Umida Uzoqova ishidagi tergovchi chetlatildi

qiynoqlar Image copyright Surat ikramov
Image caption Umida Uzoqova qiynoq va tahqirlashlarga duch kelganini aytgan

Dastlabki tergov davomida qiynoq va tahqirlashlarga uchraganini daʼvo qilgan Umida Uzoqova ishini olib borgan tergovchi Solih Rahmonov undan chetlatildi. Yangi tayinlangan tergovchi Sarvar Yusupov ishning tez orada sudga oshirilishini aytgan.

Solih Rahmonovning nima sababdan ishdan chetlatilgani borasida maʼlumot yoʻq.

BBCUZBEK.COM bu borada Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan bogʻlandi, ammo maʼlumot ololmadi.

OʻzA tomonidan masjidda varaqa tarqatganlikda ayblangan Umida Uzoqovaga nisbatan Toshkent militsiyasi tomonidan taxqirlash va qiynoq hollari boʻlganligi aytilgandi. Uning kiyimlarini yechishgan va suratga olib internetga qoʻyib yuborish hamda dubinka bilan zoʻrlashlarini aytib qoʻrqitishgan.

Bu haqda toshkentlik inson huquqlari faoli Surat Ikromov xabar bergandi.

Oʻzbekiston mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi chiqargan xabarda aytilishicha, Toshkent shahar IIBB xodimlari Umida Uzoqovaga nisbatan "Hizbut tahrir" tashkilotiga aʼzo boʻlish va tashkilotning varaqalarini tarqatish aybini qoʻyishga uringandi.

Ushbu ayblovlarni rad etgan Umida Uzoqovani yechintirishgan va rezina tayoq bilan zoʻrlaymiz deb tahdid qilishgan.

Image copyright Guvd.uz
Image caption Solih Rahmonov Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaning ishini ham olib borgan

Oilaviy sharoiti tufayli uy qamogʻiga oʻtkazilgan Umida Uzoqova sogʻligi yomonligi aytilmoqda.

Solih Rahmonov Umidadan tashqari uning onasi Nasiba Uzoqova, ukasi Muhammadamin Abdurahmonov, Muhammad Rashidov hamda Goʻzal Toʻxtaxoʻjayeva ishlarini ham olib borgan

Ular Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) alomatlari bilan jinoyat ishida ayblanmoqda.

2009 yildan beri qidiruvda boʻlgan va shu yilning 15 yanvar kuni ushlangan Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevaga Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi "b" bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlagan holda Oʻzbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish aybi ham qoʻyilgan.

Goʻzal Toʻxtaxoʻjayevadan boshqa barcha ushlanganlar oʻzlariga nisbatan dastlabki tergov davomida qiynoq qoʻllanilganini aytgan.

Qoʻyilayotgan ayblarga qiynoq va qoʻrqitishlar ostida qoʻl qoʻyib berishganini aytishgan.

Surat Ikromov noqonuniy ushlanganlarga nisbatan qiynoq qoʻllagan masʼullarni jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirgan.

"Chora koʻrilmagan yoki qogʻozbozlik boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyevning farmoni inkor qilingan va sabotaj qilingan deb hisoblaymiz", deyiladi murojaatda.

Nasiba Uzoqovaning uy olish uchun yigʻib qoʻygan 19800 dollari 2017 yilning 6 dekabr kuni oʻzlarini Solih Rahmonovning yordamchilarimiz, deb order koʻrsatgan ikki nomaʼlum shaxs tomonidan olib ketilganidan beri yoʻq.

Ichki ishlar vazirligi ushbu holat yuzasidan surishtiruv-tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq