Oʻzbekiston hukumatida yangi tayinlovlar

Сурат манбаси, Gazeta.uz
AQShda tahsil olgan Sherzod Shermatov Mirziyoyevning Virtual Qabulxonasi ortida turgan shaxs hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni hukumatda qator oʻzgarishlarni amalga oshirgan.
Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajarib kelgan Sherzod Shermatov Innovatsion rivojlantirish vazirining oʻrinbosari etib tayinlangan.
Uning oʻrnini Axmedxadjayev Azim egallagan.
Prezident oʻz farmoni bilan jaʼmi 8 ta vazirlik rahbariyatida oʻzgarish qilgan.
Ayrim tahlilchilarga koʻra, yuqoridagi Axborot texnologiyalari va innovatsiya vazirliklaridagi kadrlar oʻzgarishini "muvaffaqiyatli rokirovka" deb boʻlmaydi.
Sherzod Shermatov oʻrniga tayinlangan Axmedxadjayev bundan oldingi lavozimida sezilarli oʻzgarish qilmagani aytiladi.
AQShda tahsil olgan Sherzod Shermatov esa Mirziyoyevning Virtual Qabulxonasi ortida turgan shaxs hisoblanadi.
Shermatov Oʻzbekiston hukumatining eng yosh va ilgʻor fikrli aʼzolaridan deb bilinadi.
Yosh vazirlar
Prezident Mirziyoyev oʻz chiqishlarida kadrlar muammosiga duch kelayotganini bot-bot takrorlaydi.
U masʼul lavozimlarga yosh kadrlarni qoʻyish istagi borligini bir necha lavozmlarga tayinlashlar qilish orqali koʻrsatmoqda.
Oʻtgan yil avgustida Shavkat Mirziyoyev 37 yashar Ruslanbek Davletovni Adliya vaziri etib tayinlagan.
22 yoshli jizzaxlik tadbirkor Alisher Saʼdullayev 30 iyun kuni yoshlarning Mirziyoyev bilan uchrashuvida Prezident nazariga tushgan.
Ertasi kuni u Xalq taʼlimi vazirining eng yosh oʻrinbosari sifatida tarixga kirdi.
Koʻp oʻtmay 25 yoshli Olimjon Toʻychiyev Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining oʻrinbosari etib tayinlandi.
Kadrlar borasidagi oxirgi oʻzgarishlar MXXdagi islohotlar ortidan roʻy bermoqda.
Milliy xavfsizlik xizmati oʻtmishda kadrlar siyosatida faol rol oʻynab kelgan.
Oʻtgan hafta Buxorodagi chiqishida Mirziyoyev MXX tor-mor qilingani, ammo tashkilot hali ham mavjudligini aytib, rasmiylarni "koʻzlarini katta ochish"ga chaqirgan.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Telegram orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858860002