Fargʻonada ota-onasi xorijda ishlayotgan qizcha oʻldirib ketildi

Oʻzbekistonda mehnat muhojirlarining qarovsiz qolgan bolalari boʻyicha statistik maʼlumotlar yoʻq. Image copyright RAUL ARBOLEDA/Getty Images
Image caption Oʻzbekistonda mehnat muhojirlarining qarovsiz qolgan bolalari boʻyicha statistik maʼlumotlar yoʻq.

Oʻzbekiston matbuoti xabariga koʻra, Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidagi 6-sonli bogʻcha tarbiyalanuvchisi oʻlik holda topilgan.

Besh yoshli Kibriyoxon ota-onasi Turkiyada ishlagani tufayli buvisi va bobosi bilan yashab kelgan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, 5 fevralda bogʻchaning hamshirasi Kibriyoxonni oʻzining ikki farzandi bilan oʻz uyiga olib ketgan.

Hamshira qizaloqning buvisiga uni kelib olib ketishni soʻrab sim qoqqan va bolalarni uy yaqinida oʻynashga tashlab oʻz yumushi bilan ketgan.

Boshlangʻich taʼlim vazirligida hamshira soʻzlariga tayanib bildirishlaricha, 30−35 yoshlardagi erkak kishi uchovlonni shirinlik olib berish vaʼdasi bilan velosipediga oʻtqazib olib ketgan.

Koʻcha oxirida esa u ikki bolani qoldirib, qizcha bilan gʻoyib boʻlgan.

Koʻp oʻtmay Kibriyoxon yoʻqolgani uning oilasi tomonidan huquq-tartibot idoralariga xabar qilingan.

6 fevral tunda qizaloqning jasadi Oqboʻyra qishlogʻidan topildi. Uning tanasida jarohat alomatlari mavjud.

BBC bilan suhbatda boʻlgan oʻzbekistonlik oʻqituvchining aytishicha, ota-onasi Rossiya yo Turkiyada ishlayotgani tufayli qarovsiz qolgan yoki yaqin qarindoshlari qoʻlida katta boʻlayotgan bolalar koʻp.

"Har bir sinfda bor bunday bolalar. Men 1-sinfdan 4-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilarga dars beraman, buvisi yo bobosi qoʻlida qolgan oʻquvchilarim koʻp. Oʻtgan yili Gurlanda qari buvisi qaramogʻida qoldirilgan 12 yashar qizni oʻz 17 yashar akasi jinsiy zoʻrlab, homilador qildi. Qizcha tugʻdi, lekin katta shov-shuv boʻlib, maktab direktori va oʻqituvchi ishdan boʻshatildi", - deydi oʻqituvchi.

Uning aytishicha, ota-ona tarbiyasi va mehridan mosuvo oʻsayotgan bolalar boshqalardan ajralib turadi. "Otasi, onasini sogʻingani, ust-boshiga, yeb ichishiga birov yaxshi qaramayotgani bilinib turadi", - deydi u.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq