yuz beraveradi, hech narsadan xabarsiz, tirikchilik bilan ovora odamlar minaga duch kelib halok boʻlaveradilar yo yaralanaveradilar.

Asht tumanida yashaydigan 7 kishi oʻzbek-tojik chegarasiga yaqin yerda qoʻy-mol boqib yurganida minaga duch keladi. Qattiq portlash natijasida 19 yoshli Mansur Boʻrialiyev va 22 yoshli Oʻrolboy Joʻlbekov halok boʻladi. Qolgan besh kishi yaralanib, bemorxonaga yotqiziladi.

Bu fojia odam halokatiga olib kelgan dastlabki mina portlashidan soʻng oradan deyarli besh yil oʻtib, yuz beradi. Bungacha chegaraoldi qishloqlarida odamlar orasida minadan ogohlantirish ishlari olib boriladi. Mina qoʻyilgani borasida ogohlantirish belgilari oʻrnatiladi. Bu ishga Birlashgan Millat tashkiloti bosh qoʻshadi. Lekin yillar davomida mina nimaligini bilmagan odamlar oʻz yerimizda yuribmiz-ku, deb chegaraga yaqin borib qolganini bilishmaydi va mina portlashlari yuz beraveradi.

Oʻzbek tarafi minalashtirish faqat oʻz hududida amalga oshirilganini aytib keladi. Tojik tomoni esa, ikki mamlakatning tutash yerlari kimga tegishli ekanligi aniqlanib, belgilanmagan ekan, oʻrtadagi chegarani minalashtirish toʻgʻri emasligini taʼkidlab keladi.

Nihoyat, Oʻzbekiston hukumati oʻzbek-tojik va oʻzbek-qirgiz chegaralarini minadan tozalashga kirishilishi haqida bildirdi. Lekin buning uchun katta mablagʻ zarurligi aytilib, xorijiy mamlakatlardan iqtisodiy koʻmak soʻralgan. Koʻmak beradiganlar topilguncha oradan yana oʻn yil oʻtib ketdi.

"Demak, mablagʻ topilibdi. Biz bu xabardan nihoyatda xursand boʻldik. Garchi ukamni boy bergan boʻlsak ham, ayam farzand dogʻida dunyodan oʻtgan boʻlsalar-da, qoʻshnilar bilan oldingidek bemalol bordi-keldi qilishimiz mumkinligidan, hech kim choʻchimasdan togʻ tomon bora olishidan xursandmiz. Rahmatli ukam - Hotamjon ikki qizini Oʻzbekistonga uzatgan. Endi jiyanlarim, ayamlarning qarindoshlari bilan bordi-keldi qila olishimizga umid qilib oʻtiribmiz. Hademay chegaralar ochiladi, deyishyapti-ku", - deydi Hotamjon Yusupovning akasi.

Dildagi dogʻ bitarmikan?

"Qishloqda hozirgi asosiy mavzu togʻlarni minadan tozalash va viza yoʻq qilinishi boʻp qolgan. Mayli, bizga bir qadam Shoʻrsuv chegara-nazorat oʻtish joyi ochilmasa ham, Patar-Andarxon ochilsa, yoʻlimiz Yaypan tomonga oʻtishch uchun kamida 300 chaqirimga yaqin boʻlardi", - deydi Savriniso Isoqova.

Bungacha esa, isfaraliklar Oybek nazorat-oʻtkazish punktidan oʻtib, Qamchiq dovoni oshib, Fargʻonaga borib-kelishga majburdirlar.

"Qishloqdan hozir hech kim togʻ tomonga bormaydi. Hamma qoʻrqib qolgan. Minalar tozalanadi, deyishyapti. Lekin bolalarimning jarohati, farzandlari minada portlab halok boʻlgan onalar dilidagi dogʻ bitarmikan", - deydi keyin oʻylanganicha Savriniso.

Minadan jabrlanganlarga yordam berish ijtimoiy tashkiloti xodimi Muhammad Bobojonovning aytishicha esa, chegaralarni minalardan tozalash bilan birga minalashtirgan tomon jabrlanganlarga tovon puli toʻlashni oʻylab koʻrishi zarur.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002

Bu mavzuda batafsilroq