Afg’on ayoli bo’lish va sevish qanday bo’ladi?

Qo'lida gul tutgan afg'on ayoli Image copyright AREF KARIMI

Men Kobul markazida old tomoni so'nggi bir necha yil ichida bizga tanish bo'lib qolgan uslubda bezatilgan ko'plab do'konlarga duch keldim: oq va qizil atirgul dastalari, yurak shaklida shishirilgan pufaklar va chiroyli qog'ozlarga o'ralib, ustma-ust taxlab qo'yilgan bo'sh sovg'a qutichalari. Ha, Valentin kuni eshik qoqmoqda, sevgi ifori esa havoni tutgan edi. Bir necha lahzaga bu manzara men uchun notabiiy va g'alati bo'lib tuyildi. O'tgan oyda Kobul bir necha bor terror xurujiga uchragan; yuzlab odamlar halok bo'lib, yana ko'plabi jarohat olgan edi. Mazkur qadimiy shahar ahli, doimgidek, qo'rquv va umidsizlik og'ushida umrguzaronlik qilishga harakat qilmoqda. Oxirgi bir necha yil ichida Valentin kuni poytaxtning ziyoli yosh qatlami ichida ommalashib bormoqda - bu kunda yoshlar nishonlash va sevish uchun sababga ega bo'ladilar.

Image copyright SHAH MARAI

Men Afg'onistonda sevish va sevilish qanday bo'lishi haqida o'ylashdan o'zimni to'xtata olmasdim. Biz insoniyat tabiatidagi eng kuchli bo'lmish bu tuyg'uga butkul begona bo'lmasakda, bizning erkaklarimiz sevgi izhor qilishda no'noq, ayollarimiz esa bunday huquqqa ega emas. Afg'on ayoli sifatida o'z muhabbatingizni izhor qilishingiz uchun hech qanday ruxsat berilmaydi. Bu holat men va mendan oldingi avlod ayollari uchun shunchaki hayotiy haqiqat bo'lib kelgan.

Men afg'on ayollaridan ular biror marta bo'lsada sevib qolganliklari haqida so'rashga qaror qildim.

35 yoshlardagi shaxsini ochiqlashni istamagan bir ayol bundan sakkiz yilcha avval sevib qolganligi, bundan xabar topgan onasi esa uning akasiga "bu behayoni tezda gumdon qil!" deb buyruq bergani haqida so'zlab berdi. "Yaqinlarim menga bir necha bor tahdid qildilar. Har safar ular meni o'ldirish uchun kelganlarida qo'limda muqaddas Qur'onni changallagancha, xona bo'ylab qochib yurar edim. Ko'zda yoshim bilan ulardan meni afv etishlarini, Qur'on haqqi-hurmati yashash uchun imkon berishlarini so'rab, yolvorardim. Mo'jiza tufayligini omon qoldim, lekin odamlar bu gap-so'zlardan xabar topganidan keyin hech kim qo'limni so'rab kelmadi. Odamlar meni kelin qilishga arzimaydi, deb hisoblardilar."

Image copyright SHAH MARAI

Bir talaba qiz guruhidagi boshqa qizlar uning erkak kishiga ko'ngil berganini bilgandan so'ng u bilan gaplashmay qo'ygani haqida aytadi. Boshqalar, hatto, sevgan insoni bilan turmush qurgandan so'ng ham boshni egib yurishga majbur bo'lganliklari haqida hikoya qiladilar. "Qayinsinglim uning akasini sevib turmushga chiqqanim uchun meni hayosizlikda ayblaydi," deydi bir qiz.

Bu masalada erkaklarning yo'rig'i boshqa. Afg'on erkaklari sevgan qizlari va jazmanlari borligi bilan maqtanishni xush ko'radi. Ishqiy sarguzashtlar tufayli muammolar chiqqudek bo'lsa, oilalar va onalar erkaklarning himoyasiga oshiqadilar. Ayni mojaroda ishtirok etgan ayollar esa sharmandalik, yakkalanib qolish va, hattoki, o'lim bilan yuzlashadilar.

Image copyright WAKIL KOHSAR

Lekin muhabbat har qanday qiyinchilikka arziydi, deb o'ylaydigan ayollar ham yo'q emas.

"Do'stlarim bir erkak bilan ishqiy munosabatda ekanimdan norozi, lekin men uchun ularning fikri ahamiyatsiz. Onam xabar topsa, meni o'ldirishini bilaman. U meni oilamiz sha'niga isnod keltirishda ayblashi aniq. Lekin bularning hammasi sevgi oldida hech narsa emas. Hech qachon sevib qolishni rejalashtirolmaysiz. Bu tuyg'u tuyqusdan keladi," deydi boshqa bir ayol.

O'sha kuni ko'ngil dardlarini misralarga joylagan shoiralarimiz va ularning she'riyatimiz hamda adabiyotimizda tutgan o'rni haqida o'yga cho'mdim. Ular afg'on ayollarining boshqa avlodi edimi yoki? Fikrimcha, o'sha shoiralarning jasorati va merosi har qanday qarshilikka qaramay sevish uchun o'zida jur'at topa olayotgan bugungi kun afg'on ayollarining qalblarida yashashda davom etmoqda.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq