"Prezident qabulxonasidagilar tilanchilik qil, deyishdi"

Joʻrabek 32 yoshda, 1 farzandi bor. Image copyright courtesy
Image caption Joʻrabek 32 yoshda, 1 farzandi bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalq qabulxonasi mulozimi davolanish uchun yordam soʻrab borgan qashqadaryolik Joʻrabek Yoʻldoshevga "tilanchilik qilish"ni maslahat bergan.

Joʻrabek 32 yoshda, 1 farzandi bor.

Videoni BBC O'zbek YouTube kanalida tomosha qiling.

Uysiz. Hokimiyat bergan 1 xonali yotoqxonada yashaydi.

2016 yilda shifokorlar unga jigar tsirrozi deb tashxis qoʻyishgan.

Davolanishga puli yoʻq.

Oʻzining aytishicha, samarqandlik professor shifokor (Joʻrabek uning ismi sharifini bilmaydi-tahr) bemorlardan qolgan 4-5 million soʻmlik dorini unga berishga rozi.

Ammo shunda ham yotib davolanishi uchun 1 million 700 ming ($210) soʻm pul kerak.

Bu pulni soʻrab, mahalla, hokimiyat va Sogʻliqni saqlash vazirligiga murojaat qilgan bemorning aytishicha, hech qanday natija boʻlmagan.

17 yanvar kuni Prezident devoni qoshidagi Shavkat Mirziyoyevning Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan.

Ammo...

Qabulxona mulozimi unga tilanchilik qilishni tavsiya qilgan.

Shundan soʻng Joʻrabek oʻzini yomon his qilganini aytadi.

Joʻrabek Yoʻldoshevning muammosini oʻrgangan jurnalist va inson haqlari faoli Malohat Eshonqulovaning aytishicha, Joʻrabek yuk mashinasida poytaxtga kelgan.

"10 kun 16-sonli respublika tez tibbiy yerdam shifoxonasining kutishlar zalida yotgan va har kuni u yerdan to prezident qabulxonasigacha sovuqda piyoda qatnagan. Xalq qabulxonasi vakili "gadoylik qil" degach, xafa boʻlib chiqib, mazasi qochib qolgan. Odamlar meni oʻsha yerga chaqirishdi. Uning usti yupqa, oyogʻidagi tufli yirtilib ketgan, uch kun ovqat yemagan ekan. Ochligidan bexush boʻlgan. Uyga olib keldim. Keyin ketdi. Uyiga qaytishga puli ham yoʻq edi", - deydi Malohat Eshonqulova.

Uning BBCga aytishicha, Joʻrabek Toshkentdan qaytib borgach, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi shifoxonada davolangan. Ammo yana ukol-doriga puli yoʻqligi uchun "koykani boʻshatib qoʻy" deyishgan.

Joʻrabek hozir uyida va hanuz yordamga muhtoj.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq